O`zbekistonning tarixiy obidalaridagi ko`p asrlik sirlar oshkor etildi

12:21, 18 oktabr

Endi biz buyuk ajdodlarimiz bizga qoldirgan nomalarini o`qish imkoniga egamiz.

Tarix bizga butun dunyodagi millionlab insonlarning e`tiborini qaratgan o`rta asr arxitekturasining ajoyib dunyosini in`om etgan. Butun dunyodan bizning aynan mana shu me`rosimizni o`z ko`zi bilan ko`rish uchun millionlab insonlar tashrif buyurishadi. Ular uchun ushbu buyuk devorlarni o`z ko`zi bilan ko`rish, ularni qo`llari bilan his etishning o`zi bir umrga ta`tigulik baxt. Aksariyatimiz ushbu obidalarga nazar solganimizda u erdagi yozuvlar nima haqida gapirayotganini, ular orqali buyuk ajdodlarimiz bizga nimalarni qoldirmoqchi bo`lganliklarini bilishni istaymiz. Bugun o`zbek olimlarining ulkan mehnatlari natijasi o`laroq ushbu sirlar oshkor bo`ldi. Yangi yaratilgan “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitoblar turkumini o`qib chiqib ushbu sirlardan voqif bo`lish imkoni paydo bo`ldi.

Kuni kecha poytaxtimizning«International Hotel Tashkent» mehmonxonasida O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa hamkor tashkilotlar ko`magida tayyorlangan “Uzoq o`tmishdan maktublar: O`zbekiston obidalaridagi bitiklarda ta`lim, ma`rifat, tinchlik va bunyodkorlik” mavzusida “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining taqdimot marosimi bo`lib o`tdi.

Taqdimotda O`zbekiston Respublikasining ilmiy doiralari, davlat va jamoat tashkilotlari, hamda bir qator xalqaro tashkilot, diplomatik missiya va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Davra suxbati “UzbekistanToday”axborot agentligining 10-yillik yubileyi munosabati bilan tabrik qismidan boshlandi. Tadbir ishtirokchilariga Agentlik faoliyati to`g`risidagi videorolik namoyish etildi. 

Tadbirni professor, doktor, So`z erkinligini ta`minlash hamda OAVni isloh qilish bo`yicha Komissiya raisi Akmal Saidov olib bordi.

Ishtirokchilarga o`zbek, rus va ingliz tillarida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo , Farg`ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi tarixiy va  me`moriy obidalardagi epigrafik yodgorliklarga bag`ishlangan 12 ta kitob-albom, shuningdek Samarqan–Registon va Shohi-Zinda tarixiy majumualariga bag`ishlangan ikkita albom taqdim etildi.

Ma`ruzachilar o`z chiqishlarida epigrafika yodgorliklari dunyo madaniy merosining katta bir qismi ekanligini ta`kidlash barobarida  O`zbekiston obidalardagi bitiklar soni bo`yicha jahonda etakchi o`rinlardan birida turishi, ammo turli sabablarga ko`ra ushbu bitiklar haligacha o`rganilmagan va nashr etilmaganligiga yig`ilganlarning e`tiborini tortishdi. Ilmiy tadqiqotlar jarayonida me`morchilik yodgorliklaridagi 1500dan ortiq bitiklar (ularning ko`pchiligi ilk marta) o`qildi va tarjima qilindi. Jumladan, ular orasida 200dan ortiq she`r, pand-nasihat, dono hikmatlar, 150dan ortiq usta va xattotlar ismlari, 300 ta diniy va 150 ta bag`ishlov matnlari, 150 ta xronogramma, 100 ta tarixiy sanalar, 100 ta hukmdorlarning farmoyishlari va boshqalar mavjud.   

Alohida ta`kidlash joizki, “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi obidalardagi bitiklarni to`la o`rganish va bir xil ko`rinishda umumlashtirish bo`yicha jahonda yagona hisoblanadi. Obidalardagi ko`plab bitiklardan o`rin olgan yozuvlar barchani ta`lim olish, ma`rifatli bo`lish, tinchlik va bunyodkorlik sari chorlashi ularning nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishidan darak beradi.

Taqdim etilgan turkum kitoblar yirik loyihaning birinchi bosqichi bo`lib, uning davomi keyingi turkumda davom ettiriladi va ular avval o`rganilmagan epigrafik qadimiy yozuvlarni o`z ichiga oladi. Umumiy hisobda 25 jildlik kitob qilinishi ko`zda tutilgan.

Firdavs Abduxoliqov, “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining ijodiy guruh rahbari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist:

– “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi hukumatning sa`y-harakati bilan O`zbekiston hududidagi barcha tarixiy obidalardagi qadimiy yozuvlarni o`rganib umumlashtirilayotgan butun dunyoda yagona loyiha sanaladi. Avval bunday ishlar islom olamidagi biror-bir mamlakatda amalga oshirilmagan. Ta`kidlash joizki, ushbu izlanish yurtimiz Mustaqillikka ega bo`lganligi sharofati bilan amalga oshirilmoqda. Aynan Istiqlol tufayli barcha tarixiy obidalar tiklanib, ularga tarixdagi o`z o`rni qaytarildi. Eng ahamiyatli tomoni shundaki, har bir tarixiy yozuv pand-nasihat va dono so`zlarni o`z ichiga olib, har bir insonni ilmga va ma`rifatga chorlaydi.

Akmal Saidov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha parlament komissiyasi raisi, professor:

– O`zbekistondagi qadimiy yozuvlarni o`z ichiga olgan kitob-albom – bu o`zining ilmiy va madaniy ahamiyati bo`yicha misli ko`rilmagan loyiha sanaladi. O`zbekiston hukumati uni amalga oshirshini ilk kunlaridanoq qo`llab-quvvatladi. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham unga katta e`tibor qaratgandi. Loyiha bejizga mamlakatimiz Mustaqilligining 25-yilligiga bag`ishlanmagan.

Jon Makgregor, EXHT loyihalar koordinatori:

– Taqdim etilgan kitob-albom O`zbekistondagi noyob arxitektura yodgorliklari bilan tanishish va ulardagi buyuk ajdodlar qoldirgan yozuvlarning ma`nosini o`qish imkonini beradi. Ushbu murakkab ish nafaqat O`zbekiston, balki boshqa davlatlar uchun ham juda muhim.

Myusha Sever, “Hududiy dialog” vakolatxonasining O`zbekistondagi rahbari:

 – Ushbu kitoblarning ayrimlari bilan shaxsan tanishib chiqdim. Taasurotlarimni ifodalashga so`z ojizlik qilmoqda. Bu darhaqiqat asrlar osha bizga etib kelgan bilimlar xazinasi. Bu Sharq va G`arbni bog`laydigan o`ziga xos ko`prikning yana bir poydevori. Bunda esa G`arb ko`prikning u tomonida o`ziga xos sharq go`zalligini ko`rishi, tinchlik va barqarorlikni yaratishga chaqiruvni eshitishi mumkin.

 

 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!