«Irimchiligim farzandlarim hayotida aks etdi…»

15:57, 18 oktabr

«Odamlarni o`zimning qarichim bilan o`lchaganim uchun farzandlarim baxtsiz bo`lishdi. Afsus, bular mening kasrimga bo`layotganini juda kech tushundim...», deya o`zini tanishtirdi jizzaxlik muxlisamiz Gulnora opa...

Bolaligimdan bir yomon odatim bor. Betob bo`lganlar va baxtsiz kishilardan uzoqroq yuraman. Onam ko`p bora «Bu ishing yaxshi emas, odamlarning dilini og`ritasan», deb tanbeh berardi. Turmushga chiqqanimdan keyin ham bu odatim qolmadi. Qaynonamning yaqin dugonasi Nazokat xolani yuzidagi chandig`i tufayli yoqtirmasdim. Biznikiga chiqsa ham so`rashishga og`rinardim. Qaynonam «Gulnoraxon, birovni ko`nglini og`ritish gunoh. Kim nimadan qochsa, peshonasidan chiqadi», derdi. Men esa na qaynonam, na erimning gaplariga quloq soldim. Mahallada biror yig`in bo`lsa, o`ziga to`q xonadonlarga qo`shilardim. Erta bevaga aylangan, befarzand va turish-turmushi nochorlardan uzoq yurardim. Go`yoki ularning «baxtsiz»ligi menga ham yuqib qoladigandek.

Shu zaylda yillar o`tib, birin-ketin ikkita farzandli bo`ldim. Alohida hovliga ko`chib o`tdik. Yoshimga yosh qo`shilgani sayin ahmoqona fe`lim bosilishi o`rniga battar avj olib borardi. Ammo buni tan olishni istamasdim. O`g`limni to`yida kimdir ukamning qizlarini kuyovning tizzasiga o`tqazib qo`yibdi. Buni ko`rib, jahlim chiqib ketdi. Javdirab qarab turgan onamga esa «Keliningiz ketma-ket qiz tuqqan, mening birinchi nabiram o`g`il bo`lishi kerak!» deya gapirdim. Bu gapni boshqalar qatori kelinim ham eshitgandi. Ammo tilini tishlagancha jim qoldi. Yana kelin salomga qoladiganlarni saralay boshladim. Qaynsinglim birinchi turmushidan farzandi bo`lmagach, xotini vafot etgan insonga turmushga chiqqandi. Shu bois, uni to`yga aytishga og`rindim. Hatto kelin-kuyovning chillali uyiga ham kirmaydi deb oyoq tirab oldim. Shundan so`ng qizimga yaxshi joydan sovchi chiqib, uzatish harakatiga tushdim. O`sha paytlarda qaynonam qandli diabet kasaliga chalingandi. Bir kuni qaynonam va onam biznikiga mehmonga kelishdi. O`shanda qaynonam o`tirgan ko`rpachaga onamni o`tkazishni istamay, yangisini yonidan solib, joy hozirladim. Bu ishimdan onam xijolat bo`lsa-da, men parvoyimga ham keltirmadim. Qaynonam esa «Qizim, kasalim yuqumli emas, xavotir olmang», deya qattiq ranjidi. To`yga ham boy-badavlat yashaydigan qo`shnim Sanobarxonni bosh-qosh qildim. Bundan norozi bo`lgan erimga «Sanobarxon har tomonlama o`zidan tingan. Dang`illama uyi, qo`sha-qo`sha mashinalari bor. Ikkita o`g`li ham chet elda. Qizini-ku manaman degan boylarga uzatgan», deya ma`ruza o`qidim. Menga gapirish befoyda ekanligini bilgan erim oxiri ishlarimga aralashmay qo`ydi.

Bir-birini quvlab yillar o`tdi. Men irim qilgan qaynsinglim qirq yoshida ona bo`ldi. Ukamning xotini esa oradan besh yil o`tib, qo`shaloq o`g`illarni dunyoga keltirdi. Qaynsinglim farzandli bo`lgan yili qaynonam qolib, soppa-sog` yurgan onam dunyodan ko`z yumdi. Orzu-havas bilan uylagan o`g`lim esa farzandli bo`lolmay ikki marta oila qurdi. Haligacha bolasi bo`lmayapti. Qizim ham qaynonasi bilan kelisha olmaydi. Deyarli har kuni  biznikida. Farzandlarimning taqdirini o`ylab turmush o`rtog`im ko`p kuyunadi. «Hammasiga sen aybdorsan! Har kimdan ayb qidiravermay, bolalaringga yaxshilik tilaganingda bunday bo`lmasdi…» deb yuzimga soladi. «Bemorlarning holidan xabar olishni xushlamasding. Mana o`zing ham shunday odam bilan yashayapsan-ku», dedi erim o`limidan bir necha oy ilgari.

Haqiqatan ham bir vaqtlar qaynonam aytganidek, nimadan qochgan bo`lsam, bari yo`limdan chiqdi. Ellik yoshimda beva bo`lib qoldim. Bir vaqtlar men xavas qilgan boy qo`shnim esa tez orada kasodga uchrab, uy-joyini sotdi-yu ko`chib ketdi. Eshitishimcha, o`g`illari xorijdan kelishni istamay o`sha erda qolishgan, ota-onasidan xabar olishmas ekan. Orzulab uzatgan qizi bir vaqtlar yoqtirgan yigiti bilan topishib, turmushidan ajrabdi.

Har narsaning hikmatini boshingga dard kelganida tushunasan deganlari rost ekan. Fe`limning ahmoqonaligini kech tushunib etdim. Dilini og`ritganlarim endi yonimda emas. Qolgan umrimni hayotim davomida qilgan gunohlarimga istig`for so`rash bilan o`tkazmoqchiman. Zora hayotim iziga tushib ketsa... 

DILDORA qog`ozga tushirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!