«Xonim, yoshingiz nechada?..» Doimo yasharib yurish sirlari

14:42, 14 oktabr

Aslida, necha yoshdaligimiz emas, yasharib-yashnab yurishimiz hammasidan muhim! Bu, tabiiyki, yuzdagi ajinlaru sochdagi oq tolalargagina emas, balki xatti-harakatlarimiz, o`zimizni tutishimiz, muomala madaniyatimizga ham bog`liq. Zero, birgina imo-ishora bilan o`n yoshga yasharish mumkin yoki... qartayish...

 

Muomala ham san`at!

Yosh qizaloqlar bir gapirib, o`n kuladilar. Ularga gap “otish” ham, ular bilan hazillashish ham oson. Buni qarama-qarshi jins vakillari darrov anglashadi. Kattaroq ayollar esa (qanchalik yosh ko`rinishmasin) birgina ko`z qarashlari bilan asl yoshlarini «sotib» qo`yishadi. Yosh kattalashgani sayin ayol kishi kamroq uyaladi, qizaradi va ko`zlarini olib qochadi. Gap “otgan”larni esa bir so`z bilan joyiga “o`tqazib” qo`ya biladi. Bu hammasi erkakcha jinsiy gormonlar ta`siri. Chunki yillar o`tgani sayin organizmda ularning miqdori birmuncha ortadi. Tashqaridan qaraganda, buning yomon tomoni yo`q, ammo muomalada bu o`zini ko`rsatib qo`yadi: ayolda qat`iyat, shafqatsizlik, to`g`riso`zlik xislatlari tobora ko`proq namoyon bo`la boshlaydi. Bu xususiyatni o`zgartirishning keragi yo`q, chunki u ayolga yangi imkoniyatlar darvozasini ochadi (masalan, karera borasida). Ammo zarur o`rinlarda buni biroz jilovlab, muloyimlik, xush muomala va shirinso`zlik xislatlarini ham namoyon etib turish lozim.

 

Qadam tashlash qoidalari

Yillar o`tgani sayin zimmamizdagi vazifalar yuki tobora orta boradi va bu xatti-harakatlarimiz, xususan, yurish-turishimizga ham o`z ta`sirini o`tkazadi. Ya`ni ayol avvalgiga nisbatan og`irroq, sekinroq qadam tashlaydigan bo`lib qoladi. Ko`pchilik erkaklar bizning qanday odimlayotganimizga qarab, yoshimizni aniqlar ekan. Demak, elkalarimizni to`g`ri tutib, dahanni biroz ko`tarib, ohista va engil qadam tashlashimiz kerak. Chiroyli yurishni o`rganish uchun quyidagi mashqlarni bajarish lozim: 1. Devorga orqamizni qapishtirib turamiz (3 daqiqagacha) va u yoqdan bu yoqqa shu holatni saqlab qolgan holda yurishga harakat qilamiz. 2. Boshga kitob qo`yib olib, yurishni o`rganamiz (1 daqiqadan 10 daqiqagacha). 3. Oyoq uchida yuramiz (10-15 daqiqa).

 

Nutqdagi o`zgarishlar

Yosh ulg`aygani sayin, avvalo, ovoz, qolaversa, nutq o`zgaradi. Inson yoshi qanchalik katta bo`lsa, shunchalik sekin, so`z va gaplar orasida ko`proq tin olib gapiradigan bo`ladi. Atrofdagilar buni his etadilar. Hatto qanday kulishimiz ham yoshimizni oshkor qilar, yoshi kattalarning kulgusi chuqurroq, ya`ni ko`krakdan chiqayotgan ovoz jo`rligida bo`lar ekan. Biroq mutaxassislar ogohlantiradilar: ovozni yoshartiraman, deb ataylab yoshga xos bo`lmagan diapazonda so`zlash va kulishga urinish xavfli. Chunki bunda ovoz paychalariga haddan ziyod ko`p og`irlik tushadi, natijada, tovush xirillab qolishi mumkin. Ovozni avaylash, u haqda yoshlikdanoq qayg`urish kerak (masalan, tamaki chekmaslik, tutun hidlamaslik, qattiq baqirmaslik, stress va sovuqdan himoyalanish lozim). Shunda ovozingiz yoqimliligicha qoladi.

 

Tashqi ko`rinishga e`tibor

Ayollar hamma yoshda ham tashqi ko`rinishlariga e`tiborli bo`ladilar. Ammo yosh qizchalar ko`proq kiyim-kechak, aksessuarlarga o`ch bo`lib, vaqti-vaqti bilan o`zlarini oynaga solishadi, kiyimlarini yoki sochto`g`nag`ichlarini tez-tez to`g`rilab turishadi. Kattaroq yoshdagi ayol esa ko`proq yuziga e`tibor beradi: yangi ajin paydo bo`lmadimi, ko`z osti salqimaganmi, soch turmagi yarashib turibdimi – shu savollar uni ko`proq qiziqtiradi. Qanchalik yosh ko`rinmasin, ko`zguga boqqanida barmoqlari bilan terisini silaydi, dahanini ko`tarib bo`yniga razm soladi, peshanasiga tushib turgan sochlarini to`g`rilaydi. Bu xatti-harakatlar ayolning yoshini oshkor qilishi, shubhasiz. Shu sababli o`zingizga ishoning va sizni «qarituvchi»  shunday odatlarga berilib ketmang.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!