O`zbekistonda YaIM o`sishi 7,8 foizni tashkil qildi

10:08, 14 oktabr

Joriy yil 9 oyi yakunlari bo`yicha mamlakat yalpi ichki mahsuloti o`sishi 7,8 foizni, sanoat o`sishi 7,2 foizni, qurilish ishlari hajmi o`sishi 15 foizni, chakana savdo aylanmasi o`sishi 14,2 foizni, xizmatlar ko`rsatish hajmi o`sishi 12,4 foizni tashkil etdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profisit bilan ijro etildi. Inflyasiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi. 

Bu haqda 13 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini, 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo`nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijadorligini muhokama qilishga bag`ishlangan majlisida qayd etildi. Majlisni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev olib bordi. 

Qishloq xo`jaligi sohasini rivojlantirish, modernizasiyalash va diversifikasiyalash bo`yicha dasturiy chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Zamin zahmatkashlarining fidokorona mehnati va mirishkorligi tufayli, murakkab ob-havo sharoitlariga qaramay, qishloq xo`jaligi mahsulotlarining boy hosili etishtirildi va yig`ishtirib olindi. Natijada qishloq xo`jaligi mahsulotlari hajmi 6,4 foizga o`sishi ta`minlandi. 

Aholining daromadlari, turmush darajasi va sifatini uzluksiz oshirish yo`nalishi davom ettirildi. O`tgan 9 oyda o`rtacha oylik ish haqi 12,6 foizga oshgan, joriy yil 1 oktyabrdan esa byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar yana 15 foizga oshirildi. Yangi qishloq massivlarida zamonaviy namunaviy loyihalar bo`yicha 12 mingtadan ortiq shinam va qulay shaxsiy uy-joy foydalanishga topshirildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!