18 oktyabrdan Toshkentda issitish mavsumi boshlanadi

14:52, 18 oktabr

2016 yilning 18 oktyabr kuni Toshkent shahar hokimi “Toshkent shahrida 2016-2017 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish va issiqlik energiyasi bilan ta`minlash to`g`risida”gi 938-sonli qarorga imzo chekdi.

Ushbu qarorga ko`ra, yurtimizga sovuq havo oqimining kirib kelishi munosabati bilan  aholiga qulayliklar yaratish, ijtimoiy soha ob`ektlarida xizmat ko`rsatish sharoitlarini yaxshilash maqsadida  Toshkent shahridagi markazlashgan issiqlik ta`minotidan foydalanuvchi iste`molchilarni issiqlik bilan ta`minlashga o`tiladi.   

“Toshkent issiqlik elektrmarkazi” AJ, “Toshkent issiqlik markazi”, “Toshissiqquvvati” IChB UKga markazlashgan issiqlik tizimining barcha qismlarini tekshirish imkoniyatini ta`minlash uchun 18 oktyabrdan Toshkent shahar issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakatini ishga tushirish vazifasi topshirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xabar berdi

Qarorda  issiqlik ta`minoti, ijtimoiy soha ob`ektlari rahbarlariga tuman hokimliklari bilan hamkorlikda ijtimoiy soha ob`ektlari, xususan, ta`lim muassasalari, kasalxona va poliklinikalarni 2016 yil 19 oktyabrdan, aholi turar-joy binolarini esa 20 oktyabrdan muntazam isitishga kirishishni tashkil etish topshirilgan.   

Shuningdek, “Toshkent issiqlik elektrmarkazi” AJ, “Toshkent issiqlik markazi” va “Toshissiqquvvati” IChB UKga poytaxtda 2016-2017 yilgi isitish mavsumi davrida uzluksiz tabiiy gaz, suv ta`minoti va elektr energiyasini etkazib berish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Toshkent shahar Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasiga   ko`p kvartirali uylarda issiqlik ta`minoti tizimining barqaror ishlashi uchun mutasaddi xodimlar va aholi tomonidan qoidalarning buzilishiga yo`l qo`ymaslikni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!