O`zbekiston va Jazoir Tashqi ishlar vazirliklari o`rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to`g`risida Protokol imzolandi

15:02, 20 oktabr

20 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Bosh kotibi Hasan Rabehi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Hasan Rabehi IHT TIVK 43-sessiyasining samarali yakunlangani bilan O`zbekiston tomonini tabrikladi va tashkilotga a`zo davlatlar uchun muhim bo`lgan “Ta`lim va ma`rifat – tinchlik va bunyodkorlik yo`li” shiori ostidagi raislikni muvaffaqiyatli o`tkazishni tiladi.

Suhbat chog`ida ikki va ko`p tomonlama shakllardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida munosabatlarni siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda izchil rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ta`kidlandi, zero O`zbekiston-Jazoir aloqalarining mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosini yaratish va turli darajalardagi aloqalarni faollashtirish o`zaro hamkorlikning muhim bosqichi sifatida xizmat qiladi.

TIVdagi uchrashuv yakunlariga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o`rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to`g`risida Protokol imzolandi.

Muzokaralarda Jazoir Elchisi Naser Busherit ishtirok etdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!