«O`g`lim juvonga oshiq...»

12:20, 21 oktabr

Tahririyatga bir necha kun davomida qo`ng`iroq qilib, «Dardim bor, kimgadir yuragimdagilarni aytmasam, qiynalib ketdim», deya yig`lab, so`zini davom ettira olmay, go`shakni qo`yib qo`ygan ayol oxiri o`zida jur`at topdi.

— Singlim, gapni nimadan boshlashni ham bilmayman. Shu kunlarda boshim qotgan. Nima qilish, qanday yo`l tutishni bilmayman. Eng achinarlisi esa qanday qaror qabul qilsam ham, ko`nglimga qarshi, o`zimga qarshi bo`ladi. Bolaning dardi yomon bo`larkan-da. Ne-ne umidlar-la ulg`aytirganing bir kuni yuragingdagi orzularni toptab, qo`yningni puch yong`oq to`ldirsa... Ammo iloj topish qiyindan qiyin ekan. Xuddi yuragim yaralangan-u, uni ko`ksimdan yulib olib, otolmayman, ko`tarib ham yurolmayman.

Bir qiz, ikki o`g`lim bor. Yoshim ellikdan oshdi. Turmush o`rtog`im bilan o`ttiz yillik umrimiz davomida turmushning mushtlariga chidab kelayapmiz. Oila oila bo`lguncha ko`p chig`iriqlardan o`tarkan odam. Bir-biringizni tushunib yashash ko`p narsani hal qilarkan hayotda. Uch farzandimizni bir oyog`imiz ishda, bir oyog`imiz uyda bo`lib katta qildik. Nimaki qilsak, bolamga dedik. O`qitdik, uchalasi ham oliy ma`lumotli. Qizimni uzatganmiz, biri-biridan shirin nevaralarimiz bor. Endi kelin tushurib, rohatini ko`ramiz, deb turganimizda tinch, osoyishta xonadonimizda to`fon ko`tarildi-yu, hamma umidlarim g`arq bo`ldi...

Akmalning yoshi yigirma oltida. Bundan ancha ilgari bir qishda oyog`im qattiq sovuqqotib, shamollagani uchun, oxirgi paytlarda og`riq ko`p bezovta qilayapti. Hovlining ishlariga, ro`zg`or tashvishlariga qiynalib qolganman. Shunga ham, Akmal o`qishini tugatishi bilan uning boshini ikki qilmoqchi bo`ldik. Ammo o`g`lim:

— Oyi, dada, ishga joylashay, bir-ikki so`m pul topadigan bo`lay, keyin uylanaman, — dedi.

— Men ham ishli bo`lgach, oila qurganman, bolam, — deb dadasi ham uning uzoqni o`ylaydigan, mas`uliyatni his qilayotganidan xursand bo`ldi.

Mana, uch yil ichida, ko`z tegmasin, omadi kelib, yaxshi joyda ishlaydi. Topish-tutushi, yurish-turishi joyida edi. Bir-ikki bor «Ko`nglingga yoqqan qiz bo`lsa ayt, boshini bog`lab qo`yay», deb yuragiga qo`l soldim. Ammo o`g`lim doim savolimni javobsiz qoldirardi. Men buni uning tarbiyali, andishali ekanligiga yo`yardim.

Oxirgi bir oy esa hamma o`ylarimni ostun-ustun qilib yubordi. Uylanish masalasini qat`iy oldiga qo`yganimizdan keyin dardini aytdi. Bu dard esa meni adoyi tamom qilayapti. Avvaliga «Suyganim bor, faqat poytaxtlik emas-da», deb ikkilanib so`z ochdi. Dadasi bilan qizni surishtirib, agar yaxshi oilaning farzandi bo`lsa, kelin qilishga ahd qildik. Manzilini so`rasak, yana gapni paysalga soldi. Na qizning suratini ko`rsatadi, na u haqda biror ma`lumot aytadi.

Bir kuni kenja o`g`lim yonimga kelib, telefonida bir juvonning suratini ko`rsatdi.

— Oyi, sizga aytsam-aytmasammi, deb yurgandim. Men ham yaqinda xabar topdim. Akam uylanmoqchi bo`lgan shu, — dedi tutila-tutila.

— Nima deyapsan? Bu kap-katta ayol-ku! Qaerdan olding bu gapni, rasmni-chi? — dedim hayratlanib.

— Internetdan. Akamning o`zi o`tgan hafta aytdi menga. Keyin uning «Odno»dagi profiliga kirib, izlab topdim bu rasmni, — dedi u.

Ishonmadim, ishona olmadim. Dadasining ishdan kelishini ham kutishga sabrim etmadi. Akmal uyga kelishi bilan yonimga chaqirib, bosiqlik bilan gaplashdim.

— Bolam, ukangning gaplari to`g`rimi? Nima gap o`zi? Qandaydir tuzoqqa tushib qolmading-mi?

— Oyi, uni yaxshi ko`raman, uylansam, faqat Malikaga uylanaman, — dedi u nigohlarini erga qadab.

Bu so`zlardan fig`onim falakka chiqqani rost. Bir yig`lab, zorlanaman, bir achchiq ustida gapiraman. Akmal esa jim o`tiraverardi. Xo`jayinim ishdan kelib, qizargan ko`zlarimdan uyda nimadir bo`laganini tushundi. Hammasini aytib berganimdan so`ng, o`g`li bilan alohida gaplashdi.

Bir kun ichida uyimiz do`zaxga aylangandek. Hali qattiq ovozda o`g`limni urishamiz, hali pana-panalarda hamma boshini xam qilib, ko`zyosh to`kadi. Akmalga esa hech narsa ta`sir qilmaydi. Bir dadasi bilan bolamizni chiroylikkina, aqlligina qizga uylantirib qo`ymoqchi bo`ldik. Ammo Akmalni majburlarmiz-u, biroq oilamizga kelin bo`lib kelgan guldek qizning umrini xazon qilamizmi, deb bu fikrimizdan qaytdik. O`sha ayolning o`g`limdan homiladorligini eshitib esa endi oldimizda birorta yo`l yo`qligini tushundim. Homila besh oylikdan oshgan ekan.

Oxiri erim meni unikiga jo`natdi. O`g`lim bu juvon uchun uy ijaraga olgan, yaxshigina ta`mirlatib bergan ekan. Bordim. Qo`llarim qaltirab, yuragim tilka-pora bo`lib qo`ng`iroq tugmasini bosdim. Eshikni suratdagidan-da kattaroq yoshli ayol ochdi. Bilsam, Malika Akmal aytgandek, o`ttiz ikki emas, o`ttiz etti yoshda ekan.

Bir qizi bilan sakkiz yil oldin turmushidan ajrashgan ekan. Qizi qishloqda ota-onasinikida turakan, allaqachon maktabga borarkan. O`g`lim bilan internetda tanishib qolishgan. Oldiniga Akmal uning yoshi kattaligini bilmagan. Chunki faqat internet orqali yozishar, telefonda gaplasharkanlar. Oradan bir yil o`tgach, uchrashishgan. «Bizning munosabatlarimizdan kim ham xabar topardi» qabilida boshlangan o`yin o`zlarining tili bilan aytganda «muhabbat»ga aylangan. Avvaliga uch-to`rt oyda uchrashib turishgan. To`rt yil deganda qiz poytaxtga, opasinikiga ko`chib kelgan. O`g`lim bilan nikoh o`qitib olishganmish, bu gap rostmi, yo`qmi, bilmayman. Oxiri Akmal uning uchun ijaraga uy olgan. Juvonning aytishicha, Malikaning qishlog`iga borib, ota-onasidan fotiha ham olishgan ekan. Biz esa to`rt yil kelinga deb sarpo yig`ib, to`y qilamiz deya orzularga berilib, ko`z ostimizga qizlarni olib yuraverganmiz. O`g`limga necha bor «Qanaqa qilib opangdan ham katta ayolni sevishing mumkin?! Axir u oila ko`rgan juvon! hozir ko`zing ko`r, bir-ikki yildan so`ng pushaymon bo`lasan», desam ham, indamaydi. Ayolga ham gapirdim. «Ukangiz teng bola-ku! Aqalli qizingizning oldida uyaling», dedim. U ham javob bermaydi. Faqatgina yig`ladi.  

Hozir «Akmalning tarbiyasida qaerda xato qildik?» «Nima uchun bunday bo`ldi? Endi nima qilamiz?» degan savollar qurshovida qolganmiz. Ammo javob topilmayapti birortasiga. El-yurt ichida juvonni to`y qilib, kelin qilishga or qilamiz. Nomiga uylantirib, tavakkal qilishga vijdonimiz yo`l qo`ymaydi. Tug`ilajak bolani etim qilishga ham qo`limiz bormaydi.

Mana, o`tgan hafta Akmal uydan chiqib ketdi. O`sha juvon bilan yashayapti. «Bolam, kechirmayman», deya zor qaqshab qolaverdim. Lekin nima bo`lganda ham farzandimga bo`lgan muhabbatimni nafratga aylantirishning iloji yo`q-ku! Axir onaman! Chidashim kerakligi, vaqt biror hukm chiqarguncha kutishim kerakligini o`ylasam, azoblanaman... Hech bir onaning boshiga bu kunlar tushmasin...

 

Shoira ShAGIAHMEDOVA yozib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!