Bosh vazirning virtual qabulxonasiga muammolari tezda hal qilinayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan minnatdorlik xatlari jo`natilmoqda

10:39, 19 oktabr

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov «Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch» kitobida «yuksak irodali insonga suyanish mumkin»ligini ta`kidlagan: «Bunday kishilar boshingizga biror-bir tashvish yoki muammo tushgudek bo`lsa, loqayd qarab turolmaydi. Hech ikkilanmasdan, yoningizda turib, qo`lidan kelgancha yordam berishga, qiyinchiliklarni siz bilan birgalikda engishga harakat qiladi».

Bugun O`zbekiston hukumati portalida faol ishlayotgan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga (pm.gov.uz) yurtdoshlarimizdan muammolari, ariza va shikoyatlari tezda hal qilingani uchun minnatdorlik xatlari, hayotiy takliflar kelib tushmoqda. Ularni o`qirkansiz, Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruvidagi «Kuch – adolatda» shiori barhayot va bardavomligiga, Birinchi Prezidentimiz ta`kidlagan «iroda – bu aslida mustahkam ishonch» hikmati naqadar hayotiy haqiqat ekaniga yana bir bor amin bo`lasiz.

Yangiyo`llik Alisher Tursunov shu yil boshida tuman Er uchastkalarini berish (realizasiya qilish) masalalarini ko`rib chiqish komissiyasi o`tkazgan tanlovda g`olib bo`lib, 38 gektar erda «Baxt Kamol Erki» fermer xo`jaligini tashkil etgan. Fermerning aytishicha, bu yil g`alla shartnomasini 110 foizga bajarib, niyati g`allaning puliga kichikroq bir traktor sotib olish edi. Biroq «O`zdonmahsulot» AK tarkibidagi «G`alla-Alteg» aksiyadorlik jamiyati fermer xo`jaligining 50 million so`m pulini bermay, tadbirkorni uch oy sarson qilgan.

– Shu uch oy ichida deyarli barcha vakolatli tashkilotlarning «Ishonch telefoni»ga qo`ng`iroq qildim, foydasi bo`lmadi, bu yoqda erni haydab bergan traktorchilar kunora uyimga kelib pulini qistaydi, – deydi A.Tursunov. – Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaatimdan so`ng uch oyda bitmagan ishimni uch kunda hal qilib berishdi: ko`nglim tog`day ko`tarilib ketdi, traktorchilardan ham qarzimni uzdim. Bu virtual qabulxona biz, tadbirkorlar uchun suyanch tog`i bo`lmoqda, bu bizni yanada katta kuch-g`ayrat bilan ishlashga undamoqda.

Bosh vazirning virtual qabulxonasi, ayniqsa, qishloq joylardagi aholining huquqiy madaniyati oshib borishida samarali vosita, oydin ko`zgu bo`lmoqda. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan Gulixon Vafoeva 6 oktyabrda jo`natgan xatida shunday yozadi: «Hurmatli O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri. Sizga uch masala bo`yicha amaliy yordam so`rab, ariza tashlagandim: oilaviy, qishloq sharoiti va «Ucell» kompaniyasida mobil aloqa yaxshi emasligi haqida. Mutasaddilar kelib, oilaviy va qishloq xo`jaligi masalalarini hal qilib berishdi. «Ucell» kompaniyasi vakillari qishlog`imizga antenna o`rnatish bo`yicha ishlarni boshlab yubordi. Qishloqda yashayotgan bizdek oddiy fuqarolarning dardiga quloq tutib, masalalarimizni hal etib berayotganingiz misolida sizning Birinchi Prezidentimiz g`oyalariga naqadar sodiq ekaningizga amin bo`ldik».

Yana bir misol: Buxoro viloyati Olot tumanida istiqomat qiluvchi Norjon Safarova yaqinda do`kondan ikki qop un sotib oladi. Aytishicha, avvalo, plastik kartochka orqali savdo qilgani uchun unga unni qimmatroq sotishadi. Boz ustiga birinchi nav deb berilgan un ancha sifatsiz bo`lib chiqadi. N.Safarova do`kondor bilan kelisholmagach, adolat izlab tuman soliq idorasiga boradi. U erda ayolga Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasining «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishni aytishadi. Qo`mitaning hududiy boshqarmasidan Norjon opani Olot tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga yuborishadi. Bu erda N.Safarova sifatsiz unni laboratoriya tekshiruvidan o`tkazib, shu xulosa asosida sudga murojaat etishi kerak edi. Ikki qop un keltirgan shuncha dahmazadan boshi gangigan ayol «ikki qop unga kuydim-da», deb shalvirab uyiga qaytarkan, televidenie orqali Bosh vazirning virtual qabulxonasi haqida eshitib qoladi.

– Darhol 10-00 qisqa raqamiga murojaat qildim, masala tezda hal bo`ldi, – deydi N.Safarova. – Ishim-ku bitdi, lekin o`ylayman-da: odam hatto aytishga xijolat bo`ladigan shunday kichik masalani Bosh vazir darajasigacha olib borish kerakmi? Shularni tuman doirasida hal qilsa bo`lmaydimi? Bunga nima xalal beradi? Hammaga ma`lum gap: quyi bo`g`inlardagi ayrim rahbaru xodimlar qog`ozda go`yo hamma masalani hal qilaverar, bu muammolar aslida hayotda echilmay yoki ahvol o`zgarishsiz qolaverardi. Endi hech kim bunday qilolmaydi. Chunki Bosh vazirning virtual qabulxonasi mamlakatimizning barcha joyidagi asl vaziyatni oynaday ko`rsatib bermoqda.

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahridagi «Texygen» MChJ Rossiyaga ip-kalava mahsulotlarini eksport qilish bo`yicha shartnoma imzolagan. Shu yil 1 oktyabrda “Agrobank”ning Marg`ilon shahar filiali va Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi ulangan tashqi savdo operasiyalari yagona elektron axborot tizimida yuz bergan nosozlik tufayli eksport to`xtab qoladi. «6 oktyabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga amaliy yordam so`rab murojaat qilgan edik. Bank va bojxona xodimlarining xizmatlari tufayli 7 oktyabrda korxonamizdan 42 ming AQSh dollarilik mahsulot eksporti amalga oshirildi. Tezda amaliy yordam ko`rsatib, xorijiy hamkorlar oldida yuzimizni yorug` qilgani uchun O`zbekiston Bosh vaziridan minnatdormiz», deyiladi «Texygen» MChJ direktor o`rinbosari Avazxon Mo`minovning pm.gov.uz manziliga jo`natgan xatida.

Ha, adolatning katta-kichigi bo`lmaydi. Ko`lami, mohiyat-e`tiboridan qat`i nazar, har bir inson hayotida loaqal bitta masala echilsa ham, shu shaxsning davlat hokimiyatiga, jamiyatga, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanadi. U endi tongda katta mehnat ishtiyoqi va yashash zavqi bilan uyg`onadi, xalq farovonligi, davlat va jamiyat taraqqiyotiga nimadir hissa qo`shishga chog`lanadi. «Mahallamizda sement qoplash ishlari bajarilayotgani oqibatida zararli changdan yon-atrofdagi 40-50 xonadon ahli, ayniqsa, farzandlarimizning tez-tez allergiya bo`lishidan aziyat chekayotgan edik. Bir yil davomida javobsiz qolgan arizamizni besh kunda hal qilib bergani uchun barchamiz Bosh vazirimiz Shavkat Mirziyoevdan minnatdormiz. Ekologiya sohasi xodimlari kelib, bu muammoga chek qo`yishdi», deya xat yo`llagan Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanida istiqomat qiluvchi Muzaffar Abdurahmonov. «2014 yildan beri hovlimning kadastr hujjatini qilolmayotgan edim. Virtual qabulxonaga murojaatimdan bir kun o`tib, uyimga tuman kadastr xizmati xodimlari kelib, hovlimning kadastr hujjati tayyor ekanini aytishdi. Bu portal – chin ma`noda xalq minbari, muammolar va ularning echimi aks etadigan ko`zgu bo`lmoqda. Bunga o`z hayotimda amin bo`ldim», deya minnatdorlik xati yo`llagan Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Saida Sodiqova.

Chirchiq shahridan Temur Kindus shunday yozadi: «4 oktyabrda «O`zsanoatqurilishbank» ATB Chilonzor filiali xodimlarining milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertasiya qilish bo`yicha bergan rad javobi yuzasidan qilgan murojaatim ertasi kuniyoq hal bo`ldi. Muammolarga shunday tez sur`at bilan samarali echim topishga xizmat qilayotgan virtual qabulxonaga rahmat aytaman». Yoki Navoiy shahridan Baxtiyor Useinov ham o`z xatida pm.gov.uz manziliga murojaatdan so`ng «qisqa vaqtda O`zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki 500 AQSh dollarini konvertasiya qilib bergan»ini yozgan.

Ijtimoiy muammolar haqida gap ketar ekan, bu borada kommunal soha hamon eng og`riqli ekani barchamizga ayon. E`tiborlisi, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kommunal sohadagi muammolar hal etilgani bois ko`plab minnatdorlik xatlari kelmoqda. Xususan, murojaatdan so`ng Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi Dilshod Abduvaliev, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Oyto`la Solihova xonadonlarida gaz ta`minotidan noto`g`ri hisoblangan katta miqdordagi qarzdorlik bekor qilindi. Olmazor tumanida yashovchi Marvaridxon Ibragimova «Katta rahmat, prokuratura xodimlari elektr ta`minotini tiklashga yordam berishdi. Har qanday murojaat nihoyatda tezkorlik bilan o`rganilib, muammolar bartaraf etilmoqda», deb yozsa, «Bunday tezkorlik va hozirjavoblikka qoyilmiz! Shikoyatimiz darhol o`rganilib, muammo barham topdi: hovli sahni toza, ozoda, hamma axlat olib tashlanib, yon-atrof tartibga keltirilibdi. Barchasi uchun katta rahmat!», deya rahmat yo`llagan chilonzorlik Anastasiya Li.

Turli masalalarda yordam va ko`mak so`rab qilinayotgan murojaatlar ham o`z vaqtida hal bo`lmoqda. Buxoro tumani «Shergiron» qishloq fuqarolar yig`inidan Niginabonu Baqoeva shu yil 25 sentyabrda yuborgan murojaati asosida ish bilan ta`minlandi. Farg`ona shahridan Ro`zmatjon Ahmedov «murojaatimdan so`ng meni Farg`ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga chaqirishib, yaqin kunlarda ish berilishini aytishdi. Ishga kirishimdan ham ko`ra, Bosh vazirimizning bizday oddiy fuqarolarning murojaatiga shunday yuksak e`tiboridan behad quvondim», deb yozadi. Xorazm viloyati Urganch tumanidan Oybek Ernazarov ham yordam so`rab yozgan murojaati e`tiborga olingani uchun bir umr minnatdor ekanini o`z xatida ta`kidlagan: «Bugun uyimizga hokimiyatdan mutasaddilar kelib, singlimni tez orada Toshkentga yuborib, jarrohlik amaliyoti o`tkazishda yordam berajaklarini aytib ketishdi. Bu yaxshiliklarni hech qachon unutmaymiz». Virtual qabulxonaga murojaatidan so`ng Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashovchi Shahribonu Axtamovani O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligiga chaqirib, san`atda o`z yo`lini topishiga yordam ko`rsatishga va`da berishdi.

Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelayotgan xatlar orasida bu xayrli tashabbusni qo`llab-quvvatlab, minnatdorlik bildirilgan tilaklar juda ko`p. Ularni bir jihat birlashtirib turadi: Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asos solgan va boshlab bergan keng qamrovli islohotlar katta shiddat va kuch-g`ayrat bilan izchil davom ettirilayotgani xalqimiz ruhini yanada ko`tarmoqda, ertangi kunga ishonchni mustahkamlamoqda. Termiz shahridan Otabek Normurodov, Navoiy viloyati Karmana tumanidan Dilbar Muginova kabi tadbirkorlar O`zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevga shu yil 5 oktyabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta`minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta`minlash, xususiy mulk himoyasi, uning daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlik rivojidagi byurokratik to`siqlarni bartaraf etishga xizmat qilishini aytib, samimiy minnatdorlik izhor qilgan.

Virtual qabulxonaga yoshlarimizdan ham ko`plab xatlar kelib tushmoqda. Chilonzorlik «Kamolot» YoIH faoli Dilyara Meldebekova mamlakatimizning qator shaharlarida yangi ko`p qavatli turar-joylar barpo etish borasidagi xayrli tashabbus, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining S.Sirojiddinov nomidagi akademik liseyi o`quvchisi To`ra To`raev lisey yoshlari nomidan davlatimizning navqiron avlod kamolotiga ko`rsatayotgan yuksak e`tibori va g`amxo`rligi uchun minnatdorlik bildirgan. Ular orasida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 44-maktabning 5-sinfida o`qiyotgan Emir-Asan Boqievning O`zbekiston Bosh vaziriga yozgan xati e`tiborimizni tortdi: «Bugun Sizning Sergeli tumanidagi maktablardan biriga borganingizni eshitib, sinfdoshlarim bilan shu xatni yozishga kelishdik. Barchamiz Sizning maktabimizga kelishingizni juda xohlardik. Men surat chizishga juda qiziqaman. Sentyabrda «Samarqand» kartinasini chizdim. Agar maktabimizga kelsangiz, shu suratni Sizga sovg`a qilmoqchi edim».

Bu misollar Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bo`layotgan har bir murojaat qat`iy nazoratga olinganidan, ularda ko`tarilgan masalalar tezda echim topayotganidan dalolat. Bunda murojaat qiluvchilar o`z shikoyat-arizalari Bosh vazir darajasida ko`rilayotganini chuqur anglab etishlari lozim. Chunki  barcha shikoyatchi ham haq bo`lavermaydi: kimdir shoshib yo adashib, masalaning tub mazmuniga etib-etmay, hatto noto`g`ri ma`lumotlar bilan ham arz qiladi. Biroq shikoyat qiluvchi buni o`z vaqtida anglab etib, tan olsa – bu ham madaniyat va ma`naviy etuklikning bir ifodasi. Mazkur virtual qabulxonaga kelayotgan murojaatlarda ham buni kuzatish mumkin. Jumladan, Xorazm viloyati Qo`shko`pir tumanidan Rinat Abrorov o`z xatida shunday yozadi: «2016 yil 29 sentyabrda dadamning umumiy ahvoli va uni muntazam davolab kelgan vrachlar haqida yozganman. Murojaatim tekshirilganda, bildimki, Xorazm viloyati onkologiya dispanserida haqiqatdan ham kimyoviy preparatlar ta`minoti 30-35 foizni tashkil etar ekan. Bu preparatlar dispanserda bor paytida dadamga to`liq berilgan, qolgan vaqti o`zim sotib olganman. Sog`liqni saqlash vazirligining 191-buyrug`i bilan tanish bo`lmaganim sababli vrachlar haqida noto`g`ri fikrga borgan ekanman. Kimyoviy preparat taqsimoti bo`yicha qonunbuzarlik bo`lmaganini angladim». Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Suvsulton qishlog`idan Lochin Jo`raev ham virtual qabulxonaga murojaat qilib, «adashib, noto`g`ri xabar yozgani uchun» kechirim so`ragan: «O`zim Toshkentda yashayman, qishlog`imda gaz ta`minoti etarlicha yo`lga qo`yilgan ekan. Menga kelgan noto`g`ri xabarga asoslanib, Sizga iltimosnoma yozgandim. Murojaatimni ko`rib chiqqaningiz uchun rahmat, anglashmovchilik uchun uzr so`rayman».

Ma`lumki, har bir murojaatni ko`rib chiqish, o`rganish, tahlil etish vaqt talab qiladi. Agar murojaatlarda ko`tarilayotgan masalalar muayyan hudud, odamlar, umuman, jamiyatimiz uchun foydali, adolatli va o`rinli bo`lsa, nur ustiga nur.

...O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga kelayotgan minnatdorlik xatlari, takliflar, tilaklarni o`qirkansiz, ularning barida ezgu niyat, ezgu so`z, ertangi kunga mustahkam ishonch mujassam ekaniga amin bo`lasiz. Shunda beixtiyor Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov «Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch» kitobida aytgan buyuk da`vat ong-qalbimizda jarang sochadi: «Bu hayotda odam ba`zan o`zini yo`qotib qo`yadigan g`oyat murakkab muammolarga duch keladi. Keskin vaziyatdan chiqishning iloji yo`qdek tuyuladigan holatlar bor. Shunday paytda, ishda va hayotda, jamiyatda og`ir savdolarga duch kelganda kim o`zining yo`lini yo`qotmasligi mumkin? O`ylaymanki, birinchi navbatda o`z kuchiga ishongan, ruhiy dunyosi, ma`naviy olami baquvvat bo`lgan odamgina bunday vaziyatdan yorug` yuz bilan chiqa oladi. Ma`naviy boylik shunday paytda odamga katta kuch va madad beradi».

Istagimiz – o`z kuchiga ishongan, ruhiy dunyosi, ma`naviy olami boy odamlarimiz ko`payaversin. Bosh vazirning virtual qabulxonasi bu yo`lda ularga madadkordir.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!