«Kelinim topganini otasinikiga tashiydi»

15:09, 17 oktabr

— O`g`lim Toshkentga o`qishga kelib bir qizga ko`ngil qo`ydi. Qiz o`ziga to`q xonadonda voyaga etgani uchun sovchilikka borganimizda ota-onasi bizni mensimay, qaytarib yuborishgan. Ammo muhabbatlari chin ekan, ikkovi ham aytganidan qolmay, oila qurishdi. Mana hozirgi kunda o`zlarining uy joylari, uch nafar gulday farzandlari bor. Shu yillar ichida qudalarimning xonadonidan baraka qochib, ancha qiynalib qolishdi. O`g`lim chet elga safarga ketganida kelinim o`zining nomiga rasmiylashtirilgan uyni garovga qo`yib, katta pul olibdi. Pullarni esa tadbirkorlik qilishi uchun otasiga bergan ekan. Ammo qudam kasod bo`lib, bolalarim uydan ayrilib qolishdi. “Farzandlarimni etim qilmayman” deb o`g`lim mardlik qildi. Xotinining xatolarini kechirdi. Biroq kelin tushmagur hanuzgacha odamlardan qarz olib, otasinikiga tashiydi. Yolg`iz farzand bo`lganida ham, balki, bunchalik achchiqlanmagan bo`lardim. Oilasida uch aka-ukasi  bo`lishiga qaramay, qudam quyovning topganini uyalmay ishlataveradi. Nima qilsam kelinim o`z oilasini o`ylaydigan bo`ladi? 

Zamira, 56 yosh, Buxoro viloyati

Qaynonajon: — Singlim, shunday aqlli o`g`ilni tarbiyalagan ekansiz, sizga rahmat. Biz, onalar “Keladigan kelin xonadonimizga fayz-baraka olib kelsin, qadami qutlug` bo`lsin” deb niyat qilamiz. Nima ham derdik, singiljonim, siz ham hayotni ko`rgan, tajribali insonsiz. Maslahatim, kelinni ham to`g`ri tushunishga harakat qiling. Kelinposhsha ota-onasiga mehribon, ularni deb qayg`uradigan farzand ekan. Umridan baraka topsin. O`g`illar kamharakatroq bo`lsalar kerak-da, qiz bola ota uyining ahvolidan ko`ngli to`lmay, ularga yordam bergisi keladi, chog`i. Otasi uy-joylar qilib bergan bo`lsa, o`sha yaxshiliklarni o`g`lingiz ham qaytargisi, og`ir paytda qo`llab-quvvatlagisi kelayotgandir. Qars ikki qo`ldan-da, singiljonim. Kimgadir o`g`ildan, kimgadir kuyovdan buyuradi, deganlari rost gap. Biroq kelinposhshaga har narsaning me`yori borligini tushuntiring. Erining topgan-tutganini hadeb tashiyversa, ro`zg`orining barakasi ketib qolishini yotig`i bilan ayting. Yoshlarning ko`ngliga tegmasdan gapirsak, albatta, tushunishadi. O`g`lingizga ularni yomon ko`rsatib hech narsaga erisha olmaysiz. Qudalarni yutug`i bizning ham yutug`imiz, baxtsizligi esa biz uchun ham omadsizlik, aslida. Duo qiling, o`g`lingizga, qudalarga ham Xudo insof bersin. Bu sinovli dunyo, Yaratgan bugun o`g`lingizning rizqini ziyoda qilgan bo`lsa, ertaga uni boshqalarga berishi ham mumkin.

Shahnoza Xaliilova, ruhshunos: — Tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, keliningiz kabi ota-onasiga tashiydigan ayollarni qayta tarbiyalashga urinishlar ko`p hollarda befoyda kechadi. Ularga qancha tushuntirsang ham, nasihat qilsang ham quloqqa olishmaydi. Chunki keliningiz hanuzgacha farzandlarini emas, ota-onasi va aka-ukasini asosiy oilam deb hisoblaydi. Kerak paytda pul topib beradigan opalari borligini bilgan ukalar ham o`zlarini ortiqcha urintirmaydilar. Shuning uchun vaziyatning echimini o`g`lingizdan qidiring. Agar u ayoliga ortiqcha mablag` tutqazmasa, pul masalasida qattiqqo`l bo`lsa, keliningiz ota-onasiga narsa tashishdan, bekitib pul berishdan tiyila boshlaydi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!