Chiqindilarni yig`ish borasida zamonaviy GPS-monitoring va billing tizimi joriy qilinadi

11:30, 19 oktabr

Poytaxtimiz Toshkent dunyodagi eng toza shaharlardan biridir.  Mamlakatimiz  Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 31 oktyabrdagi «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, poytaxtimizda qattiq maishiy chiqindilarni yig`ish va utilizasiya qilish bo`yicha samarali tizim faoliyati yo`lga qo`yilgan. Qattiq maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash borasida zamonaviy usullar, jumladan, GPS-monitoring va yangi billing tizim amaliyotga joriy qilinmoqda. 

Toshkent shahar hokimligining kommunal xo`jaligi hududiy boshqarmasi huzuridagi “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi chiqindilarni yig`ish, utilizasiya qilish va poytaxtimiz sanitariya-gigiena holatini yaxshilashga qaratilgan izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Boshqarma tarkibida 11 tuman avtotransport korxonasi, chiqindilarni yuklash stansiyasi hamda maxsus avtomobillarga servis xizmati ko`rsatish va ularni joriy ta`mirlash bo`yicha “Maxsustrans ta`mir xizmati” korxonasi  faoliyat ko`rsatmoqda. 

 – Har yili Toshkent shahrida maxsus chiqindi avtotransportlari yordamida 600 ming tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindi yig`iladi, – deydi “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari I.Sa`dullaev O`zAga bergan intervyusida. – Chiqindilar bir necha saralash bosqichidan o`tkaziladi. Har bir bosqichda keyinchalik qayta ishlashga yaroqli barcha materiallar saralab olinadi. Olingan xomashyo qayta ishlash zavodlariga jo`natiladi va keyinchalik ishlab chiqarishda qo`llaniladi. Jarayon yakunida faqat chiqindilar utilizasiya qilinadi. Mazkur tizimning samarali ishlashi sanitariya-epidemiologiya holati barqarorligini ta`minlashga xizmat qiladi. 

Qattiq maishiy chiqindilarni yig`adigan va transportirovka qiladigan zamonaviy  maxsus mashinalar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda Toshkent shahridagi tuman avtotransport korxonalari foydalanayotgan 371 maxsus avtomobilning 153 tasi  “MAN” va “Isuzu” mashinalaridir.

Har bir mashina uchun  maxsus  yo`nalish  belgilangan bo`lib, ularning harakatlanishi GPS-monitoring tizimi yordamida muntazam tekshirib turiladi. Qattiq maishiy chiqindilarni to`plash uchun to`lovlar qabul qilish bo`yicha billing tizimi joriy qilingan. 

Aholi soni ko`payib, farovonlik yuksalib borayotgani tufayli qattiq maishiy chiqindi hajmi ham ortib bormoqda. Har kuni ikki ming tonnaga yaqin chiqindi to`planmoqda. Shaharda  barqaror sanitariya-epidemiologiya holatini saqlash  maqsadida  yangi punkt va modullar qurilmoqda.  Joriy yilda  qattiq maishiy chiqindilar to`plash bo`yicha 270  maydoncha barpo etildi, 20 modul va yangi 250  chiqindi konteyneri o`rnatildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!