O`z-o`zingizga kosmetolog bo`ling!

09:47, 20 oktabr

Bilmasangiz, bilib qo`ying: go`zallik saloniga borilmaydi, aynan «tashrif buyuriladi». Ayollarning bu ajoyib «qadamjo»siga borish uchun birni ikkinchisiga ulash, ro`zg`ordagi ayrim narsalardan voz kechishga to`g`ri keladi ba`zan. Turmush o`rtog`ingizning «endi bir oy «prichyoskang»ni eb o`tir» degan gapini eshitmaslik uchun sahifamizni diqqat bilan o`qing. Unda o`z o`zingizga kosmetolog bo`lish sirlaridan boxabar bo`lasiz.

Yuz va teri uchun vositalar tarkibida krem, loson va niqoblarning teriga singishiga yordam beruvchi moddalar bo`ladi. Ular tufayli terining silliqligi va tiniqligi saqlanadi. Ammo ayrim kremlar terida allergiya qo`zg`ashi mumkin. Bunday mahsulotlarni sotib olmay, o`zingiz tayyorlasangiz, buning afzalligi shundaki, ularga nima qo`shayotganingizni o`zingiz bilasiz. Qolaversa, hamyonga ham foyda. Uy sharoitida tayyorlangan kosmetik vositalarning yagona «ayb»i ularning tez buzilishidir.

Terini tozalaymiz

Yuzni avval unli piling yordamida tozalab oling. U qurigan teri hujayralarini tushirib, yuzni tiniqlashtiradi. Buning uchun 2 osh qoshiq suli yormasini shuncha miqdordagi tuyilgan bodom va bug`doy uni bilan aralashtiring. Unga quyuq bo`tqa holiga kelgunicha sut qo`shing. Tayyor pilingni yuzga barmoqlar yordamida aylanma harakatlar bilan surting. So`ng iliqroq suv bilan yuving. Endi yuz terisi niqob surtishga tayyor.

Niqob surtamiz

  • Xamirturush va asal eng yaxshi birikma. Xamirturush terini tozalab, shamollashni bartaraf etadi va terining kislorod bilan to`yinishini ta`minlaydi. Asal tinchlantiruvchi ta`sir ko`rsatadi, ajinlarni yo`qotadi. Buning uchun 2 osh qoshiq kukunli xamirturushni 1 osh qoshiq asal, 2 osh qoshiq iliq sut bilan yaxshilab aralashtiring, qumoqchalar qolmasligiga e`tibor qiling. Bu niqobni yuzga surtib, yarim soatdan keyin yuvib tashlang.
  • Yog`siz bodringli niqobning oziqlantiruvchi xususiyati kam bo`lsa-da, u terini tiniqlashtirib, ajinlar yo`qolishini ta`minlaydi. Buning uchun bodringni mayda tishli qirg`ichdan chiqarib, sharbatini siqib oling. Bodringli aralashmaga 1 osh qoshiq yog`siz smetana yoki shakarsiz yogurt qo`shing. Biroz un qo`shib, aralashmani quyuq bo`tqa holiga keltiring. Niqobni qalin qilib yuz terisiga surtib, 30 daqiqadan so`ng iliq suv bilan chaying.

Vanna qabul qilamiz

Har bir ayol asal solingan sutli vannani orzu qilsa kerak. Uy sharoitidagi bunday SPA-muolajasidan so`ng teringiz momiqqina va silliqqina bo`ladi. Xavotir olmang, buning uchun vannani sutga to`ldirishingiz kerak, deyayotganimiz yo`q, bor-yo`g`i 2 l. sut etadi. Uni salgina qizdirib, ichida 10 choy qoshiq asalni eritib olishingiz mumkin. 37-38 darajali suv to`ldirilgan vannaga ushbu aralashmani soling-da, 10-15 daqiqa yoting.

Soch yuvamiz

Bir buxanka javdari nonning mag`zini 2 stakan issiq suv bilan to bo`tqa holiga kelgunicha aralashtiring. Sovitib, bosh terisiga surting. 20-30 daqiqadan so`ng iliq suvda yaxshilab yuvib, 1 l. suvga aralashtirilgan 1 dona limon sharbati bilan chaying.

Muammoli nuqtalarni uqalaymiz

Albatta bunday nuqtalarning hammasini o`zingiz bajarolmaysiz. Masalan, elkaga qo`l etmasligi mumkin. Biroq qorin va bo`ksani uqalashni o`zingiz amalga oshirsangiz bo`ladi. Buning uchun avval bo`ksangizni shapatilovchi harakatlar bilan qizdirib olgach, engil mushtlab chiqing. Oxirida silovchi mashqlarni bajaring.

Qorinni uqalashni kindik atrofidan soat strelkasi bo`ylab silashdan boshlang. So`ng engil chimchilovchi harakat bilan qorin atroflaridan kindikka tomon qo`llarni yo`naltiring. Muammoli nuqtalarni massajyor yordamida ham amalga oshirsa bo`ladi.

Uqalashni yog` bilan amalga oshirgan yaxshi. Buning uchun 2 osh qoshiq istalgan o`simlik yog`iga 2-3 tomchi efir yog`i tomizing. Tayyor kosmetik vositani uqalash davomida ishlatish mumkin.

DILNOZA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!