Sevgi uchburchagining qurbonlari

12:57, 17 oktabr

Ushbu hikoya qahramonlari bilan yaqinda tanishib qoldim. Ularning hayotida sodir bo`lgan voqeani o`qib, turmush qurish ostonasidagi yoshlarning istaklari, tuyg`ulari haqida kattalar yaxshilab o`ylab ko`rishadi, degan niyatdaman…

Laylo. Uning doim kulib turadigan, aslida esa ma`yus ko`zlari Umarni sehrlab qo`ygandi. Ishxonasidan chiqishi bilan Laylo tomon shoshar, qizni uyiga kuzatib qo`yish katta baxt edi. Laylo ham sakkiz yildan buyon yigitga suyanib qolgan. Boshqa kim ham Umardek qayg`urardi, uni asrardi. Otasi o`z pushti kamaridan bo`lgan qizlarni tashlab ketgan. Onasi — butun umrini bolalariga baxshida qilgan, ro`zg`or, qizlarni uzatish tashvishlaridan, yolg`izlik azobidan charchagan ayol. Ba`zida Laylo onasiga Umar haqida so`z ochgisi  kelar, lekin cho`chirdi.

Sevishganlar kelajak haqida uzundan-uzun o`ylar surishar, hatto bolalariga ham ismlar topib qo`yishgandi. Laylo doim «To`ng`ich farzandim o`g`il bo`lishini istayman. O`zim akam yo`qligidan juda qiynaldim», derdi. Umar esa qizlari Laylodek lobar bo`lishini xohlardi. Afsuski, hammasi har doim istagandek bo`lmas ekan. Umarning ota-onasi o`g`lini uylantirish tashvishiga tushishgach, sevishganlarning ham tashvishi ortdi. O`g`lining suyganini haqida surishtirgan onaning birinchi aytgani «Bizga umuman to`g`ri kelmaydi. Ota-onasi ajrashib ketishgan ekan» degan gap bo`ldi. Umar otasidan najot kutdi. Ammo padarining qarori undan ham qa`tiy edi: «Tengi tengi bilan bolam!»

Umarning ko`ksida urib turgan bir parcha go`sht emas, yurakligini esa hech kim inobatga olmadi. «Shuncha yil o`qitdik, boqdik, katta qildik, endi bir qiz uchun bizga qarshi chiqasanmi?» degan ta`nalar uni ezib tashladi. Laylo esa barchasidan bexabar edi. Sevgi osmonida uchib yuribdi. «Shundoq ham ko`p qiynalgandi, yagona yupanchi, ishongani men bo`lsam…» deb o`ylardi Umar. Ota-onasi darrov tenglarini topdi. Otasining yaqin o`rtog`ining qizini kelin qilishadigan bo`lishdi. Hamma ish pishgach, Umarga Nasibaning suratini ko`rsatishdi. Yigit suratni qo`liga oldiyu, qayrilib ham qaramadi. Umarning o`ziga bo`lgan ishonchi ham, umidlari ham so`ndi. «Bo`lajak kelin bilan uchrashuvga chiq. Hozir eng chiroyli paytlaring», degan gaplarga: «Nima qilaman uchrashib, bir umr o`shaning yuziga qarab o`taman-ku», deya javob berdi.

Bir martagina majburan uchrashdi. To`y ham bo`ldi. Rasm-rusumlar joyida o`tkazildi. Ammo Umar to`ydan avval hamma ishni pishitgan. Sevganini o`z rejasiga ko`ndirgan edi.

«Ko`nglimda bir yor…»
— Men uchun Laylo hamma narsa, — deb hikoya qiladi Umar. — Undan yuz o`girish, shundoq ham qiynalgan qizni yolg`iz tashlab ketish — bunga ko`nglim bormasdi. Axir, uni sevaman! Avvallari boshqa ayolni rafiqam sifatida tasavvur ham qilolmasdim. Onam uylantirish tashvishi tushganidan keyingina ko`nglimga qo`l suqdi. Shu paytgacha biror marta tengiga uylanish kerak bo`lgan bolasining dardlarini tinglamadi-ku! Menda nima ayb? Layloda-chi? Nega unga osmon-osmon va`dalar berib, tengim emassan, degandek tashlab ketishim kerak? Nega endi ota-onam ko`z ostiga olib qo`ygan Nasibaga uylanishim shartu, o`zimning muhabbatimdan voz kechishim kerak?
To`g`ri, o`shanda ham bu savollar meni qiynagan. Javobsiz savollar. Ammo qo`limdan hech narsa kelmadi. Otamning ra`yini qaytara olmadim. Ular allaqachon Nasibaning uyiga sovchilikka borishgan, hamma narsani hal qilishgan edi. Yagona yo`l Layloni sha`riy nikohimga olish edi. To`ydan oldin hammasini unga tushuntirdim. Uch kun sevganim men bilan gaplashmadi. Biroq uning ham muhabbati kuchlilik qildimi, rozi bo`ldi. 
Nasiba men uchun bolalarimning onasi, onamning suyukli kelini. Laylo ismli xotinim borligini bilganida ko`ksimga mushtlab yig`ladi. Shartlar qo`ydi. Foydasi bo`lmadi. Chunki g`isht qolipdan ko`chib bo`lgandi. Uni joyiga qaytarish yana bir bolani etim qilish edi. Laylo avvaliga o`g`il, keyin qiz tug`ib berdi. Ba`zida ikkinchi xotinligi alam qilib yig`laydi. Balkim u qachondir butunlay qaytishimdan umid qilar. Xuddi Nasibaga o`xshab… 
Men bolalarimni doim birga bo`lishlarini istayman. Har kuni ishxonadan chiqib, ularni uyga olib kelaman. Nasiba ovqat tayyorlaydi, birga bir dasturxon atrofida ovqatlanamiz. Oldiniga onam bunga qarshilik qildi. Ammo «Xatoni biz qildik, bolalarda nima ayb?» degan gapimdan keyin indamadi. Sekin-sekin ikkinchi turmushimdagi bolalarimga ham mehri tushdi. Hozir o`sha paytda qattiq turmaganimdan afsuslanaman. Nasibaning goho ta`nali nigohlari, goho mehrga muhtoj ko`zlariga qaraganimda vijdonim qiynaladi…
«Suyganimning suygani bor»
— O`n sakkiz yoshda edim, — deydi Nasiba. — Bir dunyo orzular bilan turmushga chiqdim. O`qigan, kelishgan yigit bilan taqdirim bog`lanayapti deb xursand edim. To`y ham bo`ldi. Farzand kuta boshladim. O`sha-o`sha sovuq nigohlar ilimadi. Sezardim, erimning hayotida yana kimdir borligini. Katta qizim dunyoga kelganida erim yonimda turgan. O`shanda birinchi bor qo`llarimni mehr bilan ushlagan. Shundagina mehrini his etdim. Ammo bu ham men uchun emas, zurriyodini dunyoga keltirayotgan ayol uchunligini keyinchalik anglab etdim. Uylanganini eshitganimda o`zimni xo`rlangan va aldanganligimni butun vujudim bilan his qildim. Men kimman? Shu savol qiynaydi? Qaynonam atrofimda parvona. Suyukli va namunali kelinman. Bir kuni bolalarini olib ketib qolmasa bo`ldi, deya doim qosh-qovog`imga qarab turishadi. Erim uyga kelmaydigan kunlari yana ham mehribon bo`lib qolishadi. Hammasiga chidab yashayman. Erim uchun bolalarining onasiman, xolos. Uyga kelganida: «Yaxshi o`tiribsizlarmi?» degan savolidan charchab ketganman. Qo`ng`iroq qilib qolsa, bolalari-yu onasining hol-ahvolini bilish asnosida bu ham bor-ku, deya so`rashishlari jonimdan o`tib ketadi. Yonimda yotadiyu Laylosiga «SMS» yozadi, ertalab uyg`onishi bilan qo`ng`iroq qiladi. Shunchaki ularning holidan xabar olish uchunmas, sog`inganidan, chin dildan sevganidan, xavotirlanganidan... Men esa... odamlarning orasiga kirganimda falonchining xotiniman-u, o`zim bilan o`zim qolganimda hech kimman! Suygani unga istalgan paytda qo`ng`iroq qilishi, istalgan mavzuda erim bilan suhbatlashishi mumkin. Men esa faqat oilamizda nimadir yuz bergandagina erimga qo`ng`iroq qilaman. Chunki bizni faqat turmush degan rishtalar bog`laydi. Xo`sh, kimni ayblay? Tanigan-bilgan oila deya qizini uzatgan, endi el ichida ajrashibdi, degan gapni eshitmaslik uchun «chida» deyayotgan ota-onamnimi? Bolasini o`zi istaganiga uylantirishni xohlagan, «Bir kuni eringiz sizga qaytadi, ko`z ochib ko`rganisiz, axir», deb ovutib, to`g`rirog`i, aldab yashayotgan qaynonamnimi? Erimdan qanchalar nafratlanmay, shunchalar sevadigan o`zimnimi? Yoxud menda ham ko`ngil borligi haqida o`ylab ham ko`rmaydigan erimnimi? Bilmayman… Bilganim, qachondir bu omonat devor qulaydi.

Yo erimning o`zi butkul bizni tark etadi, yo men bu sovuq va soxta turmushimdan voz kechaman...
Tamg`a
— Yigirma to`rt yoshimda ikkinchi xotin bo`ldim, — hikoya qiladi Laylo. — Nima mening orzularim yo`qmidi? Oyoq-qo`lim sog`, risoladagidek qiz edim. Kelinlik libosi kiyishni istamasmidim? Hamma orzularimni sevganim uchun qurbon qildim. «Boshida otasi bo`lganida birovga ikkinchi xotin bo`lmasdi», degan ta`nalarni ham eshitdim. Yolg`iz qiynalib katta qilgan onamning alam ustidagi kaltaklarini ham edim. Nima uchun? Umar akani azbaroyi sevganimdan. Usiz hayotni tasavvur qilolmaganimdan. Bu «qahramonligim» evaziga bir umr boshida ko`tarib yurishga va`da bergan suyganim uchun.
Umar akaning yoshi endi o`ttizdan oshdi. Kundoshim esa yigirma beshda. Balki bu hammasi yoshlikning g`o`r xatolaridir. Ammo xatolarning to`g`rilashning iloji yo`q. Mening ham baxtli bo`lishga haqqim bor. Qaysidir ma`noda baxtliman ham. Erimning «Nasiba ota-onamning xizmatida. Uni shuning uchun hurmat qilaman», degan gaplariga ishongim kelmaydi. Har kuni bolalarimni kundoshim pishirgan kechki taom uchun olib ketayotganida ming xayolga boraman. «Nega butunlay men bilan yashamaysiz?» degan savolim javobsiz qolishidan yuragim tilka-pora bo`ladi. Ba`zan sevganimning xudbinligining qurbonimiz deb o`ylab qolaman. Meni birovlarga bergisi kelmaganidan, ikki ayol bilan davrini surib yuribdi degan xayollarga boraman. Yana o`sha qurg`ur sevgi bunday o`ylardan ustun keladi. Farzandlarim: «Buvimning uyidagi bolalar ham dadamni «dada» derkan, oyi. Ularning ham onasi sizmisiz? Nega hammamiz o`sha hovlida yashamaymiz?» degan savollaridan qiynalib ketaman. Ertaga katta bo`lishsa, onalarining ikkinchi xotin bo`lib yashashini tushunishsa, nima qilisharkan, deb o`ylanaman. O`rtamizda, muhabbat, farzandlar bo`lsa ham, qo`rqib yashayman.
Umarning ishi nomardlikmi yoki noilojlik? Balki uchalasi ham ota-onalarning havaslari qurbonidir? Umar o`zining kimligini isbotlash uchun ham Layloga uylangandir? Ota-onasining xatosiga shu yo`l bilan kurashmoqchi bo`ldimi?.. Aytgancha, hikoya orqali ularni butunlay qoralash yoxud oqlash niyatimiz yo`q. O`zlarining ham fikrini keltirdik.
Shoira ShAGIAHMEDOVA qog`ozga tushirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!