Toshkentda yozma savodxonlik bo`yicha Diktant.uz aksiyasi o`tkaziladi

15:02, 21 oktabr

UZINFOCOM Markazi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda mamlakatimizdagi bir qator universitet, institut, tashkilotlar hamkorligida 1989 yil 21 oktyabrda o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 27 yil to`lishi munosabati bilan, o`zbek tilining ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, ajdodlardan avlodlarga o`tib kelayotgan bebaho boylik – o`zbek tilining vorislari sifatida ona tilini asrab – avaylash, uning nufuzini yanada oshirish maqsadida Diktant.uz – yozma savodxonlik bo`yicha aksiya o`tkaziladi.

Diktant.uz aksiyasi – aholi, ayniqsa yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini keng targ`ib qilish, o`zbek tiliga bo`lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish hamda o`zbek tili ta`limini takomillashtirishga qaratilgan ta`limiy aksiya hisoblanadi. Mazkur aksiyada ishtirok etish yoshi chegaralanmagan bo`lib, unda o`zbek tilida yozishni biladigan barcha xohlovchilar diktant yozish yo`li orqali imlo savodxonligi bo`yicha o`z bilimlarini tekshirib ko`rish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Aksiya 2016 yilning 29 oktyabr kuni soat 15-00 da bir paytning o`zida quyidagi manzillar bo`yicha o`tkaziladi:

- Aloqa tarixi muzeyi (Shayxontohur tumani, Navoiy ko`chasi, 28-a uy);
- Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti (Mirobod tumani, Shahrisabz ko`chasi, 25-uy);
- Toshkent Davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti (O`zbekiston milliy universiteti binosida, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi, Universitet-4 ko`chasi);
- O`zbekiston Davlat jahon tillari universiteti (Uchtepa tumani, Kichik halqa yo`li ko`chasi, G-9 a mavzesi, 21-a uy).

Aksiyada ishtirok etish istagida bo`lgan xohlovchilar www.diktant.uz saytida oldindan ro`yxatdan o`tishlari maqsadga muvofiq.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!