«Ellik yoshimda onalik baxtini his etdim»

11:47, 14 oktabr

Manzura opa tahririyatimizga qo`ng`iroq qilib, hayoti haqida gapirib berganida, hayot mo``jizalarga boy ekanligiga yana bir bor amin bo`ldik. Hikoyamiz qahramoni taqdirning sinovlarini engib, uning tuhfasidan bahramand bo`lib yashayotgan inson…

 

O`sha kuni ertalabdan ko`nglim g`ash bo`ldi. Kechasi yaxshi uxlay olmaganimga yo`ydim buni. Uch kundan beri horg`inligim tarqamayotgandi. Qaynsinglim o`g`liga sunnat to`y qildi. Qozon-o`choq boshida ovora bo`lib, charchabman. Kechga tomon esa uyga qaynotamning onasi va katta amakimiz ayoli bilan keldi. Sunnat to`ydan keyingi mashvarat shekilli deb o`yladim. Ammo qaynonam mehmonlar kelishi haqida nega indamadi ekan-a? Hayron qoldim. Osh damladik. Hamma dasturxon atrofida jamuljam bo`ldi. Erimning kayfiyati qandaydir boshqacha edi. Qaynotam iymanib o`tiribdi. Xuddi hozir nimadir bo`ladigandek. Qaynonam doimgidan-da chaqqonroq. Ovqatga fotiha o`qilgach, idish-tovoqlarni ko`tarib oshxonaga chiqqandim, izimdan qaynonam keldi. «Manzuraxon, qaravorasizmi? Sizni katta oyingiz so`rayapti», dedi. Kirsam, hamma er chizib o`tiribdi. Xonaga ancha payt sukunat cho`mdi. Bir payt katta oyim past ovozda so`z boshladi:

— Manzura qizim, avvalo, sizdan uzrimni so`ramoqchiman. Oilaning kattasi bo`lganim sabab bu mushkul ish menga yuklatildi. Sizning odobingiz, xizmatlaringiz havas qilarli. Nevaramga juda mossiz. Lekin… lekin peshana deganlari qiziq-da… Taqdir ekan, bolam. Xudoning sizga ham atagani bordir. G`ulomning esa yoshi mana qirqqa qarab ketayapti. Meni ham, qaynota-qaynonangizni ham bog`lab bermagan. Bolamizning bolasini ko`rish hammamizning niyatimiz...

U kishining sokin ovozi yuragimni teshib o`tar, ko`zim yoshlarini tiyolmasdi. Hamma jim edi, faqat kimdir menga qo`shilib yig`layapti. Ko`z qirim bilan qaradim. Qaynonam ko`rpachani ushlab, o`ynab o`tiribdi. Erim yonginamda-yu, ko`zi deraza tomondan. Amakim va kelinoyim ham boshlarini quyi solib olgan. Qaynotamning ham boshi xam.

— Yulduzingiz yulduzingizga to`g`ri kelmagan ekan. Sizga ruxsat bermoqchimiz. Onangizni aytgandik, «Nima qarorga kelsangizlar ham men roziman», dedi, — katta oyimiz yana nimalardir deb gapirdi. Biroq men ortiq chiday olmadim. Odobsizlik bo`lsa-da, o`rnimdan turib, xonani tark etdim.

Hayotim ustidan allaqachon hukm o`qilgandi. Sakkiz yillik turmushim yakun topgan. Sakkiz yil… Bu xonadonda nimalarni ko`rmadim. Kelinchaklik liboslarini kiyib, hammaning havasini keltirib salomlar qildim. Mehr, sevgi degan tuyg`ularni shu uyda his qildim. Avvaliga, qaynonamning, keyin qaynsinglimning tug`mas degan dashnomlarini eshitdim. Xullas, ba`zan achchiq, ba`zan shirin hayot kechirdim. Endi shu kemtik yuragimga malham bo`lgan rishta ham uzilayapti. Erim bir og`iz indamadi. Demak, u ham rozi. Shu xayollar bilan xonamga kirdim-da, narsalarimni shosha-pisha yig`ishtira boshladim. Soatga qarasam, kechki o`n. Bu payt uyga qanday boraman degan savol xayolimga ham kelmabdi. Bir payt turmush o`rtog`im kirib keldi.

— Nima qilayapsan, Manzur, — dedi o`zini hech narsa bo`lmagandek tutib.

— Narsalarimni yig`ishtirayapman. Hozir akamni chaqiraman. Olib ketar, — javob berdim.

— Qaerga ketasan?

Erimning bu savoli hammasidan oshib tushdi.

— G`ulom aka, bo`lar ish bo`ldi. Katta oyim to`g`ri gapirdi: yulduzimiz yulduzimizga mos tushmadi. Aslida bu ishni ancha yillar oldin qilishim kerak edi. Shuncha yil xudbinlik qilib yashadim. «Ajrashib ketsam, qaerga boraman?» deb sizning ham umringizni o`tkazvorayapman.

— Manzura, hali men ajrashamiz demadim-ku!

Erim o`rnidan turib qo`llarimdan tutdi. Ko`zlari yig`laganidan qizarib ketgan. Boya yig`layotgan shu kishi ekan-da. Yillar davomida menga mehr bilan boqqan bu ko`zlarning taqdir oldida ojizligini ko`rib, xo`rligim keldi. Lekin o`zimni tutdim. Hozir faryod cheksam, vaziyat yanayam og`irlashadi. Qo`llarimni tortib oldim-da, telefon tomon yurdim. Akamning uyiga qo`ng`iroq qilib, meni olib ketishlarini iltimos qildim. Tezroq, tezroq bu uyni tark etishim kerak. To`g`ri, ajrim haqida bundan oldin ham bir necha marta gap bo`lgan. Ba`zida qaynonamning tobi qochganida befarzandsizligimni aytib yig`lardi. Qarindoshlarimizdan kimdir bolali bo`lsa, yana shu mavzu ko`tarilar edi. Goho o`zim hammasidan to`yib ketib, erimga ajrashamiz deb shart qo`yib qolardim. Ammo bugungi hukm oxirgisi edi. Akamning ham hamma gapdan xabari bor ekan. Darrov etib keldi. Bechora onam qizginasining dardini ko`tarolmasligini bilib uyimizdagi mashvaratda qatnashmagan ekan-da. Oh onam, ne umidlar bilan meni uzatgandi. Endi esa sho`rpeshona qiziga taskin ham berolmayapti.

Onamning uyiga keldimu hech kim bilan gaplashmasdan uyqu dori ichib yotdim. Uyg`onsam, peshin ekan. Xuddi hech nima bo`lmagandek yashay boshladim. To`g`rirog`i, yaqinlarimning ko`zi uchun o`zimni xotirjam tutishga harakat qildim. Erimga men o`ylaganchalik oson bo`lmadi. Uyga qaytarish istagida olti oy harakat qildi. Sudga ariza berganimdan keyin biroz tinchlandi.

O`shanda yoshim o`ttiz ikkida edi. Ikki yilcha o`tib erim uylandi. Birin-ketin farzandli bo`ldi. Men esa go`yoki achchiq qismatga mahkum etilgan ojizadek yashardim.

* * *

O`sha kuni ertalabdan boshqacha bo`lib uyg`ondim. Aslida tuni bilan turli o`ylar iskanjasida uxlay olmagandim. Ikkilanishlar chekingandek edi-yu, baribir ko`nglimda hadik bor? «Qanaqa bo`larkan-a?» «Meni yaxshi qabul qilisharmikan?» «Til topishib keta olarmikanman?» Ammo endi ortga yo`l yo`q. Taqdir mening ustimdan qayta hukm o`qigandi.

Dilrabo opa ilk bor shifoxonamizga kelganida bu ayolga nisbatan qalbimda iliqlik uyg`ongan. Navbatchilikka qolgan kunlarim u bilan dardlashib chiqardim. Shifoxonamizda bir oydan ko`proq davolangan ayol o`z opamdek bo`lib qoldi. Doim «Manzura, siz turmushga chiqishingiz kerak» derdi. Dilrabo opaning oilasiga juda havas qilardim. Besh nafar farzandi bor. Eri har kun shifoxonada. Ayoli tushkunlikka tushib qolsa, darrov gul ko`tarib keladi. Aytishicha, o`n yil sevishib turmush qurishgan ekan. Dilrabo opaga to`rt yil avval bachadon saratoni tashxisi qo`yilgan bo`lib, muntazam ravishda davo muolajalarini olib turardi. O`zi ham, yaqinlari ham umrining poyoniga etayotganini bilar, hatto eri ham rafiqasining yonidan chiqqach, pana-panada yig`lardi. Bir kuni Dilrabo opa yoniga chaqirdi. So`zlash ohangidan juda muhim gapi borligi sezilib turardi.

— Manzura, singlim, sizga bir vasiyatim bor. Faqat meni to`g`ri tushunishingizni iltimos qilardim. Bilasizmi, bu xastalik allaqachon meni mag`lub qilardi. Oilam, bolalarim uchun o`zimda shu kungacha kuch topib keldim. Qariyb to`rt yildan buyon kurashaman bu dard bilan. Qorako`zlarimni bo`zlatib tashlab ketishimni o`ylasam, dahshatga tushaman. To`g`ri, turmush o`rtog`im ularga mendan ko`ra yaqinroq, mehribonroq. Baribir onaning o`rni bo`lak. Sizni menga Xudoning o`zi uchratdi. Bolalarimga onalik qiling, iltimos, — dedi yig`lab.

Nima deb javob berishni bilmasdim. Hali yaxshi bo`lib ketishlarini aytib yupatishga harakat qildim-u, qo`limdan kelmadi. Chunki u taskinlarga muhtoj emasdi. Kuchi, irodasi oldida mening yupanchlarim ojizlik qilardi.

Oradan bir oy o`tar-o`tmas, Dilrabo opa vafot etdi. Murod aka ancha cho`kib qoldi. Opaning vasiyati bilan bolalaridan xabar olib turdim. Ikki yildan keyin Murod akaning onasi uyimizga sovchilikka keldi. Onam avvaliga ikkilandi. «Bir emas, besh bolaga onalik qila olarmikansan? Bola tarbiyasi o`yinchoq emas. Ustiga-ustak kattasi o`n besh, kichigi olti yosh ekan», deb o`ylandi. Men bir qarorga kelib bo`lgandim.

Taqdir deganlari juda qiziq. Hayot menga farzand ato etmadi. Shu sabab oilamdan ajrashdim. Dilrabo opaning esa farzandlari ona mehri, parvarishiga muhtoj. Xudo bizni bekorga uchratmagan. Mana endi, irodam sinovdan o`tadigan payt keldi. Ikkilanishlar, hadiklar, gap-so`zlarni unutib, besh norasidani bag`rimga olishim kerak. Zero, Yaratgan meni ular uchun asragan. Bir paytlari sobiq erimning buvisi aytganidek, Xudoning menga ham atagani bor ekan…

* * *

Kechasi bilan yig`lab, Xudodan farzand so`rardim. Hozir esa bir etak bolam bor. Yaqinda katta o`g`limizni uylantirdik. Nevarali bo`ldik. Elligimda ilk bor go`dak isini tuydim. Buning naqadar baxt ekanligini bolamning bolasini bag`rimga bosib his etdim. Va Xudoga shukr deyman, bu baxtdan meni benasib qilmaganiga…

Shoira ShAGIAHMEDOVA qog`ozga tushirdi

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!