“Andijon” futbol klubi bosh murabbiyi Orif Mamatkazin iste`foga chiqdi

12:06, 18 oktabr

Oliy liganing 25-turida safarda «Sho`rtan»dan uchralgan mag`lubiyatdan so`ng 17 oktyabr, dushanba kuni «Andijon» FK ofisida klubning navbatdan tashqari yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Undan jamoa vise-prezidenti, bosh direktori Abdisolomov Ma`rufjon Jamoldinovich so`z olib, oxirgi paytlarda «Andijon»ning qayd etayotgan natijasi qoniqarsiz bo`layotgani va jamoani kuchlilar safida olib qolish uchun yanada jiddiy ishlash kerakligini a`lohida ta`kidlab o`tdi.

Shuningdek yig`ilish chog`ida bungacha jamoa natijalariga javobgar bo`lib kelgan bosh murabbiy – Orif Mamatkazinning sog`ligi bilan bog`liq muammo yuzaga kelgani sababli  iste`foga chiqqani aytib o`tildi. Shu bois murabbiylar shtabida ham ayrim o`zgarishlar yuz berdi. Endilikda jamoa natijalariga klub vise-prezidenti, jamoa bosh direktori M.J.Abdisolomov javob beradi va qolgan uchrashuvlarda jamoani uning o`zi maydonga olib tushadi. Abdisolomovga Eldor Sakaev bilan birga mahalliy murabbiylar Vitaliy Legay, Rasul Rahmonov va Qobiljon Olimjonov yaqindan yordam beradigan bo`ldi.

Bungacha darvozabonlar bilan ishlagan murabbiy Server Esetov ham iste`foga chiqdi.

Dushanba kuni futbolchilar tushlikdan so`ng jamoa qarorgohida yig`ildi va «Metallurg»ga qarshi bahsga tayyorgarlikni boshladi. Shuni a`lohida ta`kidlab o`tish lozimki, kechagi mashg`ulotda Ma`rufjon Abdisolomovning shaxsan o`zi bevosita ishtirok etdi.

Jismoniy tayyorgarlik bo`yicha futbolchilar bilan Rasul Rahmonov ishlagan bo`lsa, darvozabonlarni Qobiljon Olimjonov shug`ullantirdi. Vitaliy Legay esa taktik-texnik mashg`ulotlarni olib bordi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!