Jasur Abduraimov: Guruhda teng raqiblar yig`ilgan

08:59, 15 oktabr

Kecha, 14 oktyabr kuni U-19 yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionatining “D” guruhida ishtirok etayotgan terma jamoalar bosh murabbiylari ishtirokida o`yinoldi matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Matbuot anjumani “Radisson Blu Diplomat” mehmonxonasida o`tkazildi. Unda O`zbekiston U-19 terma jamoasi ustozi Jasur Abduraimov ishtirok etdi va mahalliy hamda xorijiy OAV vakillari savollariga javob berdi.

“Biz turnirga etarli tayyorgarlik ko`ra oldik deb o`ylayman. Futbolchilarning holati va tayyorgarligi yaxshi”, - dedi O`zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyi. Turnirdagi ilk raqib – Tojikiston terma jamoasi haqida ham, murabbiy ijobiy fikrlarni bildirdi va ularga qarshi terma jamoani juda qiziqarli o`yin kutib turganini aytib o`tdi.

“Tojikiston bizning eng yaqin va yaxshi biladigan raqibimizdir. Ular bilan ko`p yillik do`stmiz va ularga qarshi o`yinlar doimo qiziqarli bo`lgan. Bu safar ham bizni qiziqarli va kuchli o`yin kutib turganiga shubha yo`q. Ularda juda yaxshi va jangovar ruhga ega futbolchilar bor”, - dedi Abduraimov.

Turnirning “D” guruhidan o`rin olgan terma jamoalar murabbiylarining fikrlari:

Vitaliy Levchenko (Tojikiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi):

“Bizning guruh turnirdagi eng kuchli guruhlardan biri deb o`ylayman. Guruhda juda kuchli va kurashlarga boy o`yinlar bo`lib o`tishiga shubha yo`q. Albatta, turnirda munosib ishtirok etishni maqsad qilganmiz. Biz so`nggi ikki hafta mobaynida turnirga munosib tayyorgarlik ko`rdik. Guruhda yaxshi o`yin namoyish qilishni va turnirda yaxshi natija qayd etishni istaymiz. Maqsadimiz, Koreyada bo`lib o`tadigan Jahon chempionatida yo`llanmani qo`lga kiritish.”

Li Ming (Xitoy yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi):

“Asosiy terma jamoa Jahon chempionati saralashida yaxshi natija ko`rsata olmayapti va ushbu holat muxlislarni ranjitmoqda. Hozirda, ko`pchilik muxlislarning nigohi bizga qaratilgan va biz bu bosimga qaramay yaxshi natija ko`rsatishga intilamiz. Har qanday bosimga qaramay yaxshi o`yin namoyish etishga harakat qilamiz. Bugun bizning jamoamizda bir qator yosh iste`dodlar yig`ilgan. O`ylaymanki, Xitoyda yaxshi avlod shakllanmoqda”.

Ufuk Talay: (Avstraliya yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi):

“Guruhda juda yaxshi shakllangan jamoalarga qarshi o`ynaymiz. Bu men uchun ham o`ziga hos sinov. Turnirga yaxshi tayyorgarlik ko`rdik va turnirda yaxshi ishtirok etishni maqsad qilganmiz. Guruhda teng kuchli to`rt jamoa yig`ilgan va ularga qarshi munosib o`ynashni rejalashtirganmiz. Ilk o`yin Xitoyga qarshi va o`yin qiziqarli o`tishiga shubha yo`q. Umuman, ushbu guruhdagi hamma o`yinlar qiziqarli va kurashlarga boy tarzda o`tishini tahmin qilsa bo`ladi”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!