Uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishga bag`ishlangan onlayn seminar-trening o`tkazildi

12:30, 20 oktabr

2016 yilning 20 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bag`ishlangan respublika onlayn seminar-treningi o`tkazildi.

Videokonferensaloqa shaklida o`tkazilgan tadbirda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari a`zolari, deputatlar, saylov huquqi sohasi bo`yicha olim va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov boshqarib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishning dolzarb vazifalariga to`xtalib o`tdi. Qayd etilganidek, saylov kampaniyasining barcha tadbirlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha Asosiy tadbirlar dasturiga qat`iy muvofiq ravishda o`tkazilmoqda. Saylov komissiyalari o`z faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik kabi demokratik tamoyillar asosida amalga oshirmoqda.

Ta`kidlanganidek, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni asosida o`tkazishda uchastka saylov komissiyalarining o`rni muhim ahamiyatga ega. Qonunchiligimizga ko`ra, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida 5–19 nafar a`zodan, shu jumladan, rais, rais o`rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

Shuningdek, uchastka saylov komissiyasi uchastka bo`yicha saylovchilar ro`yxatini tuzadi, saylovchilarni saylovchilar ro`yxati bilan tanishtiradi, saylov o`tkaziladigan kun va ovoz beriladigan joy haqida aholini xabardor qiladi, binoni ovoz berish uchun tayyorlab qo`yadi, saylov kuni o`z yashash joyida bo`lish va ovoz berishda qatnashish imkoniyati bo`lmagan saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishini tashkil etadi. Shu bilan birga uchastka saylov komissiyasi ovozlarni sanab chiqadi, uchastka saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko`rish hamda ovoz berishni uyushtirish masalalariga doir ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqib, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi.

Seminarda saylov uchastkalarini jihozlash, “Ona va bola” hamda tibbiyot xonalarini tashkil etish, komissiyaning samarali ish faoliyati uchun zarur shart-sharoit yaratish kabi masalalar muhokama etildi. Uchastka saylov komissiyalari faoliyatini moliyalashtirish, saylovchilar ro`yxatini tuzishning o`ziga xos xususiyatlari, ovoz berish jarayonini tashkil etish hamda o`tkazishning huquqiy asoslari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qilish singari mavzularda ma`ruzalar tinglandi.

Ekspertlar xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ishlash, joylarda saylovchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining roli haqida fikr yuritdilar.

Ta`kidlash kerakki, mazkur tadbir uchastka saylov komissiyalari ishini samarali tashkil etishga qaratilgan uch bosqichli seminar-treninglarning dastlabkisi hisoblanadi. Shunga o`xshash seminar-treninglar viloyatlar va tumanlarda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari hamda ekspertlari ishtirokida tashkil etiladi.

Tadbir ishtirokchilariga Markaziy saylov komissiyasi hamda O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida yaratilgan uchastka saylov komissiyasi faoliyatini samarali tashkil etishga bag`ishlangan o`quv filmi namoyish etildi.

Seminar ishtirokchilari o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!