Juftingizning ko`ngliga yo`l topish uchun 6 usul

17:14, 14 oktabr

Nigora ShOMURODOVA, ruhshunos: — Oilaviy hayotda eng muhimi er-xotinning bir-birini tushunishida. Shuning uchun juftingizning ko`ngliga yo`l topish orqali oilangizni mustahkam va baxtiyor qilasiz. Turmush o`rtog`ingizni to`g`ri tushunish uchun biroz e`tiborli bo`lish kifoya.

1. Unutmang, erkaklar oilaviy mojarolarga toqat qilolmaydi. Uyga yo o`zingizga biror narsa kerak bo`lsa, bundan janjal chiqarish shart emas. Shunchaki talablaringizni eringizga istak, hech bo`lmasa, tilak sifatida bildiring va suhbatni «siz haqsiz, fikrlaringizni hurmat qilaman, faqat mana buni bir o`ylab ko`ring», deb, ko`nglingizdagini aytishingiz mumkin. Muomalangizga ham ko`p narsa bog`liqligini esda tuting.

2. Juftingiz bilan har bir ishni maslahatlashib amalga oshiring. Mustaqil qarorlar chiqarmang. U o`zini oila boshlig`i sifatida his qilishini ta`minlang. Agar biror ish yuzasidan eringiz bergan maslakhat noo`rin bo`lsa, aql Bilan ish yuriting. Agar uning «nega men aytgandek qilmading», deb achchig`i kelsa, u aytgandek qilishga rosa urinib, eplay olmaganingizni, qo`lingizdan faqat shu kelganini, usiz shuniyam eplay olmaganingizni bildiring.

3. Turmush o`rtog`ingizni maqtab turing, lekin me`yorni biling.

4. Juftingizning ko`ngliga yo`l topish uchun o`zingizni ham o`ylang. Doim uning ko`z o`ngida go`zal bo`lib yuring. Qolaversa, o`z uddaburonligingizni ham namoyon eting. Bu eringizda «bu mening xotinim!» degan faxr uyg`otsin.

5. Erim uy yumushlarining barchasini qila olishi kerak, deb o`ylamang. Hamma erkaklar ham mebelni tuzatishi, elektr uskunalarini sozlay olmasligi mumkin. Ustiga-ustak, juftingiz kun bo`yi ishlab, uyga charchab kelgan bo`lsa, siz aytgan uy ishlarini qilishni xohlamas, buning uchun uni «qo`lidan ish kelmaydi»ga chiqarish yaramaydi.

6. Erkakning ko`ngliga yo`l topish uchun albatta u bilan futbol matchi yoki baliq oviga borish kerak emas. Shunchaki uning qiziqishlarini hurmat qiling. Biror bayram bahonasida unga qiziqishlariga bog`liq sovg`alar bersangiz, unga qanchalar e`tiborli ekaningizdan xursand bo`ladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!