Bola tarbiyasidagi 6 xato

14:17, 18 oktabr

Psixologiya fani bo`yicha qator ilmiy adabiyotlar muallifi Tim Elmor bola tarbiyasida yo`l qo`yiladigan xatolar xususida quyidagilarni ma`lum qiladi. O`qib ko`ring, balki izlayotgan savollaringizga javob toparsiz!

1. Keragidan ortiq e`tibor!

Bola kichikligida yiqilib tushsa, mustaqil o`rnidan turishi kerak. Ana shunda ulg`aygach, turli fobiyalardan xoli bo`ladi. Biroq aksariyat ota-onalar «yiqilib tushsa-chi, turtib yuborishlari mumkin» degan xavotir bilan e`tiborni keragidan orttirib yuborishadi.

2. Yordamga shoshilamiz!

«Darsingni oying bilan tayyorla, kiyimlaringni opang kiydirib qo`yadi» Eh, nabiralari uchun qayg`urgan buvijonlar bolaning shaxs sifatida shakllanishiga to`sqinlik qilishayotganini bilishsa edi. To`g`ri, bolaga ko`maklashish kerak. Ammo mustaqilligini ham chegaralab qo`ymang-da.

3. Rag`batlantiramiz, kerak bo`lmsa ham...

Ilgari o`yinchog`u shirinliklar bilan chalg`igan bolalarni bugun uyali telefon, komyuter yoki internet bilan «yo`lga solishadi». Hatto ba`zi hotamtoy ota-onalar pullik rag`bat yo`lini ham o`ylab topishgan. Ammo bu noto`g`ri! Bu bilan unda qiziqish uyg`ota olasiz, ammo ta`magirlikni ham shakllantirib qo`yishingiz mumkin.

4. Yaxshisi bolamga...

Kayfiyatingiz yo`q, toliqqansiz. Ammo farzandingiz sayrga olib chiqishni yoki biror egulik tayyorlab berishni talab qilayapti. Unga yon bosish, «Mening istagim, hammasidan ustun» degan tushunchani yuzaga keltiradi. «Yo`q», «Keyinroq», «Men charchadim» kabi jumlalar bilan boshqalar holatiga kirishishni ham o`rgatib boring.

5. «Buvang shunday jazolardi-ki...»

Quloqsizlik qilgan yoki maktabda past baxo olgan bolani jazolashda aksariyat ota-onalar bolalikdagi xotiralarga berilishadi. «Dadam bizga shunday tanbeh bergan», «Ikki soat och qoldirgan» kabi usullar, sizningcha to`g`ri. Ammo bu bolalikdagi arazni shu yo`l bilan chiqarib olish, xolos.

6. Gapiramiz-u, o`zimiz bajarmaymiz!

Oddiy holat: farzandingizga mas`uliyat haqida gapirib, ertasiga ishga borgim yo`q, deysiz. Xo`sh, buni ko`rgan bola so`zlaringizni qanday tushunsin?! Yoki pulni tejash kerak deysiz-u, «Dadasi dugonam falon so`mlik ko`ylak sotayapti, bir ilojini qiling. Kiymasam o`lib qolaman» degancha diydiyo qilasiz. Bola esa sizdan namuna oladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!