Behidan 4 hil resept

10:11, 18 oktabr

MURABBO: YoNG`OQ+LIMON

  • 1 kg.behi, 800 g.shakar, 1 st.suv, bitta limon, 100 gr. maydalangan yong`oq.

Tozalangan behini sakkiz bo`lakka bo`ling. Alohida idishda suv va shakarni qaynatib, qiyom tayyorlang. Qiyom maromiga etgach, behi bo`laklarini qo`shasiz. So`ng 10 daqiqa o`rta olovda qaynatiladi. Maydalangan limon va yong`oqni qo`shib, aralashtiring. Shu holicha 12 soatga qoldiriladi. Murabbo yana bir marta 5 daqiqa qaynatilib, so`ng bankaga solinishi mumkin.

 

DESERT: SMETANA QO`ShAMIZ

  • 3 ta behi, 300 gr shakar, yarim st.suv, 2-3 osh qoshiq smetana.

Urug`idan tozalangan behini to`rt bo`lakka bo`ling. Sirli idishga solib, ustidan suv va shakarni qo`shing. Engil aralashtirgach, 1 soat davomida past olovda qaynatasiz. Mevasi hiyol ezilib pishgach, likopchaga solib, ustidan qiyomidan qo`shing. Dasturxonga tortishda yuzasiga smetana surtishni unutmang.

 

PIROG: ASAL +DOLChIN

  • Xamiriga: 3-4 osh qoshiq suv, 80 gr.saryog`, 60 gr.shakar, 1 osh qoshiq qirg`ichdan chiqarilgan limon po`sti, 200-250 gr.un
  • Ichiga: yarim kg. behi, bitta apelsin, 1 choy qoshiq dolchin, 2 osh qoshiq asal, 50 gr.maydalangan bodom, 100 gr.smetana, 2 dona tuxum.

Pishiriq korji uchun ajratilgan masalliqlarni aralashtirib, xamir tayyorlang. Pishiriq qolipiga moslab yoyib oling. Tozalangan behilarni paraklang. Quruq tovaga asal, shakar, dolchin va apelsin sharbatini solib, mevani qo`shing. Biroz yumshashi bilan olovdan olasiz. Smetana va tuxumni ko`pirtiring. Nachinkani xamir ichiga joylab, ustidan smetanali aralashmani soling-da, 35 daqiqaga gaz pechiga qo`ying.

 

 QIShGA KOMPOT

  • 2 kg.behi, har bir bankaga 1 piyoladan shakar, 3 litrli banka.

Tozalangan behilarni to`rtga bo`lib, paraklang. Sterillangan bankalarga to`g`ralgan behilarni joylab, ustidan shakar soling. So`ng qaynab turgan suv bilan to`ldiring. Qopqog`ini yopib, 15 daqiqa davomida bug`li vannada ushlang. So`ng berkitib olishingiz mumkin.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!