Karera qilish uchun 8 muhim qoida

15:19, 17 oktabr

1. «Ishim bitsa, bas», demang

Hamisha har bir topshiriqni tez va sifatli qilib bajarishga harakat qiling. Muhim ishlarni ikkinchi darajalisidan farqlashni o`rganing.

2. «Meni buni tushunmayman», deya ishdan bosh tortmang

Nafaqat o`z sohangiz, balki unga yaqin va bog`liqligi bor sohalarni ham o`zlashtirish lozim. Shunda professional xodimga aylanasiz. Buning uchun axborotlarga e`tiborli bo`ling, maxsus kurslarga qatnashing.

3. Ikkilanmang!

O`zingizning u yoki bu yo`nalishda chuqur bilimga egaligingizni isbotlamoqchi bo`lsangiz, har xil kanallardan olingan aynan bir ma`lumotni tahlil qilib, o`rganing. Bu yangi g`oyalar manbaini yaratadi. Biror bir yig`ilishda rostdan ham qiziqarli deb hisoblangan g`oyangizni rahbariyatga bildiring. Uni ravon tilda, aniq va qisqa bayon qiling. Ha, aytgancha, o`z fikringizni himoyalashni o`rganing! Bu xususiyat xizmat pillapoyasidan tez ko`tarilishni istaydiganlar uchun, ayniqsa, muhim.

4. Avval o`ylang, keyin so`ylang

Odamlarni tinglashni o`rganing va har biridan ijobiy jihat izlang. Maqtovlarga saxiy bo`ling, tanqid qilishga shoshilmang. Fikringizni bildirishdan oldin uni yaxshilab elakdan o`tkazing.

5. Reja asosida ishlang!

Dastlab qisqa muddatda erishishingiz kerak bo`lgan maqsadlarni yozing. So`ngra 4-5 yildan keyin o`zingizni qanday martabada ko`rmoqchiligingizni tasavvur qiling va sizningcha bunga qanday yo`l orqali erishish mumkinligini yozing. Qog`ozga tushirganlaringiz haqiqatga qancha yaqin bo`lsa, shuncha yaxshi.

6. Bahonalardan uzoq yuring

Rahbariyat biror topshiriq yuklaganda yoki oddiy ish kuni «oxirgi paytlar kayfiyatim yo`q», «oilam notinch» kabi vajlarni keltirmang. Bu ish sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Va atrofdagilarning sizga bo`lgan ishonchini so`ndiradi.

7. O`z ustingizda ishlang

Xatolaringiznidan to`g`ri xulosa chiqaring, ikkinchi marta takrorlamang. Yangi g`oyalar uchun kitoblar o`qing, izlaning. Bo`sh vaqtlaringizni kerakli ma`lumotlar to`plash bilan o`tkazing.

8. Ishoning!

O`zingizga, bilim va tajribangizga hamda atrofdagilarning sizga bo`lgan ijobiy munosabatiga ishonch bilan olg`a qadam tashlasangiz, barcha ishni uddalaysiz.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!