“O`zneftmahsulot” benzinga uzoq navbatlar yuzaga kelayotgani sabablarini ma`lum qildi

10:48, 20 oktabr

“O`zbekneftmahsulot”aksiyadorlik kompaniyasi so`nggi paytlarda Toshkent shahridagi AYoQShlarda yuzaga kelayotgan uzundan uzoq navbatlar sabablarini keltirib o`tdi
 
“Muhtaram poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! So`nggi ikki-uch kun mobaynida poytaxtdagi ba`zi avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalarida (AYoQShlarda) avtobenzinga navbatlar kuzatilmoqda. Mazkur holat Sizlarning haqli e`tirozlaringizga sabab bo`lmoqda, albatta. Biroq bunday vaziyat “O`zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga bog`liq bo`lmagan quyidagi omillar natijasi o`laroq yuzaga kelmoqda:

Birinchidan, shahrimizga viloyatlardan qatnayotgan ko`pchilik avtomobillar egalari chayqovchilik niyatida turli yo`llar bilan keragidan ortiqcha miqdorda avtobenzin olib chiqib ketishmoqda. Bunday holatning oldini olish maqsadida kompaniyamiz tomonidan “O`zdavneftgazinspeksiya” va tegishli huquqni muhofaza qilish organlari bilan birga profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda; 

Ikkinchidan, ayrim shov-shuv ishqibozlari tomonidan aholi orasida - “bundan keyin AYoQShlarda avtobenzin kamayib ketar ekan”, – degan umuman o`rinsiz xabarning tarqatilayotgani. Bu xususda “O`zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi shuni ishontirib bayon qiladiki, yurtimizdagi neftni qayta ishlash zavodlari yonilg`i mahsulotlarini etarli ishlab chiqarmoqda va bundan buyon AYoQShlarga nafaqat belgilangan miqdorda, balki unga qo`shimcha miqdorda ham avtobenzin etkazib berish rejalashtirilmoqda; 

Uchinchidan, shuni ta`kidlash lozimki, yuqorida bayon etilgan shov-shuvlarga uchgan avtomobil egalari avtobenzinni keragidan ortiqdaxarid  qilib, g`amlab olishga harakat qilishmoqda. Xususan, ayrim avtomobil egalari o`z uylari yoki garajlarida avtobenzinni zaxira qilib qo`yishga kirishishgan. Kezi kelganda shuni alohida qayd etish kerakki, xavfli yonilg`i mahsulotlarining maxsus moslashtirilmagan joylarda saqlanishi ko`ngilsiz voqealarga olib kelishi mumkin;

To`rtinchidan, statistik ma`lumotlardan ko`rinib turganidek, bunga avtomobillar sonining yildan-yilga ko`payib borayotganligi ham muhim omillardan biri bo`lib xizmat qilmoqdaki, mazkur holat, o`z navbatida, avtobenzin iste`molining borgan sayin ortib borishiga olib kelmoqda, biroq kompaniyamiz tomonidan avtobenzin ishlab chiqarish ko`rsatkichlarini belgilashda bu omil ham nazarda tutilmoqda;

“O`zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi mazkur vaziyatni barqarorlashtirish uchun neftni qayta ishlash zavodlarida avtobenzin ishlab chiqarish miqdorini mumkin qadar ko`paytirish, shu jumladan chetdan qo`shimcha miqdorda uglevodorod xom ashyosini keltirish va iste`molchilarni avtobenzin bilan tegishli miqdorda ta`minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko`rmoqda.

Hurmatli hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari Sizlardan turli shov-shuvlarga ishonmaslikni va xavotirga berilmaslikni, ehtiyojingizdan ziyod miqdorda yonilg`i g`amlamaslikni hamda faol fuqarolik pozisiyasida turib, yuqorida bayon etilgan omillarning oldini olishda biz bilan yaqindan hamkorlik qilishingizni, so`raymiz!”,—deyiladi kompaniyaning haydovchilarga murojaatida.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!