«Otam asrab olinganimni yuzimga soldi...»

10:59, 19 oktabr

— Yoshim o`n ettida. Onam uy bekasi, otam esa tadbirkor. Ularning har ikkisi ham ikkinchi marta turmush qurib, farzandli bo`lisholmay, meni asrab olishgan ekan. Keyin singlim tug`ildi. Ammo dadam o`g`il farzand ko`rishni juda istagani bois tog`amning o`g`lini boqib olganmiz. Biroq so`nggi yillarda ota-onamning bor mehr va e`tibori faqat ukamga qaratilgandek. Kun kulsa ham, ukamga, oy kulsa ham... Mening hayotim bilan sira qiziqishmaydi. Suhbatlashish uchun atigi bir soat ajratishga vaqtlarini qizg`onishadi, istaklarimni bilishni istashmaydi. Yaqinda bir yigit bilan tanishib qoldim. Yaqinroq bilganimdan keyin yoqtirib qolganimni tushundim. Onamga aytgandim, ko`rishib, gaplashdi. Hatto, ma`qullagandek edi. Biroq otam bilgach, bari o`zgarib ketdi. Nimagaligini bilmadi-ku, u kishi munosabatlarimizga  tish-tirnog`i bilan qarshilik ko`rsatmoqda. Oxirgi paytlarda, hatto, qo`l telefonimni ham olib qo`ydi. Paymonam to`lib, ichimdagilarni to`kib solgandim, asrab olinganimni yuzimga solib, meni uydan haydadi. To`g`risi, dunyolarga sig`may ketayapman. Oilamdagilarga qolsa, uydan chiqmasdan o`tiraversam. Erkinligimni chegaralab qo`yishganiga sira chidolmayapman. Otamni ko`rsam, g`azabimni yashirolmay qolaman. Agar ularnin ozgina e`tiborini qozonolganimda o`zimni bunchalik keraksiz his etmasmidim. Ota-onamning mehrini qozonishni istayman. Maslahat bering, nima qilay?

Madina, Andijon viloyati

Qaynonajon: — Ota-ona roziligi bilan ish tutish xayrli amaldir. Taqdirning sinovlari barchaning boshida bor. Faqat har kimga har xil tarzda keladi bu imtihon. Onalarga nisbatan otalar bolasining taqdiri uchun ko`proq mas`uliyat his kilib, Xudo ko`rsatmasin, bolasi baxtsiz bo`lsa, albatta, o`zini aybdor deb biladilar. Otangizni yaxshi ko`ring, qizim, u kishini achchiq gaplar aytishga majbur qilmang. «Men bolangizman, sizni yo`rig`ingizdan yuraman, otajon, faqat meni ham bir eshitib ko`ring-a, mabodo sizga to`g`ri kelmasa, baxtimdan ko`raman…» deng. Shuncha yil sizni oq yuvib, oq tarab, onangiz bilan birga parvarishlab, voyaga etkazgan ekan, endi u kishining gapi erda qolsa, odobdan emas, ona qizim. O`ylab ko`ring. Sizningcha, ukangizga mehribonliklari ziyodaligida ota-onani ayblamang. O`g`il bolaning tarbiyasi og`irroq bo`ladi. Sizdek es-hushini tanigan qiz beg`ubor dilingizni bunday ikir-chikirlar bilan og`ritmang. Atrofdagi odamlarga, ayniksa, oila a`zolaringizga nisbatan yaxshi fikrda bo`ling, yaxshilik qilaveradi. Bir tasavvur qiling-a, mabodo mana shu ota-onangiz sizni qaramog`iga olmaganida, hayotingiz qandoq kechardi. Shukr kiling. Ukangiz ham bir kun sizga suyanchiq bo`ladi. O`z jigaringizdek ko`ring, ahir bitta dasturxonda non eb, bitta xonadon havosidan bahra olmoqdasizlar. Hayot juda murakkab, bolam. Og`ir-vazminlik bilan, gaplaringizni o`ylab gapirishga, har bir ishni to`g`ri bajarishga harakat qiling. Sizni bag`riga bosib, qadrlagan insonlarning qadriga eting. 

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Garchi sizni asrab olishgan bo`lishsa-da, ota-onangiz va ukalaringiz bilan o`rtangizda ruhiy bog`liqlik bor va buni hech kim chetga surib qo`ya olmaydi. Birinchi navbatda «Men ularga begonaman» degan tushunchani butunlay xayolingizdan chiqaring. Keyin o`ylab ko`ring, otangiz bilan ko`ngil qo`ygan insoningiz haqida ochiq gaplashganingiz to`g`rimikan? Chunki ota va qiz munosabatlarida o`ziga yarasha cheklovlar, parda bo`lishi lozim. U kishining jahl ustida sizga aytgan so`zlarini sira yoqlamaymiz. Ammo bunday vaziyatda har qanday ota ham, ehtimolki, qizini koyigan bo`lardi. Demak, otangiz taqdiringiz va kelajagingizga befarq emas. Agar u sizni begona sanaganida asabiylashib o`tirmasdi ham. E`tibor faqat ukangizga qaratilganidan ham xafa bo`lishingiz noo`rin. U hali kichkina, o`zingiz ham uning yoshida bundan ham ko`proq e`tiborga sazovor bo`lgandirsiz, balki. Qolaversa, o`smir yoshda ota-onasining mehriga to`ymagan qizlar uni ko`chadan, aniqrog`i, yigitlardan qidirishga o`tishadi. Men mutaxassis sifatida sizga bunday yo`l tutmaslikni tavsiya qilaman. Chunki har bir insonning birinchi muhabbati ota-onasiga qaratilgan bo`ladi. Agar kishi  shu mehrdan to`liq qonmas ekan, boshqa hech bir tuyg`u uning o`rnini bosa olmaydi. Bunday tashnalik bilan xatoga yo`l qo`yish ehtimoli ortadi. Shuning uchun qanchalar mushkul bo`lsa ham, ota-onangiz bilan munosabatlaringizni yo`lga qo`yib olishingiz lozim.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!