Jasur Yaxshiboev: Gol urish doimo yoqimli, ammo muhimi jamoa g`alabasi

08:38, 17 oktabr

Tojikiston yoshlariga qarshi (2:1) Osiyo chempionati guruh bosqichi ilk turida O`zbekistonga g`alaba keltirgan gol muallifi Jasur Yaxshiboev uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi va OFK rasmiy saytiga intervyu berdi, deb xabar bermoqda O`FF matbuot xizmati. 

“Mening golim jamoamga g`alaba keltirganidan xursandman, ammo muhimi biz qo`lga kiritgan uch ochko”, - deydi O`zbekiston hamda Tojikiston o`rtasidagi o`yinning eng yaxshi futbolchisi.

“Bunday yuqori saviyadagi turnirda ishtirok etish men uchun katta baxt. O`ylashimcha, bu yoshdagi har qanday futbolchi bu kabi turnirlarda ishtirok etishni va o`zini eng yaxshi jihatlarini namoyon etishni istaydi.  Bugungi o`yinda ko`rsatgan o`yinimdan xursandman. Umid qilamanki, turnirning qolgan qismida ham shunday saviyadagi o`yin namoyish etamiz”.

O`zbekiston yoshlar terma jamoasi hamda Paxtakor hujumkor yarim himoyachisi Tojikistonga qarshi uchrashuvning ikkinchi bo`limida hozircha turnirdagi eng chiroyli gollardan birini kiritdi. Raqibning uch himoyachisidan chiroyli tarzda qochib ketgan futbolchi, Behruz Hayrievga imkoniyat qoldirmadi.

“Bu gol uchun jamoadoshimga rahmat aytishim kerak. Men jamoadoshimdan pas qabul qilib olib jarima maydoniga yorib kirganimda, jamoadoshim raqibning ikki himoyachisini chalg`ita oldi va menga zarba berish uchun bo`sh zona yaratib berdi. Bu gol jamoaviy o`yin mahsuli deyishim mumkin. Umuman olganda, Tojikiston yoshlar terma jamoasi bizda iliq taassurot qoldira oldi. Ikki Markaziy Osiyo jamoasi o`zaro o`ynaganida, o`yinlar doimo shiddatli kechadi. Bugungi o`yin ham shunday jangovar va shiddatli o`yinlardan biri bo`ldi. Tojikistonga qarshi uchrashuvda uch ochko qo`lga kiritganimizdan xursandman”, - dedi Jasur Yaxshiboev.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!