Myusha SEVER: “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasi Sharq va G`arbni bog`laydigan yana bir ko`prik

09:27, 20 oktabr

O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa hamkor tashkilotlar ko`magida tayyorlangan “Uzoq o`tmishdan maktublar: O`zbekiston obidalaridagi bitiklarda ta`lim, ma`rifat, tinchlik va bunyodkorlik” mavzusida “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar” loyihasining taqdimot marosimi bo`lib o`tdi.

Ushbu hodisa keng jamoatchilikning e`tiboriga sazovor bo`lmoqda.

Myusha SEVER, “Hududiy dialog” vakolatxonasining O`zbekistondagi rahbari:

 – Ushbu kitoblar turkumi borasida taasurotlarimni ifodalashga so`z ojizlik qilmoqda. Bu juda buyuk va murakkab ish bo`lib, butun dunyo e`tiboriga molik hodisa. Hamkasblarimdan biri O`zbekiston o`z salohiyatini namoyon eta boshlaganidan juda mamnunligini izhor etdi. Bugungi murakkab zamonda O`zbekiston turli madaniyatlar o`rtasida ko`prik vazifasini o`tab, dunyo madaniyatini targ`ib qilayotgani juda muhim. Darhaqiqat buyuk ajdodlar bizga yozib qoldirgan nomalar bizga asrlar osha etib kelgan bilimlar xazinasidir. Ayniqsa bitiklarda keltirilgan ushbu so`zlar meni yanada hayratga soldi “Bilim, ma`rifat, ilm”. Bu O`zbekistonni men sayohat qilgan boshqa musulmon mamlakatlaridan ajratib turadigan eng muhim jihat. Sizlar boshqachasiz. Islomga ishonadigan g`arb va sharqdagi istalgan inson sizlar bilan muloqot va munosabat qila oladi. Bu esa juda katta salohiyat. Men doim sizlar o`zlaring bilgan narsani ko`rsata olishlaringga ishonganman.

Kitob haqida gapiradigan bo`lsam, bu bir so`z bilan aytganda san`at asari! Bu Sharq va G`arbni bog`laydigan o`ziga xos ko`prikning yana bir poydevori. Bunda esa G`arb ko`prikning u tomonida o`ziga xos sharq go`zalligini ko`rish, tinchlik va barqarorlikni yaratishga chaqiruvni eshitishi mumkin. Men ushbu kitob ustida qanday katta jamoa ishlaganini tasavvur qilyapman. Har bir loyiha ishtirokchisiga mening tabriklarim!  Kitoblar bilan biroz tanishishga ulgurdim, lekin uyda men hali uni to`liq o`qib chiqaman va u haqda har bir yaqinimga so`zlab beraman. Ushbu kitobni men uchun qadrli insonlarga sovg`a qilishni rejalashtiryapman.

Bu asralar osha bizga etib kelgan bilimlar xazinasi. Ushbu kitob-albom nafaqat mutaxassislar balki oddiy aholi uchun ham juda qiziq bo`lib, uning yordamida har bir o`zbekistonlik ona Vatanining tarixi bo`yicha bilimlarini chuqurlashtirib, Qadim Sharqning ajoyib dunyosiga sayohat qilishi mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!