12 burj vakiliga 12 xil parhez

10:58, 17 oktabr

Burjingizni ayting, biz qomatingizni chiroyli saqlash uchun qanday parhez zarurligini aytamiz. Zero, har bir burj vakili Olam butunligining to`rt unsuridan biri (Olov, Tuproq, Havo va Suv) ta`sirida bo`ladi. Bu esa insonning ovqatlanishga doir odatlari, sevimli mahsulotlari, tanasidagi modda almashinuv jarayonlarini boshqarib boruvchi unsurlardir, deb qaraladi astroparhezshunoslikda. Demak, boshladik!

HAMAL

Tabiatan jo`shqin va besabr bo`lgan ushbu burj vakillari kuchli iroda va faolliklari bilan 90x60x90 o`lchamli qomatga erishishlari mumkin. Albatta, bu birdaniga ro`y bermaydi. O`ziga jalb etuvchi turli mahsulotlardan tiyila olsangiz bas. Chunki ularni bir martagina iste`mol qilish ham sizga ortiqcha santimetrlarni taqdim etishi mumkin.

Iste`mol qiling: turli ziravorlar bilan boyitilgan mahsulotlarni (masalan, piyoz, sarimsoq, zira kabi) va yong`oqlarni.

O`zingizni tiying: fast-fud, spirtli ichimliklar, tuzi ko`p va o`ta yumshoq taomlardan.

Astromaslahat: yo`l-yo`lakay ovqatlanish odatingizdan voz keching. Shunda birvarakayiga bir necha muammoni hal etasiz.

SAVR

Siz eyish uchun yashaysiz. Bu ahvolda qomatni saqlash juda mushkul. Ammo o`z ustida ishlaydiganlar qomatlarini havas qilarli darajada saqlay olishadi. Sizning parhez rejalaringiz aniq va tartibli. Asosiysi, shirinliklarga bo`lgan ehtirosingizni jilovlash.

Iste`mol qiling: meva-sabzavotlar, kepakli non, achchiq qalampir.

O`zingizni tiying: shakar, kraxmalli sabzavotlar va oshirma xamirli mahsulotlardan.

Astromaslahat: bo`lib-bo`lib ovqatlanishga harakat qiling. Shunda kam ovqat egan holda har safar taomdan yangi-yangi lazzat olishga muvaffaq bo`lasiz.

JAVZO

Sizga ko`pchilik xavas qilsa arziydi. Chunki tabiatan xushbichim qomatga moyilligingiz bor. Bordiyu biron sabab (masalan, stress) natijasida semirib ketadigan bo`lsangiz ham, tezda aslingizga qayta olasiz. Ammo bu imtiyozning tuzog`iga ilinib qolmang. Agar harakatlaringiz tez natija bermasa, ishtiyoqingiz so`nishi ham bor gap. Shu sababli ortiqcha vazndan xalos bo`lishni xohlasangiz, bu istagingizni Buzoq burjidagi dugonangiz bilan birga amalga oshiring. Shundagina ideal o`lchamlarga tezroq erishasiz.

Iste`mol qiling: baliq, pishloq, sabzi, sitrus mevalar, bodom. Ular asab tizimini mustahkamlaydi.

O`zingizni tiying: ishtaha uyg`otuvchi har qanday ichimliklardan.

Astromaslahat: yangi narsalar sizni o`ziga jalb etadi. Parhezlarning ham yangi-yangi turlarini kashf etib, ularning naqadar samarali ekanini amalda isbotlang.

SARATON

Ushbu burj vakili yillar davomida ozishni orzu qilgan holda, bir marta bo`lsa-da ovqatlanish tarziga o`zgartirish kiritishni istamaydi. Oshqozoni nozik bo`lishiga qaramay, o`zi ajoyib pazanda. Shu sababli ham parhez xuddi yangi pazandalik sarguzashti kabi uni o`ziga jalb etishi, oqibatda kutilgan natijaga olib kelishi mumkin. Ilk samarani ko`rgach esa o`zi ham qiziqib qoladi. Butun oilasini o`z ovqatlanish odatlariga ko`niktirib olganlarga qiyin. Chunki parhezni hamma baravar qilishiga to`g`ri kelishi mumkin. O`z turmush tarzingizga munosib parhezni tanlang va olg`a!

Iste`mol qiling: ftorli kalsiyga boy mahsulotlar. Bular sut va sut mahsulotlari, yogurt, pishloq, tuxum sarig`i, gulkaram, pomidor.

O`zingizni tiying: kraxmalli, shuningdek, o`ta shirin va juda achchiq taomlardan.

Astromaslahat: stress holatida ko`p ovqat eyish odatingizdan voz kecha olmasangiz, faqat past kaloriyali va ekologik toza mahsulotlardan iste`mol qiling.

ASAD

Mehmondorchiliklar, to`y-hasham va shohona hayot… Bu burj vakillari hayotni bayramga aylantirishni bilishadi. Siz yangi parhezga tezda «oshiq bo`lib», amal qila boshlashingiz mumkin, ammo ilk qiyinchilikka duch kelgandayoq shashtingizdan tushasiz. Shu sababli qaqshatqich parhezlarga rioya qilmang va ozish istagingizni uzoqroq muddat saqlab qolishga intiling.

Iste`mol qiling: qo`ziqorin, mol va kurka go`shti, E vitaminiga boy, qon aylanishini yaxshilovchi mahsulotlar (masalan, losos balig`i, kungaboqar pistasi).

O`zingizni tiying: xolesterin miqdorini oshiruvchi mahsulotlar (qaymoqli muzqaymoq, hayvon yog`lari, tuxum sarig`i).

Astromaslahat: siz uchun guruhlarda ishlash yoqimli. Shu sabab ozish guruhlariga yoziling yoki dugonangiz bilan birgalikda parhez tuting.

SUNBULA

Tabiatan og`ir-bosiq va teran fikrli bo`lganingiz uchun ideal qomat sohibiga aylanish imkoniyatingiz katta. Siz ijodkor va izlanuvchan odamsiz. Shunday ekan, taomnomangizni rang-barang qila olasiz. Sizga hayvon yog`larini kamroq, suyuqlikni ko`proq iste`mol qilishni tavsiya etamiz.

Iste`mol qiling: yog`siz sut va dengiz mahsulotlari, mevalar, ayniqsa, olma, sitrus, quruq mevalar.

O`zingizni tiying: yog`li go`sht, yarim tayyor va qayta ishlangan mahsulotlar, sous hamda konfetlardan.

Astromaslahat: agar qiyinchilik bilan erishgan natijalaringizdan tez fursatda ayrilib qolishni istamasangiz, «tezkor» parhezlarga ruju qo`ymang. Hammasiga asta-sekin, bosqichma-bosqich erishgan ma`qul.

MEZON

Ular muammo o`z-o`zidan hal bo`lishiga ishonadigan yagona burj vakillari. Shirinlikka o`ch bo`lishadi, sport bilan muntazam shug`ullanishmaydi. Shunga qaramay, tashqi ko`rinish ular uchun katta ahamiyatga ega. Orzudagi qomatga erishish uchun qat`iy intizomga rioya etishlari kerak. Yaxshi tomoni shundaki, bu burj vakillari yangi ovqatlanish tizimiga oson ko`nika olishadi.

Iste`mol qiling: sabzi, ismaloq, olma, qulupnay, bug`doy, suli yormasi, dukkakli mahsulotlar.

O`zingizni tiying:  nordon mahsulotlar va ichimliklardan.

Astromaslahat: ozishni musobaqa yoki garov tarzida tashkil eting. Chunki sizga raqobatchilik tuyg`usi yaxshi rag`bat beradi. Masalan, yaqin dugonangiz bilan kim tezroq ozish musobaqasini tashkil etishingiz mumkin.

AQRAB

Parhezga amal qilishda qiynalmaysiz. Ishtiyoq, mas`uliyat va tartib — bular muvaffaqiyat kalitidir. Tanangiz parhez va jismoniy harakatlarga moyil. Zaif immunitetingiz tufayli qaqshatqich parhezlarga aslo amal qila ko`rmang.

Iste`mol qiling: kaliyga boy mahsulotlar (qulupnay, qovun, banan, bodom, kartoshka, baliq) va peshob haydovchi mahsulotlar (rediska, bodring, petrushka).

O`zingizni tiying: hazmi og`ir ovqatlar va organizmda suvni ushlab qoluvchi hamda dudlangan mahsulotlardan.

Astromaslahat: buyraklaringiz yaxshi ishlashi uchun kuniga kamida 8 stakan suv iching.

QAVS

Agar hamma ishni birdaniga boshlashni istamaganingizda, ozishingiz osonroq kechardi. Ammo siz parhez tutish, yangi ish boshlash va uyingizni ta`mirdan chiqarishga birdaniga kirishmoqchi bo`lasiz – muammo shunda. Parhezni oson ish deb qabul qilasiz. Sizning muammoli joylaringiz: bo`ksa va bel. Shu sababli faol jismoniy harakatlarsiz natijaga erisha olmaysiz. Faqat burjingizga xos bo`lgan boshlagan ishni oxiriga etkazish odatingiz sizni qutqaradi.

Iste`mol qiling: bulg`or qalampiri, S vitaminiga boy boshqa mahsulotlar (sitruslar, kivi, tuzlangan karam), anjir, olxo`ri, pomidor.

O`zingizni tiying: oqsilga boy mahsulotlar va «quruq kaloriyalardan. Ularga spirtli ichimliklar, shakar, pishiriqlar kiradi.

Astromaslahat: burjingizning otashin quvvati tanangizdagi yog`larni yaxshiroq eritishida sarimsoq piyoz sizga yordam beradi. Shirinlikni xush ko`ruvchilar, mevalarga ko`proq e`tibor bering.

JADIY

Maqsadga etmaguncha qo`ymaysiz. Faqat qaror qabul qilsangiz bas, oza boshlaysiz. Qiyinchiliklardan qo`rqmaysiz. Aksincha, parhez qoidalari qanchalik qat`iy bo`lsa, sizdagi ishtiyoq va intilish ham shuncha yuqori bo`ladi. Boshqa burj vakillariga nisbatan mahrumliklarga oson ko`nikasiz, mehnatdan qochmaysiz, kaloriyalarni yaxshi hisoblaysiz, xullas, ozish uchun imkoniyatlaringiz katta. Burjingizga xos bu imtiyozlardan unumli foydalaning.

Iste`mol qiling: yog`siz go`sht, non, kartoshka, makaron mahsulotlari, shaftoli, bodom, shuningdek, tarkibida qo`rg`oshin moddasi bo`lgan mahsulotlar (masalan, karam, selderey, limon, baliq, tuxum sarig`i, bug`doy yormasi).

O`zingizni tiying: muzdek mahsulotlardan. Mazkur burj vakillari uchun xona haroratidagi mahsulotlar eng ma`qulidir.

Astromaslahat: ushbu burj vakillarining suyaklari tabiatan mo`rt bo`lgani uchun parhez paytida kalsiy moddasi qabul qilishni tavsiya etamiz.

DALV

Ideal qomatga erishish uchun bu burj vakillari hech og`ishmay olg`a borishadi. Qiyinchiliklardan qo`rqishmaydi. Ushbu burjning har qanday vakili o`ziga-o`zi dietolog bo`la oladi. Parhezni jismoniy harakatlar bilan uyg`unlashtirishda, sog`lom ovqatlanishda va kaloriyalarni hisoblashda hech kim dalvlarga teng kela olmaydi.

Iste`mol qiling: asosan go`shtsiz ovqatlarni. Ular siz uchun juda foydali va taomnomangizning 85 foizigacha ularga o`rin berishingiz mumkin (yong`oqlar, sabzavotlar, kepakli non, don mahsulotlari, devzira guruchi).

O`zingizni tiying: qayta ishlangan mahsulotlar, fast-fud, ortiqcha go`shtdan.

Astromaslahat: oldingizga qo`ygan maqsadingizni qismlarga bo`ling. Masalan, bir oyda 2 kilogrammga emas, haftasiga 500 grammga ozish tarzida. Har bir yutuq uchun o`zingizni maqtab qo`yishni unutmang.

HUT

Siz parhez boshlaganini tort bilan bayram qiladiganlar toifasidansiz. Qomatingizni tanqid qilishsa, alamingizdan yanada ko`proq egingiz keladi. Shu sababli ozishni orzu qilayotgan hutlarga yaqinlarining madadi juda zarur. Sizga past kaloriyali emas, tarkibida oziqlantiruvchi moddalar me`yorlashtirilgan parhezni taklif etamiz.

Iste`mol qiling: temirga boy mahsulotlar (jigar, mol va qo`y go`shti, tuxum sarig`i, ismaloq, olma, xurmo, mayiz).

O`zingizni tiying: birdaniga ozdiradigan parhezlar va tabletkalardan. Ularning foydasi yo`q, siz uchun hatto o`ta xavfli.

Astromaslahat: kamyob meva va sabzavotlar aralashmasidan tayyorlangan salatlarni tatib ko`ring. Sizga xush yoqadi, ozishga esa yordam beradi.

ShAHINA

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!