Eringiz qiyo ham boqmayaptimi? Uni tushunishga harakat qiling!

16:06, 18 oktabr

Har bir qiz turmushga chiqish haqida orzu qilganida, albatta yonida uni sevuvchi, ardoqlovchi insonni tasavvur qiladi. Ideal holatda biz erkaklarni o`ta ehtirosli ekani, birinchi turmush kechasidanoq hayotida u uchun o`zimizni eng asosiy ayol sifatida qo`yishimizga ishonamiz. Ammo bu o`y-xayollarga asoslangan orzular real hayotda o`z tasdig`ini topmaganidan so`ng erkakni hali bee`tiborlikda, hali ikkinchi xotini borlikda, hali hissizlikda ayblaymiz. Bu biz–nozik hilqatlarning tug`yonlari. Aslida erkaklar ayoldan nimani qay tarzda kutadi? Bu kutishlar biznikidan farq qiladimi? Ularning idealidagi intim munosabatlar qanday bo`lishi kerak? Ushbu savollarga javob topishni istasangiz, sahifani diqqat bilan o`qing.

 

Ishbilarmonlik sindromi

Ba`zi erkaklar tirikchilik vajidan o`zini hali u yoqqa, hali bu yoqqa uradi. Ayrimlari xorijiy davlatlarga tez-tez safar uyushtirgani uchun soat vaqt mintaqalari farq qiluvchi sharoitlarga ko`nikishga majbur bo`ladi. Shunday tig`iz vaziyatda jinsiy yaqinlikka ehtiyoj tug`ilarkanmi?! Axir u bechoraning oxirgi marta qachon to`yib uxlagani ham yodida yo`q-ku! Mabodo siz biz tilga olayotgan ishbilarmonlar toifasiga mansub bo`lib, xotiningiz erlik “vazifangizni” ado etmayotganingizdan noliyversa, maslahatimiz, mana shu oxirgi loyihangizni tugating-u, telefon, kompyuterlarni uyda qoldirib, chet elga endi xotiningizni birga olib jo`nang. Biznes emas, yana bir karra asal oyiga!

Yodingizda bo`lsin: ortiqcha stress, hissiy va aqliy bosim potensiyaga salbiy ta`sir ko`rsatadi.    

 

“Bu” yosh bilan ham bog`liq ekanini unutmang

Biz odatda ilk nikoh kunlari, asal oyi, chimildiqda o`tkazgan chilla davrlarini o`zgacha sog`inch bilan eslaymiz. Hozir esa... Yaqinda 55 yoshlardagi bir tanishim hasrat qilib qoldi: “Oxirgi paytlar oyda, 2 oyda bir ayolim bilan xos xonada “uchrashayapmiz”. Ayolim o`zimdan 15 yosh kichik. U ko`pincha mendan norozi bo`layapti, ba`zan boshqa ayolim borlikda ham ayblayapti. Yoshim o`tayotganini ech tan olgisi yo`q”.

Ana shunday erkaklarning ayollariga aytarimiz: turmush o`rtog`ingizni tushuning. Erkaklarda jinsiy faollik davri 30-35 yoshga to`g`ri kelsa, ayollarda bu 35-40 yoshlarda yuz beradi.

Hozirda jinsiy yaqinlik avvalgiga nisbatan kamroq sodir bo`layotgan bo`lsa-da, yorqinroq va ehtirosliroq ekanini tan olarsiz.

 

Bu haqda ehtiyot bo`lib gapiring!

Ba`zi erkaklar ayolining shaxsiy gigiena bilan etarli darajada shug`ullanmasligini aytishga istihola qiladi. Jinsiy yaqinlik paytida keladigan noxush hidlarni bartaraf eta olmaganidan asta-sekin xotindan «sovish» boshlanadi. Bunday hollarda erkak ozroq aktyorlik mahoratini ishga solishiga to`g`ri keladi. Masalan, noxush hidlar manbasi sifatida o`zini ko`rsatib, ayolidan buni tasdiqlash uchun so`raydi(Masalan, «og`zimdan yomon hid kelmayaptimi?»). Yoki odatdagi jinsiy yaqinlikdan avval anchadan beri yuvinmaganini aytib, vanna qabul qilib olishni taklif qiladi. Aytmoqchimizki, agar ayolingiz shaxsiy gigiena bilan shug`ullanish kerakligini jiddiy qabul qilmasa, o`zingiz unga namuna bo`ling.

 

Avvalo hurmat…

Er-xotin o`rtasida turmushda, ro`zg`or vajidan bo`lib turadigan urush, janjallar «to`shak»dagi kayfiyatga ham ta`sir qilmay qolmaydi. Jiqqi musht bo`lib, stress, depressiya paytlari erkakda jinsiy yaqinlik uchun deyarli xohish bo`lmaydi. Shuning uchun ayol oilada erkak oldidagi hurmatini saqlashi, uning ishonchini qozonishga harakat qilishi kerak.

Oliy toifali shifokor, androlog-seksapotolog Ramazon NAZAROV tavsiyalari asosida tayyorlandi.

Ziyod MAMATQULOV

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!