Rio–2016 Olimpiadasi sovrindorlari Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida mehmon bo`lishdi

09:51, 17 oktabr

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida chempionlikni tantana qilib, Olimpiya o`yinlari rekordini yangilagan hamyurtimiz Ruslan Nuriddinov, shuningdek, boks bo`yicha Olimpiya o`yinlarining oltin medali sohibi Fazliddin G`oibnazarov va bronza medali egasi Rustam To`laganov Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti talabalari bilan uchrashishdi. Bu haqda O`zbekiston MOQ matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.

Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti xalqaro ta`lim standartlari asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan. 2007 yil yanvarda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Singapur Respublikasi Prezidenti S.Nathan taklifiga binoan Singapurga tashrifi chog`ida O`zbekiston – Singapur davlatlari o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik va dolzarb xalqaro muammolar xususidagi suhbatda mazkur dargohning ochilishiga tamal toshi qo`yilgan edi. Shundan so`ng Birinchi Prezidentimizning 2007 yil 5 sentyabrdagi “Toshkent shahrida Singapur menejmentni rivojlantirish instituti faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qarori asosida ushbu institutga asos solindi.

Aytish joizki, bu qaror ikki mamlakat o`rtasida boshqa yo`nalishlar qatori ta`lim va sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Ushbu oliygohda ayni kunda Buyuk Britaniyaning Bangor, Sanderlend universitetlarining o`quv dasturlari asosida O`zbekiston, MDH va boshqa xorijiy davlatlarning jismoniy shaxslari uchun turli xil yo`nalishlarda ta`lim olib borilmoqda.

Institutda har yili turli tadbir va marosimlar o`tkazish an`ana tusini olgan. Bu o`z navbatida talabalarning ma`naviy salohiyatini oshirishda, ularda vatanga bo`lgan muxabbatni tarbiyalashda muxim omil bo`lib xizmat qilmoqda.

Olimpiya o`yinlarining g`olib va sovrindorlari bilan tashkil etilgan uchrashuv ham ochiq va samimiy ruhda o`tdi hamda talabalar o`zlarini qiziqtirgan ko`plab savollarga sportimiz yulduzlaridan javob olishdi. Ta`kidlash kerakki suxbat jarayonida talabalar bir olam ta`surot olishdi. Umuman olganda, Olimpiada g`oliblari bilan o`tgan uchrashuv tadbir ishtirokchilarining yodida bir umrga saqlanib qolishi shubhasiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!