O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o`rinbosari bilan uchrashdi

10:15, 19 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 2016 yil 18 oktyabr kuni Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutladi va Kuvayt Davlati Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi.

Saboh Xolid al-Hamad as-Saboh Kuvayt Amirining salom va ezgu tilaklarini etkazdi.

Suhbat chog`ida ushbu uchrashuv ikki tomonlama do`stlik robitasini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

O`zbekiston va Kuvaytning qator mintaqaviy va xalqaro masalalarga yondashuv va qarashlari o`xshash, ko`p jihatdan bir-biriga yaqindir. Ikki davlatning dolzarb muammolarni echish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, tahdidlarni bartaraf etish va xavf-xatarlarning oldini olish masalalariga  qarashi bir xil. 

O`zbekiston Kuvayt bilan turli nufuzli xalqaro anjumanlar va tuzilmalar doirasida o`zaro hamkorlik ko`lamini kengaytirib bormoqda.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2004 yilda Kuvaytga, 2008 yilda Kuvayt Davlati Amiri shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning O`zbekistonga tashriflari ikki davlat o`rtasidagi munosabatlar rivojiga yangi sur`at baxsh etib, o`zaro hamkorlikni yuqori bosqichga ko`tarishga xizmat qilgani alohida qayd etildi. Mazkur tashriflar doirasida imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalarning shartnomaviy-huquqiy poydevorini yaratdi.

Uchrashuvda O`zbekiston – Kuvayt munosabatlarini yanada yuqori bosqichga ko`tarish, hamkorlikning yangi sahifasini ochish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklik ko`lamini oshirish maqsadida kelasi yilning birinchi choragida o`zaro hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiyaning majlisini o`tkazishga kelishib olindi. Komissiyaga ikki tomondan ham Bosh vazirning birinchi o`rinbosari maqomida raislar tayinlangani O`zbekiston va Kuvaytning katta intilish va alohida ishtiyoq bilan ishga kirishayotganidan dalolat beradi.

Bu o`rinda Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg`armasi O`zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarida faol ishtirok etayotganini ta`kidlash joiz. Hozirgi kungacha mazkur jamg`armaning imtiyozli kreditlari hisobiga suv ta`minoti, transport infratuzilmasi va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 60,6 million AQSh dollariga teng 3 loyiha amalga oshirilgan. Shuningdek, kardioxirurgiya, irrigasiya va avtomobil yo`llarini ta`mirlash sohalarida 72,5 million dollarlik yana 4 loyiha ijrosi davom etmoqda.

Madaniy-gumanitar hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Kuvayt vakillari yurtimizda tashkil qilinayotgan turli madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. 2007 yili «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida Kuvayt oliy madaniyat va san`at institutining musiqiy guruhi bosh sovrinni qo`lga kiritgan.

Munosabatlarni rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish maqsadida turli darajalarda, jumladan, oliy darajada  o`zaro tashriflarni amalga oshirish zarurligi ta`kidlandi. O`zbekiston tashqi siyosat mahkamasi rahbarining Kuvaytga bo`lajak tashrifi bu boradagi kelishuvlarni ro`yobga chiqarishda muhim qadam bo`lishi qayd etildi. Shavkat Mirziyoev fursatdan foydalanib, Kuvayt Davlati Amirini O`zbekistonga taklif qildi.

Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentda «Ta`lim va ma`rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo`l» shiori ostida tashkil etilgan 43-sessiyasida ushbu tuzilmaga raislik Kuvayt Davlatidan O`zbekiston Respublikasiga o`tdi. Shu munosabat bilan Kuvayt tomoni O`zbekiston rahbariyatining tashkilotga raislik davrida amalga oshirish borasida ilgari surgan taklif va tashabbuslariga yuksak baho berib, ularni to`la qo`llab-quvvatlashini, bu yo`nalishda keng ko`lamli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!