Qanday qilib oylik maoshga ortiqcha muammolarsiz yashash mumkin?

16:23, 20 oktabr

Barchamizga tanish vaziyat: oylik oshirildi, qarzlar to`landi, uy ta`mirdan chiqarildi, texnikalar xarid qilindi va nihoyat, endi oylik barcha narsaga etishi kerak. Biroq oy oxiriga kelib, yoki maoshga bir hafta qolganda azaliy «pul talvasasi» boshlanadi: pul juda kam qolganligi uchun hamma narsadan iqtisod qilishga to`g`ri keladi.

Shu zahoti ish joyingizni boshqa, ko`proq haq to`lanadigan ishga almashtirish xohishi paydo bo`ladi. Aslida, ko`p holatlarda hamma gap ishingizda emas, balki rejalashtirish ko`nikmasining yo`qligida bo`lib chiqadi. 

“Daryo” nashri, “Oylikka yashab, hamma narsaga etkazishning iloji bormi?” degan savolga javob topishga harakat qildi. 

1-qoida.
Asosiy xarajatlarni oylik olgan kun, hech bo`lmaganda ertasi kuni amalga oshiring. Nimalarga eng ko`p pul sarflaysiz? Barcha zarur narsalar ro`yxatini ularning taxminiy narxi bilan yozib chiqing.

Masalan:
Bozor (tez buzilmaydigan mahsulotlar) — 200—300 ming so`m;
kommunal xizmatlar — 50—100 ming so`m;
mobil aloqa va internet — 100—200 ming so`m;
dori vositalari va shaxsiy gigiena vositalari — 30—60 ming so`m.
(narxlar taxminiy keltirilgan hamda daromad va ehtiyojlar darajasiga bog`liq)

2-qoida.
Do`konga chiqishdan avval ro`yxat tuzib oling. Bu orqali siz o`ylamay qilinadigan xarajatlardan o`zingizni saqlaysiz. Aksiyalarga uncha qiziqmang, kamdan-kam hollarda ular haqiqatda foydali bo`ladi.

3-qoida.
Bozor. Oxirgi vaqtlarda bozor va do`konlardagi narxlar deyarli bir xil bo`lishiga qaramasdan, yilning issiq kunlarida xarid uchun bozorga tushishni tavsiya etamiz. U erda tatib ko`rish va savdolashish mumkin. Dori vositalari, kiyim-kechak va maishiy texnikani esa ulgurji bozorlardan xarid qilish ancha foyda keltiradi.

4-qoida.
Aqchadon (kopilka) yuriting — bu oddiy konvert bo`lishi ham mumkin. Unga har ehtimolga qarshi daromadingizning 10—15 foizini solib qo`yasiz. Agar undagi pullarni yil oxirigacha sarflamasangiz o`zingiz uchun kerakli biror qimmatroq buyum xarid qilishingiz yoki garderobingizni yangilab olishingiz mumkin.

5-qoida.
Eng muhimi! Pullarni behuda sarflamang! Irodangizni chiniqtiring va smartfoningiz uchun o`ninchi g`ilofni xarid qilishga shoshilmang.

Unutmang, hayotimizdagi eng yaxshi narsalar aslida bepul. Do`stlar bilan tabiat qo`yniga yoki tog`ga sayohat (ba`zi xarajatlarni talab etsa-da) navbatdagi qimmatbaho krossovkalardan ko`proq yorqin hodisaga aylanadi.

Buyumlar ulardan foydalanish uchun, insonlar esa sevilish uchun yaratilgan. Aksi emas. Shuni unutmang!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!