Turmush qurishganiga 18 yil bo`lganiga qaramay, hali ham yosh kelin-kuyovdek juftlik

11:37, 15 oktabr

Bu juftlikni ko`rib, «Uzukka ko`z qo`ygandek» degan iborani esladim. Suhbat davomida esa bunga yana bir karra ishonch hosil qildim. Tanishing, loyihamizning galdagi mehmonlari — el suygan san`atkor Aziz RAJABIY hamda Durdona RAJABOVAlar. Ularning turmush qurishganiga 18 yil bo`lgan, ammo hali ham yosh kelin-kuyovdek. Farzandlari Feruz 17 yosh, Muzayana 14, kichigi Narmina esa uch yoshda. Suhbatni boshlashdan avval yosh ko`rinishlarining siri bilan qiziqdim. Javobini esa suhbat davomida ma`lum qilaman. 

— Aziz aka, oilangizga ko`pchilikning havasi keladi. Baxtli turmushingiz tarixi qanday boshlangan?

Aziz: — Rafiqamni ilk bor tug`ruqxonada ko`rganman. O`shanda etti yoshda edim. Onam, buvim bilan birgalikda qarindoshimizning yangi tug`ilgan chaqaloqni yo`qlash uchun borgandik. Durdona ko`z oldimda ulg`aygan. Bir paytlari unga o`zim kuyov izlaganman ham. Oila qurish fursati etganida ota-onam yonlariga chaqirib, uylanish haqida so`z ochishdi. Keyin «Durdonaga nima deysan?» deya so`rashdi. Rosti, bu haqda o`ylab ko`rmagan ham ekanman. Kutilmagan taklif bo`lsa-da, darov «Roziman!» degandim. Taqdir deganlari shu bo`lsa kerak-da! Mana, to`yimiz bo`lganiga o`n sakkiz yil to`ldi. Ayolimni hali ham o`sha paytlardagi kabi, hatto, undan o`n chandon ortiqroq sevaman. 

— Durdona opa, Aziz akaning sovchilarini ko`rib, hayron bo`lgandirsiz?

Durdona: — Nimasini aytasiz? Boshqalarga o`xshab, «sevdim» «kuydim» degan dil izhorli bo`lmagan bo`lsa? Ammo Aziz akaning qanday insonligini bilganim uchun baxtli bo`lishimizga ko`zim etgan. 

— Ilk sevgi izhori yodingizdami?

Aziz: — Birinchisimi? Qachon aytgandim, Durdona? 

Durdona: — To`ydan keyin aytgansiz. Uchrashuvlarga ham chiqmagan ekanmiz, o`ylab qarasam. Chunki bir-birimizni, fe`l-atvorimizni yaxshi bilardik-da. Faqat tug`ilgan kunimda guldasta ko`tarib kelganlari hamon esimda. 

Aziz: — O`shanda qattiq shamol bo`lgandi. Kuyovto`ralarga o`xshab kiyinib olganman. Guldasta, sovg`a-salom bilan bo`lajak rafiqamni tabriklash uchun bordim. Lekin na shamol, na yomg`ir yo`limni to`solmadi (kuladi)! «Meni juda yaxshi ko`rar ekansan-a, Durdona, qara, tabiat ham tilga kirib ketdi», degandim o`shanda. «ZAGS» borganimiz-chi, esingdami? Chiroyli ko`ylakda kelganding. 

— Aksariyat erkaklar uchun to`ydan so`ng romantika tugaydi.

Durdona: — Bizda esa aksincha bo`lgan. 

Aziz: — Er-xotin munosabatlari ko`p jihatdan oiladagi tarbiyaga bog`liq. Chunki yigit kishi otasini ko`rib, qizlar esa onasidan andaza olib ulg`ayadi. Oila qurgach, ulardek bir-biriga muomala qiladi. Menda ham shunday. Otam onamga sizlab murojaat qiladi. Ertalab xalq xizmatiga yo`l olsa, onam hali ham yangi kelinchaklardek o`zlari kuzatib qo`yadi. Men ham ulardek yashashga harakat qilaman.

Durdona: — Oilada ijobiy muhit yaratish ayolga ham, erkakka ham birdek bog`liq. Asosiysi, er-xotinning bir-birini tushunishi. Chunki tushunmovchiliklar kuzatiladiagn oilada huzur-halovat bo`lmaydi, romantika ko`ngilga sig`maydi. 

— Odatda, erkaklar rafiqasining qaysidir odatlarini o`zgartirishga urinadi. Sizda ham ma`lum cheklovlar ro`yxati bordir, Aziz aka?

Aziz: — Har bir insonning o`ziga bilinmaydigan xato-kamchiliklari bo`ladi. Bir oila bo`lib yashash uchun ularni to`g`rilash kerak. Rafiqamning menga yoqmaydigan odatlarini o`ziga tushuntirganman. O`zgartirishga harakat qilgan. Rostini aytaman, ko`proq u meni tarbiyalagan. 

Durdona: — Kimningdir fe`lini o`zgartirish qiyin. Agar menga turmush o`rtog`imning biror odati ma`qul kelmasa, yotig`i bilan tushuntiraman. 

Aziz: — Ayolini maqtayapti, demang. Ammo tushuntirish borasida ham kishiga mahorat kerak-da. Kim biladi, agar yangi oila qurgan vaqtimiz jahl qilib, qo`rslik bilan muomala qilganida yoki kamchiligimni ochiq-oydin yuzimga solganida men ham to`g`ri qabul qilmagan bo`larmidim? Chunki hech qaysi erkakka ayolining undan ustun kelishi yoqmaydi. Er-xotin bir-biriga ovozini balandlatmay, tushuntirish orqali vaziyatni hal etishni o`rganish kerak ekan. O`zim ham bir vaqtlar rafiqamni ko`p tergardim. Keyin bilsam, qilayotgan ishim noto`g`ri. 

— Arazlashib qolgan paytlaringiz ham bo`ladimi?

Durdona: — Ba`zan bo`lib turadi. Negaligini o`zingiz aytasizmi, Aziz aka?!

Aziz: — Gohida uyga kech qaytaman, shunda arazlab qoladi. Aniqrog`i, avvallari shunday bo`lardi. Hozir ishim ko`payib ketsa, ogohlantiraman. Bilasiz, san`atkorlarning asosiy ish vaqti tunda boshlanadi. Musiqa bastalash, qo`shiq yozish. Lekin ba`zilarga o`xshab, kunlab arazlashib yurmaymiz. Uzog`i yarim soat. Keyin men kulib yuboraman, shu bilan yarashib olamiz. 

— Ayoli oqila bo`lgan erkak qarimaydi, deyishadi. Nima dedingiz?

Aziz: — Meni necha yosh, deb o`ylaysiz? Sochimga oq oralaganiga qaramang. Bu avlodimizda bor. Uylanmasimdan avval sochimga oq tushgan. Ko`pchilik yosh ko`rinasiz, deydi. Shukr oilam tinch, hayotimdan mamnunman, roziman, shunga ham qarimasam kerak-da. 

— Iboraning davomi ham bor: «Yaxshi er ayolini qaritmaydi»

Durdona: — Albatta! Axir oilasi tinch bo`lgan ayol siqilmaydi, xastalanmaydi. Aksi bo`lganida esa, yosh bo`lsa-da, yuziga ajin tushib, ham ruhan, ham jismonan keksayishni boshlaydi. Hamisha yosh ko`rinishning siri esa oddiy: «Xo`p bo`ladi!»ni shior qilish. Mana shu ikkita so`z bilan eringizni ham xushnud qilasiz, asabingizni ham asraysiz. 

— Aziz aka, rafiqangizning ishlashiga ruxsat bermagan ekansiz?

Aziz: — Kelinoyingiz juda katta ishda ishlaydi. Ma`suliyatli, juda muhim vazifasi bor: farzandlar tarbiyasi! Biz ota-onamdan alohida yashaymiz. Bolalarga qaraydigan odam yo`q. Shunga ham bu ish bilan o`zi shug`ullanadi. Bir muddat Yunus Rajabiy uy muzeyida ishladi, onamga yordam berdi. Hozir esa uyda. 

— Ota bo`lgan damlaringizdagi tuyg`ularni eslaysizmi? Rafiqangizga aytgan ilk so`zingizni-chi?

Aziz: — O`sha baxtli onlarni unutib bo`larmidi?! Durdonani tug`ruqxonaga olib borib, darddan qiynalganlarini ko`rib, ko`zim yoshlangan. 

Durdona: — Oyijonimga «Farzand dunyoga keltirish shunaqa qiyinmi?», deganingiz-chi, yodingizdami?

Aziz: — Ko`zi yorigach, ichkariga kirib, «Rahmat, Durdona!» deya olganman, xolos. O`g`limni qo`limga olganimda qattiq hayajonlanganman. Muzayana tug`ilganida-ku, juda-juda suyungandim. Kenjamiz Narminaning dunyoga kelishi esa yana o`sha baxtli onlarni tuhfa qildi! 

— Xo`sh, bolalar tarbiyasida sizning ishtirokingiz qay darajada?

Aziz: — Tarbiya masalasida ishtirokimiz bir xil. Katta farzandlarimizni yonimizga o`tkazib, oldin men, keyin onasi tushuntirish ishlarini olib boradi. Jazolash, qo`l ko`tarish, degan usullarga shaxsan men mutlaqo qarshiman. Bolaga yaxshi gap bilan tushuntirsangiz, albatta tushunadi. 

Durdona: — Dadasi ijodiy safarda yoki tadbirga tayyorgarlik bilan band bo`lsa, uyga qaytganidan so`ng bolalarni chaqirib, birga suhbatlashamiz. Shu yo`l bilan har qanday masala oila davrasida hal qilinishini o`rganishsin, deymiz.   

— Farzandlarning o`qishi, kasb tanlashi umuman kalajagi haqidagi qarashlaringiz qanaqa? Bu borada tortishuvlar kuzatilmaydimi?

Aziz: — Yo`q, bunaqa vaziyatlar bo`lmagan. Har doim hamjihatlikda ish ko`ramiz. 

— Durdona opaning ish taqvimida dam olish kunlari ham bormi? Masalan, uy ishlari, pishir-kuydirdan ozod etish degandek...

Aziz: — Ochig`i, usiz hech narsa qilolmaymiz. To`g`ri, Durdona Narminaga homiladorligida bir oy o`zim ovqat pishirganman. Har kuni ertalab nonushtaga bo`tqa tayyorlaganman, tushlik, kechki ovqatni ham bir amal-taqal qilardim. Toksikozi og`ir kechgandi-da. Vaziyatni hal qilish kerak-ku! Shuning uchun bosh oshpaz lavozimini egallagandim. «Masalliqlarni qovurdim, endi suv solamanmi?» «Qancha qaynasin?» deb savollar yog`dirardim. Ovqat pishgach, o`zimcha «Qalay chiqibdi?» deb bolalardan so`rayman. Qo`lim shirin to`g`rimi, Durdona?! Hozir esa bayram yoki dam olish kunlari rafiqamga ta`til e`lon qilib, biror joyga olib boraman. 

—  Oilangizga, baxtingizga ko`z tegmasin!

Aziz: — Rahmat!

BLIS SAVOLLAR:

— Taqlid qilgan BIRINChI insoningiz 

— Otam!

—  Mustaqil kuylagan BIRINChI qo`shig`ingiz? 

—  Yunus Rajabiy musiqasi bilan «Kuygay» taronasi.

—  BIRINChI eshitgan tanqidingiz? 

—  Otamga sovg`a qilaman deb, «Kuygay» qo`shig`ini ijro etgandim. U kishi esa «Men bilan maslahatlashganingda yanayam chiroyli chiqardi», degan.  

—  Xarakteringizda ko`zga tashlaganidigan BIRINChI xususiyat?

—  Ko`ngilchanligim.  

—  Oilangiz oldidagi BIRINChI vazifangiz? 

—  Yaqinlarimni baxtli qilish. 

—  O`zingizga hamisha ta`kidlaydigan eng BIRINChI so`zingiz? 

—  Ota-onaning roziligini olish!

MINI-TEST

Quyidagi mini test orqali bir-biringizni qay darajada bilishingizni tekshirib ko`ramiz. Diqqat qiling, er-xotinning o`xshash javoblarini ajratib ko`rsatamiz.

Durdona Rajabova

— Aziz aka o`zini qanday ta`riflaydi? 

— Samimiy, mehribon, talabchan inson. 

— Sizdan yashirgan sirlari bormi?

— Bo`lishi mumkin. Hammaning ham  faqat o`zigagini ma`lum bo`lgan siri bo`ladi. 

— Bolalikdagi ushalmagan orzusi?

— Orzu qilganlariga sekin-asta erishayapti.

— U kishini nima xafa qilishi mumkin?

— Yolg`on. 

—  Ishonuvchanmi?

— Ha.

— Fobiyasi? 

– Yo`q. 

— Sizningcha, vaqtni ortga qaytarish imkoni berilsa, turmush o`rtog`ingiz nimalarni o`zgartirgan bo`lardi?

— Ijodni ertaroq boshlagan bo`lardi.

— Muhabbat, mas`uliyat, ishonch, hurmat, sadoqat. Aziz aka oila asosini qanday ketma-ketlikda ko`radi?

— Muhabbat, mas`uliyat, ishonch, sadoqat, hurmat. 

AZIZ RAJABIY

— Aziz aka,  o`zingizga qanday ta`rif berasiz? 

— O`zimga nisbatan juda talabchanman. 

— Rafiqangiz bilmaydigan siringiz bormi? 

— Hozir bir narsa deyolmayman-u, lekin bo`lishi mumkin. 

— Bolalikdagi ushalmagan orzungiz?

— Hammasi amalga oshayati.

— Sizni nima xafa qiladi? 

— Aytgan ishimning vaqtida bajarilmagani. 

— Ishonuvchanmisiz?

— Ha. 

— Fobiyangiz? 

— Yo`q. Lekin Durdona qo`rqadi, er silkinishlari, mashina haydashdan. 

— Vaqtni ortga qaytarish imkoni berilsa, nimalarni o`zgartirardingiz?

— Ijodimni ertaroq boshlardim. 

— Muhabbat, mas`uliyat, ishonch, hurmat, sadoqat. Oila asosini qanday ketma-ketlikda ko`rasiz? 

— Muhabbat, ishonch, ma`suliyat. Shu uchtasi bo`lsa, qolganlari o`z-o`zidan vujudga kelaveradi. 

Dildora YuSUFBEKOAV tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!