Deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar

10:47, 21 oktabr

20 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar. 

Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo`mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi. 

Deputatlar o`z ishlarini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoev tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko`rib chiqishi uchun kiritilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda muhokama qilishdan boshladilar. 

Ta`kidlandiki, O`zbekiston mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlaboq demokratik huquqiy davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, qonun ustuvorligini ta`minlash, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida islohotlar o`tkazish yo`lidan bordi. 

Muhokama chog`ida shu narsa alohida ta`kidlandiki, qonun loyihasi muhim va o`z vaqtida qabul qilinayotgan bo`lib, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko`lamda qonun yo`li bilan tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga, shuningdek, jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to`liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko`rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishga qaratilgandir. 

Mazkur huquqiy hujjatni muhokama qilish chog`ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari qonun loyihasi yuzasidan o`z fikrlarini bildirdilar. 

Parlament quyi palatasi deputatlari o`z ishlarini “Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda muhokama qilish bilan davom ettirdilar. 

Deputatlar qayd etganidek, qonun loyihasi ma`muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanadigan maxsus qabulxonalarning huquqiy maqomi, ularni qabul qilish, saqlash hamda ozod qilish tartibi, huquq va majburiyatlari, intizomiy jazo choralari hamda ma`muriy qamoqni amalga oshirishga taalluqli boshqa qoidalarni nazarda tutadi. 

Ushbu qonunning qabul qilinishi hibsga olingan shaxslarning huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlarini mustahkamlashga, ma`muriy qamoq jazosini o`tashning yagona amaliyotini ta`minlashga, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini hamda ushbu tizim xodimlarining mas`uliyatini oshirishga xizmat qiladi. 

Munozaralar yakunlariga ko`ra, deputatlar ushbu qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma`qullab, birinchi o`qishda qabul qildilar. 

Mas`ul qo`mitalarga kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda mazkur hujjatlarni ikkinchi o`qishda ko`rib chiqish uchun tayyorlash vazifasi topshirildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!