Jasur Abduraimov: Futbolchilar xarakter ko`rsatishdi

09:29, 19 oktabr

O`zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov Avstraliya U-19 termasiga qarshi (3:2) o`yinda o`z xarakterini ko`rsatgani uchun futbolchilarga raxmat aytdi. Uning so`zlarini O`FF matbuot xizmati keltirdi. 

“Bugun juda qiyin raqibga qarshi o`yinda muhim g`alabaga erishdik. O`yinning ilk daqiqalaridan, to so`nggi daqiqalargacha maydonda qattiq kurash kechdi. Ikkinchi bo`limda juda qiyin vaziiyatlarda jamoa ajoyib o`yin namoyish etdi. So`nggi daqiqalargacha kurashgan va o`z xarakterini namoyish etgan futbolchilar bilan faxrlanaman. Bugungi o`yindagi jasurlik va matonat uchun ularga rahmat”, - dedi O`zbekiston U-19 terma jamoasi ustozi.

“Keyingi o`yinga ertadan tayyorgarlikni boshlaymiz. Keyingi o`yinda kimlar maydonga tushishini ayta olmayman. O`yinga yaqin tarkibni aniqlaymiz. Ammo, aniq aytishim mumkinki, Xitoyga qarshi o`yinda maydonga tushadigan futbolchilarning barchasi faqat g`alaba uchun o`ynashadi”.

“Biz raqib tanlamaymiz. Avval ham aytganimdek, o`zimizning o`yinlarimiz haqida ko`proq o`ylaymiz. Maqsadimiz o`yindan o`yinga yaxshiroq va kuchliroq o`yin namoyish etish. Pley-offda kim bilan o`ynashning ahamiyati yo`q. Har qanday raqibga qarshi o`ynay olish kerak. Raqib tanlash yaxshi emas. Bu noto`g`ri va salbiy oqibatlarga olib keladigan fikr”, - dedi Abduraimov.

Ufuk Talay (Avstraliya): “Bugun o`yinimiz qovushmadi va xatolarimiz evaziga imkoniyatni boy berdik. O`zbekiston himoyada yaxshi o`yin namoyish qilishini va bizga bugun gol urish oson bo`lmasligini bilar edik. Xatolarimiz ustida ishlaymiz va navbatdagi o`yinda ularni takrorlamaslikka harakat qilamiz”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!