«Erimning jazmani janjal qilyapti»

10:27, 14 oktabr

— Turmushga chiqqanimga to`rt yil bo`ldi. Ammo shu kungacha tirnoqqa zorman. Shu bois qaynonam bilan ham oramiz yaxshi emas. U kishi oxirgi paytlari arzimagan bahonalar bilan  janjal chiqara boshladi. Ustiga-ustak erim ham ishxonasidagi bir qiz bilan gaplashib yurishini bilib qoldim. Yaqinda o`sha qiz xonadonimizga kelib, erimni mendan tortib olishini aytib, do`q qildi. Baland ovozda gaplashayotganimizni eshitib, qaynonam chiqib qeldi. O`sha erning o`zida katta janjal ko`tarilib, oxir-oqibat ayb o`zimda ekanligi ma`lum bo`ldi. To`g`risi, qaynonamga o`g`li shu ayol bilan yurishini aytishga jur`at qilolmadim. U kishi bo`lsa, otamni chaqirtirib ko`chadagi ayollar bilan janjallashib yurganimni aytibdi. Erim ayb o`zida ekanligini bilgani uchun bir og`iz ham gapirmaydi. Endi nima qilishni bilmay qoldim. Turmush o`rtog`imni yana oilaga qaytarish uchun nima qilsam bo`ladi? Maslahat bering.

Manzura, 23 yosh, Andijon viloyati

Qaynonajon: — Afsus, juda ko`ngilsiz holat yuz beribdi. Jur`atsizlik qilib, xato qilgansiz, asal qizim. Natijada tuhmatga uchrab o`tiribsiz. Bu ayolning uyingizga kirib kelishining o`zidayoq qaynonangizga bildirib, masalani oydinlashtirish kerak edi. Bunchalik sodda bo`lmang-da, o`rgilay sizdan. Inson o`z baxti, oilasi uchun kurashishi kerak, axir. Avvalo, bu ayol xonadoningizga kelib, oilangizni buzishga, sizga bo`lmag`ur gaplar bilan tuhmat qilishga sira haqqi yo`q. Qaynonangiz, eringizga bor haqiqatni tushuntiring. Baxtingiz uchun kurashing. Turmush o`rtog`ingiz haqida ham bo`lmag`ur gaplar aytayotgan bo`lishi mumkin. Bundaylarni gap-so`ziga ishonib, jufti halolingizdan voz kechmang, oilangizni mahkam ushlang. Oriyatli erkaklar xotinlarning mayda-chuyda gapini deb, e`tiborsizlik qilishi mumkin. Biroq, begona ayolning uyga kelib, bunday holatni sodir qilishi hech bir tartib-qoidaga, insoniylikka to`g`ri kelmaydi.

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Singlim, eringizni yo`qotib qo`yishdan qattiq qo`rqyapsiz. Ba`zi hollarda aynan mana shu qo`rquv va stress ayolning homilador bo`lishiga to`sqinlik qiladi. Shuning uchun birinchi navbatda qo`rquvdan xalos bo`ling. Yana so`zlaringizdan turmush o`rtog`ingiz boshqa qiz bilan gaplashib yurgani uchun o`zingizni aybdor his etayotganligingizni tushunish mushkul emas. Demak, aybdorlik hisidan ham qutulishingiz lozim. Ana undan keyin biroz uddaburonroq bo`lishni o`rganing. Begona ayol eshigingizga kelib, eringizni tortib olishini aytsa-yu, siz bir og`iz javob qaytarmasangiz, albatta, bu to`g`ri emas. Turmushingnizni asrab qolish uchun kurashing.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!