O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risidagi Qonun loyihasini ko`rib chiqish tashabbusi bilan chiqdi

11:10, 15 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev  14 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini kiritish haqida tashabbus kiritdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida ilg`or xorijiy tajribani hisobga olgan holda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to`liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, shuningdek korrupsiyani ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan to`liq bartaraf etishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko`rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga qaratilgan.

Qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari hamda bu boradagi davlat siyosatining muhim yo`nalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, shuningdek xalqaro hamkorlik mustahkamlab qo`yilmoqda.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi sub`ektlarning faoliyati muvofiqlashtirilishini ta`minlash va hamkorligini kuchaytirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha respublika idoralararo komissiyasini tuzish va uning tarkibiga tadbirkorlar jamoat birlashmalarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillarini kiritish nazarda tutilmoqda.

Shunday qilib, qonunning amalga kiritilishi fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta`minlashning qo`shimcha huquqiy kafolatlarini yaratadi, xususiy mulk huquqiga g`ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga ko`maklashadi va natijada ishchanlik faolligi o`sishiga hamda mamlakatning investisiyaviy jozibadorligi oshishiga olib keladi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 83-moddasiga asosan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!