Grippga qarshi vaksina: Qaerda qilinadi, kasallikdan qancha muddat saqlaydi va narxi qancha?

12:51, 17 oktabr

Yaqinda turmush o`rtog`imning ish joyidan grippga qarshi emlashdi. Endi bolalarimni ham emlatmoqchi edim. Biroq grippga qarshi emlash haqida deyarli tushunchaga ega emasman. Necha yoshdan mumkin, qancha vaqt  kasallikdan himoya qiladi. Shu haqida batafsil ma`lumot bersangiz...

Komila A. Toshkent shahri

EMLANGANLAR“GRIPP”BO`LMAYDIMI?

  Darhaqiqat, havo harorati soviy boshlashi bilan barcha, ayniqsa bolalarning shamollashi, xususan gripp kasalligi keng avj ola boshlaydi. Bunday holatda har kim o`zi bilgan va sinalgan usullardan foydalanib, kasalikka qarshi kurashadi. Biz ham yuqoridagi murojaatdan kelib chiqqan holda grippga qarshi emlash borasidagi bir qancha savollarga soha mutaxassisi yordamida oydinlik kiritamiz. 

NOYaBR-MART — GRIPP MAVSUMI
D.Tursunova,Sog`likni Saqlash Vazirligi Sanitariya epidemilogiya nazorati Bosh boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari:  
— Gripp eng keng va tez tarqaladigan o`tkir yuqumli kasallik bo`lib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarda uchraydi va gripp virusining A, V va S turlari mavjud. Bu kasallik uchun mavsumiylik xos bo`lib, asosan kuz va qish oylarida ko`p ro`yxatga olinadi. Gripp kasalligi ko`rsatkichlarini mavsumiy ko`tarilishi yilning noyabr - mart oylariga to`g`ri keladi. Ayni paytda grippdan himoyalanishning eng samarali yo`li bu kasalikka qarshi emlashdir. 

Reslublikamizda grippga karshi emlash 1970 yillarda boshlangan bo`lib, u vaqtda kasalikkaqarshi vaksina faqat intronazal, ya`ni burun orqali tomizilgan. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida hozirgi kunda vaksinalarning yangi turlari ishlab chiqarilgan va aholi orasida grippga qarshi emlash yildan yilga ortib bormoqda.

KIMLAR EMLANIShI MUMKIN?
—  Eng avvalo shuni aytish kerakki, gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil, ayniqsa zaif, nimjon, ya`ni immun holati past bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklari bo`lganlarda ya`ni immuniteti past kishilarda tez rivojlanadi va og`ir kechadi. Shundan kelib chiqib, emlashga biror tibbiy cheklovlar bo`lmasa, 6 oylik chaqaloqdan boshlab barcha yoshdagi fuqarolarni emlash mumkin.

MA`LUMOT UChUN
—  Homilador ayollar homiladorlik davrining faqat ikkinchi yarmidagina emlanishi mumkin.

MAXSUS TAYYoRGARLIK ShARTMI?
—  Boshqa turdagi emlashlar kabi grippga qarshi emlanishdan oldin ham barcha emlanuvchilar tibbiy ko`rikdan o`tishlari shart. Bunda shaxsning organizmida boshqa biror turdagi xastalik bor-yo`qligiga qarab xulosa chiqariladi va shifokor ruxsat bergandan so`ngina emlash uchun ruxsat beriladi. Emlashdan oldingi tibbiy ko`riklar vaksina markazlarining o`zida malakali shifokorlar tomonidan olib boriladi.

KASALLIKDAN QANChA MUDDAT SAQLAYDI?
—  Emlash natijasida organizmda gripp viruslariga qarshi antitelolar paydo bo`ladi, organizmning immmunitet tarangligi ortadi va gripp virusiga qarshi chidamlilik hosil bo`lishi natijasida organizm gripp bilan og`rimaydi yoki kasallik engil shaklda kechadi. Emlangan shaxslarda 1 yil davomida grippga qarshi immunitet paydo bo`lib, shu davr ichida kasallikdan saqlaydi.

QAERDA EMLANADI?
—  Grippga karshi emlash majbuiy emlash jadvaliga kirmasligi sabab, epidemik ko`rsatma asosida tibbiy xodimlar va boshqa mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari davlat tomonidan emlanadilar. Aholi esa o`z xohishi bilan pulli vaksina markazlarida emlanishlari mumkin. 

NARXI QANAQA?
O`z xohishi bilan emlanuvchilar uchun emlash narxi qancha ekanligi bilan qiziqib, Toshkent shahridagi vaksina markazi bilan bog`landik. Ularning bergan ma`lumotiga ko`ra, ayni paytda Xitoy vaksinasi asosidagisi 65 ming so`m, Niderlandiya vaksinasi esa 75 ming so`m miqdorida bo`lar ekan.

Diqqat!
Fuqarolarda emlangandan so`ng nojo`ya o`zgarishlar bo`lsa, darhol tibbiyot xodimlariga murojaat qilishlari zarur.
Farida EGAMBERDIEVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!