“Ajrim masalasi hal etilayotganda bolalar kimda qoldiriladi?”

14:05, 14 oktabr

Murojaatlaringizga advokat Nafisa  IBRAGIMOVA hamda Mirobod tumani hokimiyati Moliya bo`limi mahalla inspektori Nodir ZOIDOV javob berishadi.

Eslatib o`tamiz, mutaxassislar izohi tavsiyaviy xarakterga ega.

 

«AMAKIMGA INSOF BERSIN!»

Otam vafot etgan. Bobomning nomida bo`lgan uyda amakimning oilasi bilan birga yashaymiz. Uy «propiska»sida bo`lsak ham u kishi bizni ko`chaga haydayapti. Turar-joy unga tegishli ekan. Uning bunga haqi bormi?

Maftuna Eshmurodova, Surxondaryo viloyati

— Uy mulkdori, ya`ni bobongiz vafot etgan bo`lsa, otangizning o`limidan so`ng siz unga tegishli bo`lgan ulushga nisbatan merosxo`r hisoblanasiz. Bunday holatlarda boshqa merosxo`rlar bo`lmagan taqdirda, amakingiz bilan teng barobar mulkdor sanalasiz. Bordi-yu, bobongiz hayot bo`lsa, siz va oila a`zolaringiz uy ro`yxatida bo`lganingiz bois, turar joydan doimiy foydalanish huquqiga egasiz.

 

«BOLALAR KIMGA QOLADI?»

— Xotinim bilan ajrashayapmiz. 10, 11 va 12 yoshdagi farzandlarimiz bor. Ajrim masalasi hal etilayotganda bolalar kimda qoldiriladi?

Odil Diyorov, Samarqand viloyati

— Voyaga etmagan farzandlar kimning tarbiyasida qolishi ajrashayotgan er-xotin tomonidan hal etiladi. Er yoki xotinning tarbiyasida qolgan farzandlarni, ikkinchi tomon, o`zaro kelishuv asosida, kelishuvga erishilmagan holatda esa, sudning hal qiluv qarori bilan belgilangan tartibda tarbiyasida ishtirok etishi mumkin. 

 

«ISh JOYIDA OLINGAN JAROHAT KIMNING BO`YNIDA?»

— 2006 yili ish payti avtohalokatga uchrab, jarohat olganman. Shuni deb hozir nogiron bo`lib qoldim. Eshitishimcha, bunday vaziyatlarda xodim etkazilgan zarar uchun kompensasiya so`rashga haqli ekan. Oradan shuncha yil o`tib endi ham zararni undirish da`vosi bilan murojaat qilsam bo`ladimi?

Ismi sir tutildi.

— O`z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan etkazilgan har qanday (shu jumladan, ma`naviy) zararni ish beruvchi to`liq hajmda to`laydi. Fuqaro jarohatlanganda yoki uning sog`ligiga boshqacha shikast etkazilganida jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo`lgan yo`qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast etkazilishi tufayli qilgan qo`shimcha harajatlari, shu jumladan davolanish, qo`shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo`ydirish, birovning parvarishida bo`lish, sihatgohlarda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga o`tish harajatlarining o`rni qoplanishi lozim. Fuqarolarning hayotiga va sog`ligiga etkazilgan zararni to`lash haqidagi talablarga da`vo muddatlari joriy etilmaydi.

 

«TAYYoRLOV KURSIDA O`QISAM MAOSh OLAVERAMANMI?»

— Xodim qayta tayyorlov kurslarida o`qisa, ish haqi saqlanib qoladimi yoki yo`q? Ish joyimdan surishtirsam, tahsil olayotgan davr uchun maosh olmaysiz, deyishdi. Aslida ham shundaymi?

Shohida Yunusova, Toshkent shahri

— Savolingizda nazarda tutilayotgan qayta tayyorlov kurslarida o`qish uchun xodim, bevosita ish beruvchining bo`yrug`i asosida yo`naltirilgan bo`lsagina ish haqi saqlanib qolinadi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!