«Menga o`g`il kerak! Menga esa qiz…»

14:42, 17 oktabr

Tug`ilajak bola jinsini aniqlash borasida turfa irimlarni siz ham ko`p bor eshitgandirsiz. Lekin ularni «zakaz» bo`yicha farzand dunyoga keltirishning eng ishonchli usuli deb bo`lmaydi. Axir «apparat o`g`il degan»-u, aslida qiz tuqqanlar (yoki aksincha) oramizda ko`plab topiladi. Eng achinarlisi, o`g`il kutayotgan, lekin o`sha apparat qiz «degani» uchun homilasini oldirgan, aslida esa u o`zi kutgan o`g`il ekanini bilib, ming nadomat qilganlar ham yo`q emas. Xo`sh, o`g`il yoki qiz kutayotgan, bo`lajak bola o`zi xohlagan jinsda tug`ilishini istaganlar nima qilsin, deysizmi? Keling, masalaga ilmiy nuqtai nazardan yondashib ko`ramiz. Sahifamiz eksperti — akusher-ginekolog Fazilat TOShBAEVA.

Antiqa urflar

  • Qadimiy xitoyliklar o`g`il tug`ilishi uchun yaqinlik chog`ida ayol boshini shimol tomonga, qiz bo`lishi uchun janub tomonga qo`yib yotishi kerak, degan irimga ishonishardi.
  • Olmon buvilari esa qiz tug`ilishi uchun u yomg`ir yog`ayotgan paytda urug`lanishi kerak, deb hisoblashgan. Agar urug`lanish quruq havoda sodir bo`lsa, buni tug`ilajak bolaning o`g`illigiga ishora deb bilishgan.
  • Ruslarda «agar og`iroyoq ayol homiladorlikning dastlabki uch oyida «engil yursa», o`g`il tug`adi, aksincha bo`lsa, qiz», degan irim bor.
  • Qorin uchli shaklda bo`lsa, o`g`il, yumaloq bo`lsa qiz tug`iladi, deydiganlar ham bor.

Aslida-chi?

Aslida shifokorlarning fikricha, ishonish mumkin bo`lgan atigi ikkita «irim» bor. Odatda tug`ilajak qizlarning onasida homiladorlik davrida tashqi ko`rinish o`zgaradi: yuzi biroz shishadi, burni, yonoqlari kattalashadi, pigment dog`lar paydo bo`ladi. «Onasining husnini o`g`irlabdi» degan gaplar shundan kelib chiqqan. Jajji go`zal onasining qornidayoq ayollar gormonlariga da`vogarlik qila boshlaydi. O`g`il bolalarni esa bunday «ikir-chikirlar» qiziqtirmaydi. Shuning uchun bo`lajak ona kun sayin go`zallashib boraveradi. Qolaversa, ma`lumki, qizlarning onasida o`g`il bolanikiga qaraganda homiladorlikning boshida ko`ngil aynishi kuchli bo`lmaydi. Balki bu qiz bola ayol organizmiga oson moslashib olishiga bog`liqdir.

Homila jinsini ona qorni shakliga qarab bilish borasidagi gaplarni ham tasdiqlab bo`lmaydi. Bu o`rinda hammasi homilador ayolning tos suyagiga bog`liq. Agar u tor bo`lsa, o`sayotgan bachadon oldinga — qorinning yumshoq old devori tomonga suriladi. Natijada qorin shakli uchli bo`ladi. Bu holatda esa bachadon ichida qiz bola bo`lishi ham mumkin.

Yarim asrlik tajriba natijasi

Amerikalik olimlar Lendran B.Shettlz va Devid M.Rorvik deyarli yarim asrlik vaqtlarini bo`lajak farzand jinsi ovulyasiya kunlariga qanchalik bog`liqligini tadqiq etishga bag`ishlagan. Ular quyidagi xulosalarga kelishdi:

  • Farzand jinsini aniqlash usullari jinsiy yaqinlik ovulyasiya vaqtiga nisbatan qay vaqtda bo`lishiga bog`liq.
  • Agar urug`lanish ovulyasiyagacha (taxminan hayz boshlanishidan 14 kun oldin) 2-3 kun qolganda yuz bersa, o`g`il bola tug`ilishi ehtimoli oshadi.
  • Jinsiy yaqinlik ovulyasiyadan 4-6 kun oldin yoki 2-4 kun keyin bo`lsa, qiz tug`ilish ehtimoli ko`p, deb hisoblashadi.
  • Agar jinsiy yaqinlik ovulyasiya vaqtiga to`g`ri kelsa, o`g`il bola tug`ilishi ehtimoli oshadi.

O`g`il xohlovchilar uchun…

Tuxum hujayra urug`lanayotganda o`g`il farzand bo`lishi uchun qo`shimcha vaziyatlarga ham e`tibor qaratish lozim. Masalan…

  • Yaqinlikdan 4 dan 7 kungacha saqlanish muhim. Shunda Y-spermatozoidlar oshadi va o`g`il tug`ilishi imkoniyati ortadi.
  • Olimlarning aniqlashicha, o`g`il bolalarga «javobgar» Y-spermatozoidlar unchalik chidamli emasligi uchun yuqori harorat ularga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
  • Qolaversa, erkakning kiyimlari (ayniqsa tananing pastki sohasiga kiyiladigan) qisib turadigan emas, keng bo`lishi ham muhim.
  • Rejalashtirilayotgan farzand o`g`il bo`lishi uchun maxsus parhez ham bor: baliq, kartoshka, qo`ziqorin, mevalar, ayniqsa o`rik, banan, gilos, olxo`ri… ko`proq iste`mol qilish tavsiya etiladi.
  • Tuxum qo`shib qorilgan non, vafli, sutda tayyorlangan konditer mahsulotlari, quymoqlar iste`molini chegaralash lozim.
  • Sut va sut mahsulotlari, kalsiyli mineral suvlar, xom karam, ko`kat, yong`oqlar, sutli shokolad, kakao, yashil dukkaklilar, ikra kabi mahsulotlar tavsiya etilmaydi.

Qiz farzand kutuvchilar uchun…

  • Sut mahsulotlari, ko`katlardan ko`proq iste`mol qilish lozim.
  • Tuzlangan, dudlangan ozuqalardan voz kechib turganingiz ma`qul.
  • Parhezga er ham, xotin ham ayolning hayz sikli boshlanganidan taxmin qilingan urug`lanishgacha, bo`yida bo`lgan ayolga esa yana 7 hafta davomida rioya etish tavsiya etiladi.
  • Sabzavotlardan kartoshka (chegaralangan miqdorda), baqlajon, lavlagi, sabzi, bodring, yashil dukkaklilar, piyoz, no`xat… eng.
  • Olxo`ri, gilos, banan, apelsin, qorag`at va o`rikdan tashqari hamma meva mumkin.
  • Go`sht iste`molini chegaralash lozim.
  • Tuxumdan esa voz kechmang.
  • Non imkon qadar droja va tuzsiz bo`lsin.
  • Shakar, asal, murabbo, shirinliklar juda foydali.
  • Gazlangan ichimliklar, konservalangan sharbatlar, pishloq, muzqaymoq, qovun, margarin, quruq mevalar tavsiya etilmaydi.

Xulosa o`rnida ta`kidlashni istardimki, juftliklar bir-birini sevsa, tushunsa, o`g`il tug`iladimi yo qiz, bunisi muhim emas. Chunki muhabbat hukmron oilada tug`ilgan bolada mehribon ota-onasi bag`rida baxtli bolalikni o`tkazish uchun barcha imkon bor! Eng muhimi ana shu!

Nilufar tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!