Yolg`iz onalarning 9 xatosi

14:12, 17 oktabr

Farzandni yolg`iz katta qilish oson emas. Agar hayot deb atalmish ummondagi kemaning yolg`iz kapitani bo`lsangiz, uni boshqarishda xato qilishga haqqingiz yo`q. Quyida siz yo`l qo`yishingiz mumkin bo`lgan xatolar haqida ogohlantirib, ularning oldini olish choralarini havol etdik.

  1. O`zingizni kuchli deb o`ylaysiz, ojiz bo`lishga yo`l qo`ymaysiz. «Hammasiga o`zim qodirman»,  deyish bir tomondan matonat belgisi bo`lsa-da, boshqa tarafdan anchayin xavfli pozisiya. Agar oilada erkak ham, ayol ham o`zingiz bo`lib, hamisha «doim tayyor» rejimida yurishingizga to`g`ri kelsa, bir kun kelib ruhiy zo`riqish va asabiy portlash yuz berishi mumkin. Xo`sh, unda bolalaringizga nima bo`ladi? Farzandlaringiz uchun ham o`zingizni asrashingiz kerakligini yodingizdan chiqarmang. Demak, zarur bo`lganda odamlardan yordam so`rashni biling. Ba`zida oddiygina suhbat ham katta madad bo`ladi. O`z imkoniyatlaringizni chamalab ko`ring. Balki vazifalaringizning bir qismini bolalarning otasi, buviyu bobolariga yuklash mumkindir.
  2. Siz butun e`tiboringizni faqat farzandlarga qaratasiz. Hatto butun umringizni ularga bag`ishlaysiz. Birinchidan, bu kelajakda muammolarni kelirib chiqaradi: kim uchundir butun olamning markazi bo`lish yosh bola u yoqda tursin, katta odam uchun ham ulkan yuk va mas`uliyatdir. Ikkinchidan, og`zingizdan «Sen uchun butun umrimni bag`ishladim», degan minnatli so`zlar uchmasligi va farzandingizning yuragini yaralamasligiga kafolat yo`q. Javoban undan «Sizdan shuni so`raganmidim?» degan gapni eshitsangiz, nima qilasiz? Unutmang, baxtiyor onalargina bolalariga baxt bera oladilar. Bolalaringiz siqilmay, ezilmay, erkin va baxtli katta bo`lishini istasangiz, o`z baxtingiz haqida ham qayg`uring, ular so`ramagan qurbonlikni qilmang.
  3. O`zingizni aybdor his etasiz. Masalan, bolangizni otasiz qoldirganingiz uchun. Axir siz ajrashmaganingizda, u ota-onalik, to`liq oila bag`rida katta bo`lardi-da. Endi otasi bilan yo umuman ko`rishmaydi, yo uni ko`rish uchun ma`lum kunlar, soatlarni kutishi kerak. Yoki siz yangi turmush qurmoqchisiz-u, ammo bolangizga o`gay otani ravo ko`rayotganingiz uchun ich-etingizni eyapsiz. Bu holatlar bolaning tarbiyasi va ruhiyatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi, deb o`ylaganingiz sayin anduhingiz orta boradi. Ammo aybdorlik tuyg`usi — bola tarbiyasida yomon maslahatchi. Bola sizda bu tuyg`uni sezgani zahoti qanday qilib so`zini o`tkazishni bilib oladi. Gap vaziyatda emas, unga munosabatingizda. Hatto eri bilan to`kis oilada yashayotgan ayol ham o`zini bolasi oldida aybdor his qilishi mumkin: vaqtida quchoqlamagani, so`ragan narsasini olib berolmagani, har kuni uyqu oldidan ertak o`qib berolmayotgani, ba`zida baqirib yoki qo`l ko`tarib yuborishi... Lekin bularning ortida onaning ulkan muhabbati bor. Bola shu muhabbatni sezib ulg`aysa bo`ldi.
  4. Bolangizni do`st va hamkor o`rnida ko`rasiz. Farzandlaringiz ancha ulg`ayib, endi sizni tushunadigan yoshga etishdi. Shunday fikr bilan ularga hamma tuyg`ularingiz, kechinmalaringizni aytasiz, moddiy qiyinchiliklardan noliysiz, qo`rquvlaringizni baham ko`rasiz. Xullas, uni hayotda «o`rinbosar»ga aylantirasiz. Ammo bola baribir hali yosh. Uning zimmasiga hayot tashvishlarini bu qadar erta yuklash yaxshi emas. Qo`ying, ayrim narsalarni u bilmay qo`ya qolsin, bolaligidan zavqlanib yashasin. Hasratlashishga opa-singil, dugonalar bor-ku.
  5. «Dadam qani?» degan savoldan qo`rqasiz. Bola shu savolni bersa, yo jahlingiz chiqadi, yo ko`zingiz yoshga to`ladi. Ammo sukut saqlash bilan vaziyatni yanada chigallashtirib yuborasiz. Bolakay bu sukut ortida sizning yurak og`riqlaringiz, hali bitmagan yarangiz va yana o`ziga noma`lum ayanchli nimalardir borligini sezadi, savollari ko`payaveradi, shubhalari ortaveradi. Kichkintoyni bunday qiynoqqa mahkum etmang. Bog`cha yoki maktabda o`rtoqlari orasida otasizligidan o`ksiydi, deb kuyunasiz, tengdoshlari otasi haqida so`rashganda bolamning boshi egilib qoladi, deb o`ylaysiz. Lekin bunchalik kuyunadigan joyi bormikan? Bolangizning otasi bor, u sizlar bilan turmaydi, xolos. Shu haqiqatni bola ongiga singdirgan durustroq. Bola yoshi 7 dan oshgach, otasi haqida batafsilroq gapirib berishingiz, bir paytlar bir oila bo`lib yashaganingiz, ammo taqdir taqozosi bilan hayot yo`llaringiz ayro bo`lganini aytishingiz mumkin. Xullas, bola haqiqatni bilsin, undan ortig`ini xayol qilmasin.
  6. Dilbandingizga otasi haqida yomon gaplarni aytasiz. Ajrashganingiz (va nima uchun ajrashganingiz) — siz va sobiq eringizning shaxsiy ishi. Bola kim kimni qachon qanday xafa qilgani haqida bilishi shart emas. Sobiq eringiz bilan qanchalik bosiq va do`stona munosabatda bo`lsangiz, bolangizning ruhiy xotirjamligi shunchalik sobit bo`ladi. Shuning uchun, birinchidan, qo`lingizdagi sobiq eringizga o`qtalgan qurolingizni ko`mib tashlang, bolaning oldida uning otasi bilan munosabatlarni oydinlashtirmang, eringizni yomonlash uchun dugonalar bor. Bola yomon odamning farzandi ekanini bilib, ko`ngli sinadi. To`g`ri, tashlab ketilgan, aldangan, haydalgan, xullas, alamzada ayolning sobiq eri haqida yaxshi gap aytishi qiyin. Ammo farzandingizning qalbini yaralamaslik uchun hech bo`lmasa sukut saqlashga odatlaning. Asabiylashmayotgan, xotirjam vaqtingizda esa farzandingizga otasining yaxshi sifatlarini gapirib bering. Kichkintoy katta bo`lgach, hammasini o`zi tushunib, xulosa chiqaradi.
  7. Shaxsiy hayotingizga nuqta qo`yasiz. Bola tarbiyasidan boshqa yana nima bilan shug`ullanish mumkin? Axir endi butun hayotingiz unga tegishli-ku. Ammo siz ham odamsiz, sizga ham ijobiy tuyg`ular, quvvat, shodlik kerak. Shunday ekan, sevimli ishingizda ishlang, dugonalaringiz bilan uchrashing, to`ylarga boring, hordiq chiqaring. Hayotdan qanchalik zavqlanib yashasangiz, bolangizni sevishga va uning erkaliklarini ko`tarishga shunchalik ko`p quvvat va kuch topasiz.
  8. Er-xotin birga yashayotgan oilalar bilan muloqotdan qochasiz. O`zingizni noqulay sezasizmi yo farzandingizning ko`ngli o`ksishidan qo`rqasizmi — xullas, bunday oilalardan uzoqroq yurgingiz keladi. Faqat o`zingizga o`xshagan ko`ngli yarimlar oldida yayraysiz, erkin nafas olasiz. Lekin bolangiz to`kis oila qanday bo`lishi kerakligini ham bilishi lozim-ku. Chunki u ham kelajakda oila quradi. Nahotki, u ham sizning xatolaringizni takrorlashini istasangiz? O`zingizning vaziyatingizni to`g`ri qabul qiling, unga xotirjam munosabatda bo`ling. Shunda bola hayotda hamma narsa bo`lishi mumkinligini anglaydi.
  9. Yangi oila qurishga shoshilasiz. Bolalaringiz esini tanib qolmasidan darhol boshqa erga tegib, hayotingizni izga tushirib olishga shoshasiz. Bu safar xatolarni takrorlamay, hammasini oq qog`ozga yangidan yozishga qaror qilasiz. Ruhshunosarning ta`kidlashicha, shoshganda xatolarni takrorlamaslik mumkin emas. Hadeb paydo bo`lib, yana yo`qolib qolaveradigan «yangi dada»lar esa bola ruhiyatiga qattiq zarba berishini unutmang. Eski ginalarni sovutib, munosabatlarni tugatib, alamlarni o`chirib, keyin yangi hayotga qadam qo`ysangiz, baxtli bo`lish imkoniyatingiz bir necha bor ortadi. Bu orada xatolaringizni tahlil, tuyg`ularingizni taftish qilasiz. Sizga aynan nima kerakligini bilib, keyin turmushga chiqsangiz bo`ladi. Shuningdek, endi oila qurmoqchi bo`lgan odamingiz bolangiz bilan til topishishi lozim. Buning uchun ham vaqt kerak. Shundagina sizning yangi hayotingiz osmoni beg`ubor bo`ladi.

Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!