Tanamizdagi og`riqlar nimadan darak beradi?

14:38, 19 oktabr 2016

Bosh

Ushbu sohadagi og`riq ko`pincha organizmning zo`riqishi, stress va surunkali charchoq oqibatida kelib chiqadi. Boshingiz og`rishni boshlaganida dastlab, qon bosimingizni o`lchating. Agar o`zgarishlar bo`lmasa, demak muammo qon bosimi bilan bog`liq emas.

Bo`yin

Umurtqa pog`onasidagi o`zgarishlar, ensada tuz yig`ilishi, bo`yinning orqa qismidagi nerv tolalarining shamollashi ushbu sohada og`riqni paydo qiladi. Og`riqsizlantiruvchi surtmalar va uqalash mashqlariga chalg`imasdan shifokorga murojaat eting.

Elka

Ruhshunoslar elkadagi og`riqni insonning ruhiyati bilan bog`lashadi. Kuyinchak, boshqalarning muammosini ham o`zinikiday qabul qiladigan kishilarda elka og`riqlari tez-tez uchrab turarkan. Boisi esa fahmlaganingizdek ortiqcha yukni elkaga ortishdir.

Kurakning orqa  qismi

Agar orqa kurakning o`ng qismi og`risa, yurak faoliyatiga ahamiyat berish lozim. Agar og`riq kurak bo`ylab yoyilsa, nerv tolalarining shamollashidan darak bo`ladi.

Bel

Tuz yig`ilishi, og`ir ko`tarish, suyaklardagi o`zgarishlar, ayollarda jinsiy a`zodagi yallig`lanish jarayonlari bilan bog`liq bo`ladi. Beldagi bezovtalikka befarq bo`lish yaramaydi. Albatta, mutaxassisga uchrashish lozim.

Tirsak

Kamdan-kam hollarda kuzatiladigan og`riq bo`lsa ham e`tibordan chetda qoldirmang. Tirsakdagi og`riq agar u chap qo`lda bo`lsa, yurak qon-tomir faoliyatiga ishora qilishi mumkin. Agar o`ng qo`lda bo`lsa, lat eyish yoki suyak bilan bog`liq o`zgarishlarga ishora qiladi.

Qo`llar

Qo`llarning uvishib og`rishi faqat yurakka bog`liq emas, vegetativ nerv tizimidagi buzilishlar ham qo`llarda aks etishi mumkin. Shu bilan birga qo`ldagi og`riq umurtqa pog`onasidagi biror o`zgarishdan ham sodir bo`ladi.

Bo`ksa

Tana vaznining me`yordan ortiqcha ekanligi, bo`ksaning oyoq bilan birlashgan qismiga zo`riqish tushishi tufayli yallig`lanish kelib chiqishi sabab og`riq kuzatilishi mumkin. Shuningdek, keskin harakat qilinganida ham bo`ksa sohasida og`riq yuzaga keladi.

Tizza

Asosan tuz yig`ilishi sabab tizzada og`riq kuzatiladi. Bu paytda uqalash yoki issiq muolajalar bilan ovunmay mutaxassis ko`rigidan o`tish va to`g`ri davolanish zarur.

Oyoq kafti

Uzoq muddat tik oyoqda turish, vena qon tomirlari bilan bog`liq muammolar, organizmning zo`riqishi tufayli oyoq kaftida og`riq kuzatilishi mumkin. Uyda moychechak yoki isiriqli vanna qabul qilib, og`riqni engillashtirolasiz. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!