«Issiq-sovuq» qildirganim — eng katta aybim…»

11:10, 15 oktabr

Hayotda ko`p marta adashganman. Qilgan ishlarimni birma-bir aytsam, qarg`ishlar ostida qolib ketsam kerak. Odam qanchalik yovuz bo`lmasin, baribir ichki kechinmalari, afsus-nadomatlari oldida shunchalik ojiz qolib, ich-etini eyaverarkan. Kimgadir aytib yukini engillashtirgisi kelarkan…

Qishloqdoshimga turmushga chiqqandim. Qo`lida kasb-u kori bo`lmagani uchun oilamizni boqishga juda qiynaldi. Urush-janjallar joniga tegib do`stlari bilan xorijga jo`nab qoldi. Shu ketgancha bir martagina arzimagan pul yuborib, so`ngra umuman xabarlashmay qo`ydi. Qishloqdoshlari qo`yni-qo`njini to`ldirib kelganda ham u qaytmadi, do`stlari o`sha erda bir ayolni topib olibdi, degan gap chiqarishdi. Men esa yosh holimda ikki bolam bilan yoqamni tishlab qolaverdim. Hayot meni majbur qildi, bolalarimni boqishim kerak edi, deb o`zimni istagancha oqlashim mumkin. Ha, bu oqlovni hamma qoralasa ham, ochiq aytaman, menga ham oson bo`lmadi. Qo`ni-qo`shnimnikida bir kilo go`sht uchun kir-chirlarni yuvib, uy-joyini tozalab, mardikorlik qilib ko`rdim. Bir-ikki toparmon-tutarmon erkaklarning boshini aylantirishga harakat qildim. Bir-ikki xilvatda uchrashganimdan keyin ikki-uch kun qo`limda pul bo`lar, lekin tabiatan ko`zga ko`rinarli chiroyim bo`lmagani uchun bu ishlarim men kutgan natijani bermas, yo`qchilik tugab, to`qchilik boshlanmasdi. Bir kuni tanishlarimdan biri bankdan kredit olib uyi oldida kichkina do`koncha ochganini, ishlari bir maromda ketayotganini aytib qoldi. Bankka borib, kredit bo`limi boshlig`i bilan uchrashmoqchiligimni aytdim. Men bilan tengdosh, lekin ko`rinishi juda o`ktam bir yigit xushmuomalalik bilan kutib olib, boshliq ekanini aytdi. Unga erim tashlab ketganini, boshqa birovga uylanib, o`sha erlarda qolganini, ota uyimda ikki bolam bilan qiynalib yashayotganimni yig`lab-ciqtab aytdim. Yigit amaldagi tartiblar bo`yicha menga katta miqdorda kredit berilmasligini tushuntirdi.

— Opa, kechqurun uyimga boring, sizga qo`limdan kelgancha moddiy yordam beraman, vaqti kelib qaytararsiz, qaytarmasangiz ham roziman, — dedi.

U aytgan manzilga borib, oilasini ko`rdim, chiroyli xonadoniga havasim keldi. Nega mening erim shunday odam emas, nega men ham shu baxtga arzimayman, degan hasad bosh ko`tardi. Qo`limga besh yuz ming so`m tutqaza turib, yigit bechora shunday dedi:

— Opa, bu pullarga bolalaringizga qishlik kiyim olib bering, yaxshi edirib-ichiring. Muammo bo`lsa, yana keling, yordam beraman.

Shundan keyin bu yigitni o`zim uchun sog`in sigirdek qilib oldim. Har oyda uni yo`qlab turdim, qachondir joniga tegib yordam berishdan to`xtashidan juda qo`rqardim. Shuning uchun qishloqdagi eng kuchli, nafasi o`tkir folbinga borib, uni o`zimga isitib olish uchun ish boshladim. Xolis yordam qilayotgan yigitga o`zimni kosmetik mollar sotib olib, tadbirkorlik qilayotgandek ko`rsatardim. Unga o`qitilgan sovun, atir kabi narsalarni sovg`a qilardim, keyinchalik tushlikka turli bahonalar bilan issiq ovqat ko`tarib boradigan bo`ldim. Lekin bank xodimlari allaqachon bizni gap-so`z qilishgan, oshiq-ma`shuqqa chiqarishgandi. U bilan yaqindan aloqada bo`lishni istasam ham yigitda men tomonga og`ish sezilmasdi. Folbinga aytib kuchliroq dam solishini so`radim. U kiyimini topib kelishimni aytdi.  Yigitning uyiga borib, hech kim so`ramasa ham, xotini rozi bo`lmasa ham uy xizmatini qildim, birma-bir ko`ylaklarini o`g`irlab, o`qitib chiqdim. Ana endi, issiq-covuqning kuchi bilindi, yigit menga batamom og`ib, nima aytsam, shuni qiladigan darajaga etdi. Bunday laqqa baliqni kim ham qo`ldan chiqargisi kelardi. Xotini, onasi bilan ko`p marta janjallashib, baribir o`zimniki qilishimni baralla aytdim. Shu orada ponani pona bilan chiqaradi, deganlaridek xotini ham xuddi mening yo`limdan yurib, issiq-covuqlarimga qaytarma qilishni boshladi. Birov ishonar, birov umuman ishonmas, yigit bunday qora kuchlarning har tomonga tortqilashidan qattiq betob bo`lib yotib qoldi. Mansabidan bo`shab, davolandi. Oilasidagilar uni menga ko`rsatmay besh oy uy ichida saqlashdi, ishga qaytganida esa odamlarga sovuqqon va ehtiyotkor muomala qiladigan odamga aylandi, meni esa ko`rishni umuman istamadi.

Bu voqeaga to`qqiz yil bo`ldi. Avtohalokatga uchrab, bir oyog`imdan ajraldim. Nogironligim uchun beriladigan nafaqa kelgandagina bolalarimga kerakman. Boshqa payt esa kun bo`yi qaerlardadir izg`iydigan qizim va o`g`limning izini poylab o`tiraman.

Mamlakatning iqrorini  Aziza Qurbonova yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!