O`n yil kutilgan haqiqat

10:50, 17 oktabr

Tahririyatga qo`ng`iroq qilgan muxlisamiz o`z taqdirini gapirib bermoqchiligini aytdi. Uning boshidan o`tganlarini eshitib, to`g`risi, nima deb taskin berishni bilmay qoldik. Birovning fitnasi odamning hayotini qanchalik o`zgartirib yuborishiga, adolat qaror topguncha esa qancha umrlar barbod bo`lishi mumkinligiga yana bir bor amin bo`ldik. Atrofdagilarga tap tortmay yomonlik qiladigan va buning oqibatlaridan cho`chimaydiganlar borligiga esa afsuslandik…

— O`n etti yoshimda qo`shni qishloqqa uzatishdi. Endigina maktabni tugatgan, yaxshi-yomonni farqiga bormaydigan sodda bir qiz edim. Turmush o`rtog`im bilan bir yarim yil birga yashadik, lekin farzandli bo`lmadik. «Hammaning kelini farzandli bo`ldi, sen nega tug`maysan?» deb turtkilay boshlagan qaynonam, bir kun kelib: «menga tug`maydigan kelinning keragi yo`q», dedi va ota-onamning uyiga qo`yib keldi. Unda juda yosh bo`lganman, «tekshirtiraylik, davolanay, balki farzandli bo`larmiz», deyishni ham bilmabman…

Xullas, birinchi turmushim buzildi. Ko`p o`tmay ikkinchi erga uzatishdi. Bu gal shaharga tushdim. Turmush o`rtog`imning oilasi katta bo`lib, to`rt xonali uyda to`rt ovsin, qaynona-qaynotam bilan yashardik. To`ydan ko`p o`tmay xo`jayinim boshqa shaharga ishlagani ketdi. Qaynonam bilan darrov til topishib oldim. Yosh, chaqqon bo`lganim uchun kim ish buyursa, bajarib ketaverardim. Shu sababmi, qaynonam men boshqa kelinlaridan ko`ra ko`proq yaxshi ko`rib qoldi. Katta ovsinlarim yosh bolali, bolasidan ortib bir ish qilishi qiyin bo`lgani bois ular uchun ham uy yumushlarini bajarardim. Bu menga malol kelmasdi, lekin harakatlarimni ovsinlarim noto`g`ri tushunishdi. Ularni yomon ko`rsatish uchun ataylab yugurdaklik qilayotgan emishman. Bu gap menga og`ir botdi. Afsuski, yaxshilik qilaman deb ovsinlarim bilan munosabatim buzilib bo`lgan edi. Ular meni yoqtirmay qolishdi, o`tirsam — o`poq, tursam — so`poq. Har gapning birida bo`yimda bo`lmayotganini, birinchi turmushim ham shu sabab buzilganini eslatib turishlar boshlandi.

Bir kuni katta ovsinim meni o`zi ishlaydigan tug`ruqxona shifokori qabuliga olib bordi. Erim qaytsin, keyin birga boraman, desam ham hol-jonimga qo`ymadi. Qaynonamga ham «qachongacha yurishadi, tezroq davolatsak, tezroq farzandli bo`lishadi», deb turib oldi. Qaynonam ham bu gapdan keyin rozi bo`ldi. O`sha kuni ovsinim farrosh bo`lib ishlaydigan kasalxonaga borib, analiz topshirdim, barcha tekshiruvlardan o`tdim. Uch kundan keyin esa ovsinim tahlil natijalarini olib keldi.

— Kelin, sizdan juda yomon infeksiya chiqibdi! — dedi vahima bilan. — Mana, do`xtir tahlil natijalarini berib yubordi, — dedi  xuddi qaynonam tushunadigandek qog`ozlarni qo`liga tutqazib. — Bu dardni davolab bo`lmas ekan!

Qo`rqqanimdan tilim aylanmay qoldi.

— Shu sabab ham birinchi eringizdan tug`magan ekansiz-da, — dedi achinib.

— M-menda bu… kasal qaerdan bo`lsin? — dedim yig`lamsirab.

—  Bilmayman! —  dedi ovsinim ijirg`angandek nazar tashlab.

Qarasam, qaynonamning ham rangi oqarib ketdi.

— Ishonmayman! Menda bunaqa kasal bo`lishi mumkinmas! — dedim endi rostmanasiga yig`lab.

— U tumandagi eng yaxshi do`xtir, sira adashmagan, — dedi. — Aslida bu tashxisni bemorga aytishmas ekan, yashirisharkan. Men birga ishlaganim uchun ham aytdi…

O`sha kundan keyin butkul halovatim yo`qoldi. Uydagilar mendan o`zini olib qochishga harakat qilayotgandek tuyulaverdi. Ilgari ovsinlarim bolalarini menga jon deb berib qo`yishardi, tashxisni eshitgach esa bolasini qo`limdan tortib oladigan bo`lishdi. Oxiri qaynonamga yig`ladim, «yana bir tekshirtirib ko`ray, sira ishongim kelmayapti», dedim va viloyatga borib tekshirtirishga ruxsat oldim.

Viloyat markaziy kasalxonasiga borib, barcha analizlarni topshirdim. U erdan javob kelguncha igna ustida yurdim go`yo. Nihoyat javoblar chiqdi. Shifokor «biroz shamollashing bor ekan, boshqa  jiddiy kasalliging yo`q», dedi. Xursandligimdan quloqlarimga ishonmay, qog`ozlarni ko`tarib uyga yugurdim.

Tahlil natijalarini ko`rib, ovsinim quvonchimga sherik bo`lish o`rniga qoshlarini chimirdi.

— Ishonch hosil qilish uchun buni do`xtirimga ko`rsataman, — dedi qog`ozlarni qo`limdan olib

Qaynonam ham uning gapiga qo`shildi:

— To`g`ri, jiddiy tekshirish kerak, — dedi. Ertasi kuni ovsinim ishdan kelguncha eshikka termulib o`tirdim.

— Ikkalasi bir xil ekan! — dedi ovsinim qog`ozlarni qaynonamga uzatarkan. — Faqat viloyatdagi do`xtir sizga to`g`risini aytishga qo`rqqan. Bu kasallikni eshitib ko`p bemorlar joniga qasd qilishi mumkin emish, shu sabab ham rostini aytishmas ekan…

Bu gap menga xuddi hukmdek eshitildi. Ko`z o`ngim qorong`ilashib qaynonamga tikildim, lekin bu uydagi bitta ishonganim qaynonam ham ham mendan yuz o`girgan edi.

— Agar rostdan ham shunaqa darding bo`lsa, seni o`g`lim bilan yashata olmayman. Bu baloni unga yuqtirishingdan qo`rqaman, —dedi.

Shundan keyin ko`z yoshlarimga qaramay ota-onamnikiga tashlab ketishdi. Hatto erim qaytishini ham kutib o`tirishmadi. Qishloq joy emasmi, bu gap birdan butun qishloqqa tarqab ketdi. Hatto ota-onam ham shubhalanib qolishdi:

— Seni deb qishloqda bosh ko`tarib yurolmay qoldik. Bu palakatni qaerdan yuqtirding, to`g`risini ayt! — deb janjal qilishdi.

 O`zimni oqlash uchun yana tekshirtirishga qaror qildim va opam bilan boshqa bir kasalxonaga bordik. Bu erda ham shifokor sizda hech qanaqa infeksiyali kasallik yo`q, degan javobni berdi. Afsuski bu natija endi hech kimni qiziqtirmasdi, chunki ovsinim gap tarqatib, yuzimni qora qilib bo`lgandi...

Butun qishloq mendan yuz o`girdi, hatto yaqin dugonalarim ham o`zini olib qochadigan bo`lishdi. Qo`ni-qo`shnilar, qarindoshlar ham hovlimizga qadam bosmay qo`yishdi. Eng achinarlisi, o`z ota-onam ham bir gaping bo`lmasa, ikki marta ham turmushing buzilarmidi, deyishdi. Hammasidan ham shu gap og`ir botdi. Tuhmatni ko`tara olmaganim, o`zimni oqlash qo`limdan kelmagani sabab olti oy betoblanib yotdim. Hech kimni ko`rgim ham, gaplashgim ham, kelmasdi.

Shu muddat ichida biror kishi hol so`rab kelmadi. Odamlar yomon gapga ishonishni yaxshi ko`risharkan… Olti oydan keyin biroz o`zimga kela boshladim. Lekin endi bu qishloqda yashay olmasdim. Xuddiki men bilan salomlashsa kasalim yuqib qoladigandek hamma o`zini olib qochardi.

Ko`p o`tmay qaynonam o`g`lini yana uylantirdi. Shundan so`ng qishloqdan ketishga majbur bo`ldim, shahardagi qarindoshimizdan ishga joylab qo`yishni iltimos qildim. Fabrikada ishlab, yotoqxonada yashab, o`z aravamni o`zim torta boshladim. Lekin odamlardan yurak oldirib qo`yganim uchun bu erda ham hech kimga aralashmasdim. O`zimni ayblab, ich-etimni eb, o`n yilni o`tkazibman…

Yaqinda qon bosimim oshib shifoxonaga tushdim. Bu erda  qaytadan tekshiruvdan o`tdim va… hech qanday kasallik yo`qligi aniqlandi.

— Do`xtir, yaxshilab tekshirdingizmi? Rostdan ham hech qanaqa kasalim yo`qmi? Bo`lishi kerak-ku! — dedim yig`lamsirab.

Shifokor hayratlanib yana kasallik varaqamga qaradi.

— Shamollashdan boshqa qoningizda hech bir jiddiy kasallik yo`q, — dedi u tushunmay.

Shifokorni battar hayratga qo`yib, yig`lab yubordim. O`n yil ich-etimni eb, odamlarning yuz o`girishiga chidab, uzlatda yashabman! Bir ig`vogarning gapi deb shuncha azob tortibman-a?!

Tahlil natijalarini ota-onamga ko`rsatdim. Ularni shifokor bilan gaplashtirdim, menda hech qanaqa yuqumli kasallik yo`qligini, ovsinim va uning tanish shifokori til biriktirib, tuxmat qilishganini tasdiqladi.

Yolg`on tashxis qo`ygani uchun o`sha shifokorni ham, ovsinimni ham sudga berishish kerakligini aytishdi, shunday qilmoqchi ham bo`ldim. Lekin o`ylab, fikrimdan qaytdim. Menga yomonlik qilganlarni  Xudoga soldim…

Hozir hayot yo`limga nazar solib, ko`p narsaga aqlim etyapti. Menga tuhmat qilgan ovsinimning qizi yiqilib, bir umr oyog`i cho`loq bo`lib qolgani, erim esa turmush qurgan bo`lsa-da, hali ham befarzand ekanligini o`yladim. Mendan hamma yuz o`girgandan keyin biror marta xam xabar olmagan erim uylanganidan besh yil o`tgach,  yarashaylik deb yonimga kelganini esladim. Lekin men hamon o`zimni aybdor sanaganim uchun u bilan yarashishga rozi bo`lmagandim. Balki u o`tgan  yillar davomida kelinoyisining asl basharasini ko`rib menga tuhmat uyushtirilganini tushunib etgandir, kelinoyisidan shubhalangandir?..

Savollarim ko`pu, bilganim — tuhmatga qolib o`n yil yuzi qora bo`lib kun ko`rdim, turmush qurmadim, farzand ko`rmadim. Yoshim ham qirqqa yaqinlashib qoldi...

Adolat baribir yuzaga chiqdi, yuzim yorug` bo`ldi. Lekin bu yo`lda asablarim, umrim, hayotim barbod bo`ldi. Endi nima qilishga ham hayronman, menga yomonlik qilganlarni qonun oldida javob berishga majbur etaymi yoki eng og`ir jazo vijdon azobi ekanini bilib yashashlariga qo`yib beraymi? Axir, men ular istagandek tuhmatdan kuyib ado bo`lmadim, aksincha, o`z yo`limni topa oldim.

Dilfuza SOBIROVA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!