«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Sarvar Otamuratov nomzodini tasdiqladi

15:35, 15 oktabr

15 oktyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston «Milliy Tiklanish» demokratik partiyasining V S`ezdi bo`lib o`tdi. Unda joylardan saylangan delegatlar, partiya Markaziy Kengashi, Markaziy nazorat-taftish komissiyasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari ishtirok etdilar.

S`ezdda 2016 yil 4 dekabr kun bo`lib o`tadigan Prezident saylovida partiyadan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodni tasdiqlash masalasi muhokama etildi. 

Amaldagi saylov qonunchiligiga asosan, O`zbekiston Respublikasi  Prezidentligiga nomzod ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar. Shu bilan birga qonunchilik va partiyaning Ustaviga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga partiya tomonidan nomzod ko`rsatish partiyaning oliy organi – S`ezdi tomonidan amalga oshiriladi. 

Delegatlar partiyaning VII Plenumida S`ezdda ko`rib chiqish uchun tavsiya etilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiya rahbari Sarvar Sadullaevich Otamuratovni  partiyadan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligi nomzod sifatida tasdiqladilar.

S`ezdda nomzod delegatlarni saylovoldi Dasturi bilan tanishtirdi. Delegatlar mazkur saylovoldi Dasturi yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

S`ezdda ta`kidlanganidek, yurtimizda amalga oshirilgan demokratik islohotlar natijasida siyosiy partiyalar uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratib berilgan. Ulardan to`la foydalangan holda partiya elektorati hamda dasturiy maqsad va g`oyalardan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo`lib o`tadigan saylovda partiyaning munosib ishtirokini ta`minlash eng muhim vazifadir.

Shuningdek, S`ezd kun tartibidagi boshqa masalalar bo`yicha hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari oldiga tegishli vazifalar qo`yildi. Partiyaning saylov kampaniyasini uyushqoqlik bilan o`tkazishni ta`minlash borasida bir qator vazifalar belgilandi.

S`ezd so`ngida muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!