O`zMTDP Markaziy kengashi raisi Sarvar Sa`dullaevich Otamuratovning O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi V C`ezdidagi ma`ruzasi

15:19, 21 oktabr

Assalomu alaykum, hurmatli delegatlar!

Partiyamizning bugungi S`ezdi mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea — O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi qizg`in bosqichga kirgan bir paytda o`tmoqda. Ushbu saylov Vatanimiz mustahkam va barqaror siyosiy tizimga, jahon andozalariga javob beradigan demokratik saylov qonunchiligiga ega ekanligini yana bir bor namoyish etishi shak-shubhasizdir.

Istiqlol yillarida O`zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy  sohalarda keng miqyosli islohotlar amalga oshirildi. Xalqimiz qalbi, ong-tafakkurida fuqarolik hissi va mas`uliyati, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg`usi kuchayib bormoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari ta`siri oshib, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari  jamiyat va davlat qurilishi jarayonida faol ishtirok etishlari uchun qulay tashkiliy, huquqiy va boshqa zarur sharoitlar barpo etildi. Xalqaro miqyosda e`tirof etilib, bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida islohotlar bardavomligini ta`minlash, boshlangan ulug`vor ishlarga jo`shqin sur`at baxsh etish uchun  mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimizga erishishda to`plangan  tajribalar, ulkan tarixiy, madaniy, boy ma`naviy-axloqiy qadriyatlar va an`analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma`naviy yuksalishga erishish zarurligini alohida ta`kidlash lozim. O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining maqsadi — milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g`oyasini amalga oshirish, ichki siyosatda iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, xalqimizning farovonligi oshishi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoyalash va ilgari surish, O`zbekiston xalqining milliy-madaniy va ma`naviy-axloqiy qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va boyitishdan iborat. Ana shunday ezgu maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etishni  saylovoldi Dasturga kiritmoqdamiz. Jamoatchilik va partiyamiz elektoratiga yaxshi ma`lumki, partiyamiz ma`naviy-ma`rifiy sohani o`zining dasturiy maqsad-vazifalari ichida etakchi o`ringa qo`ygan. Chunki, o`zligini anglagan, qadriyat va an`analarini e`zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi. Mamlakatimizda bu sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash, amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz doimo milliy o`zlikni anglash, milliy g`urur va qadr-qimmat tuyg`usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat berganmiz va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar diqqat-markazimizda bo`ladi. Milliy tiklanish, avvalambor, milliy o`zlikni anglash demakdir. Ushbu g`oyadan kelib chiqib, biz quyidagilarni qo`llab-quvvatlaymiz.

Xalqimizning betakror va ulug`vor tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an`analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ`ib qilish tarafdorimiz. Milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarimiz himoyasi — bizning bosh vazifamizdir.

“O`z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo`q”tamoyili asosida xalqimiz tarixini xolis va tizimli o`rganish, bu borada o`zbek xalqining tarixiy o`tmishi va bugungi kunini baholashda biryoqlama yondashuvlarga, noxolislikka yo`l qo`ymaslik, O`zbekiston tarixining buzib, soxtalashtirib talqin etilishiga qarshi kurashamiz. O`zbekistonda umumjahon ahamiyatiga molik bo`lgan juda ko`plab tarixiy-madaniy va arxitektura yodgorliklari mavjud. Muzeylar, arxivlar va kutubxonalarda juda qimmatli qo`lyozmalar, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari saqlanmoqda. Bunday ulug`vor tarixiy merosni asrab-avaylash va hisobga olish bo`yicha muayyan ishlar qilingan bo`lsa-da, o`rganishlar shuni ko`rsatdiki, hali bir qator madaniy meros ob`ektlarimiz hisobga olinmagan, eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlari to`liq toifalashtirilmagan. Ana shulardan kelib chiqqan holda madaniy meros ob`ektlarini to`liq xatlovdan o`tkazish, hisobga olish ishlarini takomillashtirish talab etiladi, muzeylar, arxivlar, kutubxonalar va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros ob`ekti belgilariga ega bo`lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to`liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarur. O`zbek xalqining tarixiy-madaniy merosi va madaniy yodgorliklari umumjahon ahamiyatiga molik ekanligini e`tirof etib, shaharlarimizning milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim. Arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash,  qayta ta`mirlashga ko`maklashish va bugungi kungacha YuNESKOning jahon madaniy merosi ro`yxatiga kirmagan osori-atiqalarni unga kiritishda faollik ko`rsatish — asosiy vazifamizdir. Bu va sohadagi boshqa masalalarni hal etish uchun Moddiy madaniyat merosini qayta tiklash va kapital ta`mirlash jamg`armasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz. Ma`lumki, asrlar davomida buyuk allomalarimiz tomonidan yaratilgan bebaho ma`naviy durdonalar tarix taqozosi bilan chet mamlakatlarda qolib ketgan yoki olib chiqib ketilgan. Biz mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan o`zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlari tomonidan yaratilgan ilmiy va badiiy asarlar hamda xalqimiz tarixiga oid moddiy boyliklarni O`zbekistonga qaytarishda faollik ko`rsatamiz. Yurtimizda azaldan hunarmandchilikning barcha turlari rivoj topgan. “Ustoz-shogird” an`anasi asosida davom etib kelayotgan va o`zbek xalqining yuksak madaniyati va iste`dodini namoyish etadigan hamda badiiy-estetik qimmatga ega bo`lgan milliy hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an`analarini saqlab qolishni rag`batlantirish doimiy diqqat markazimizda bo`ladi. “Barkamol avlod — millat tayanchi” tamoyili ostida biz yoshlar ongini xalqimizga yot bo`lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta`siridan muhofaza qilish maqsadida ularning qalbi va ongiga milliy tiklanish g`oyasini singdirish, milliy ma`naviyat va qadriyatlar ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirishimiz lozim. Bunda kino, teatr va estrada san`atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an`analari hamda ilg`or urf-odatlarini ta`sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko`maklashish hamda ularni targ`ib qilish asosiy vazifamizdir. Til millatning eng oliy qadriyatidir. Shundan kelib chiqib, qadimiy va boy tarixga ega bo`lgan, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan darajada imkoniyatga ega bo`lgan tilimiz rivojini yangi bosqichga ko`tarish uchun davlat tilini boyitish, yanada takomillashtirishga, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to`la amal qilishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqishni etakchi vazifalardan biri sifatida ko`rmoqdamiz. Shu o`rinda bir narsani ta`kidlashni o`rinli deb bilaman. Mamlakatimiz mus¬taqillikka erishgan dastlabki yillarda, ya`ni 1993 yilda “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Oradan 23 yil o`tgan bo`lsa-da, lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosi hayotimizda uzil-kesil o`z o`rnini topgani yo`q. Ushbu masalada savollar nihoyatda ko`p. Biz farzandlarimizni lotin alifbosi asosida o`qitdik va o`qitib kelayapmiz. Lekin, o`sib kelayotgan yosh avlodning ma`rifiy va ma`naviy ehtiyojlarini zarur darajada qondirish uchun fanning barcha sohalari, ta`lim, adabiyot va matbuotda lotin yozuviga asoslangan o`zbek tilida kitoblar, gazeta va jurnallar etarli darajada nashr qilinyaptimi? Katta avlodning ko`pgina qismi esa lotin alifbosini o`zlashtirmagan. Bu masalada avlodlar o`rtasida qandaydir uzilish sezilmoqda. Mazkur muammoni biz jamoatchiligimiz bilan birga uzil-kesil hal qilishimiz kerak. Ijtimoiy hayotimizning ko`pgina sohalarida davlat tilining qo`llanilishi va uning qoidalariga rioya etilishida hali-hamon kamchiliklar uchrab turibdi. Xususan, ommaviy muomalada, ko`chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e`lonlarda, ommaviy axborot vositalarida hali-hamon o`zbek adabiy tili me`yor va qoidalari qo`pol buzilmoqda. Ushbu muammo gazeta va jurnallarda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiyamiz guruhlari tomonidan har bir tuman va shaharda muhokama qilingan bo`lsa-da, lekin sezilarli o`zgarishlar bo`lgani yo`q. Fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o`ta muhim tarmoqlarda o`zbek tili o`zining haqiqiy o`rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug`atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha hamda kategoriyalarni ishlab chiqish soha mutaxassislari oldidagi dolzarb vazifa, deb hisoblaymiz.

Hurmatli delegatlar! 

Shu o`rinda, e`tiboringizni yana bir muammoga qaratmoqchiman. O`zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo`shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san`at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan milliy kino asarlari deyarli mavjud emas. Odamlar ta`sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etilgan va o`zbek xalqining haqqoniy tarixi aks etgan kino asarlarini intiqlik bilan kutmoqda. Vaholanki, O`zbekiston televideniesida namoyish etilayotgan badiiy va videofilmlarning aksariyati xorijiy davlatlar tarixi, harbiy va siyosiy arboblari hamda olimlari haqidadir. Bugungi kunda qator xorijiy davlatlar o`zlarining milliy qahramonlari haqida, ularning garchi zamonaviy sivilizasiya tarixida tutgan o`rni va roli buyuk bo`lmasa-da, etuk xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda kino asarlar tayyorlab, ularni dunyo ommasiga tanishtirmoqdalar. Bunday tajriba milliy g`urur va iftixorni oshirib, millatni birlashtiradigan kuchli targ`ibot usuli hisoblanadi.

Biz O`zbekiston xalqining madaniyati va san`ati yutuqlarini xal¬qaro maydonda keng miqyosda targ`ib etish, hozirgi O`zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo`shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san`at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan kino asarlar yaratilishida tashabbus ko`rsatishimiz kerak. Bu ishlarni moliyalashtirish, shu jumladan, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda, taniqli rejissyor va aktyorlar ishtirokida, uni butun dunyo jamoatchiligiga etkazishni muhim vazifa, deb hisoblaymiz.

E`tiboringizni kechiktirib bo`lmaydigan yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman. Tarixda xorijiy mamlakatlarda yashab ijod etgan hamda yurtimizda tavallud topgan bo`lsa-da, taqdir taqozosi  bilan chet ellarda vafot etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning qabr¬larini aniqlash, ularning mangu qo`nim topgan maskanlarini obodonlashtirish ishlarini davlat  miqyosida amalga oshirish vaqti  keldi. Ijtimoiy-gumanitar fanlarning mamlakatimiz taraqqiyoti va yosh avlodimizning dunyoqarashini shakllantirishdagi o`ta muhim o`rni va imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz lozim. Uning yoshlarni vatanparvarlik, millatparvarlik va umuminsoniylik ruhida tarbiyalash hamda milliy manfaatlarimizga zid bo`lgan g`oya va mafkuralarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishdagi ahamiyatidan kelib chiqqan holda bu yo`nalishda tayyorlanadigan fundamental asarlarni bosmadan chiqarishni va ularning ommaviylashuvini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar belgilaymiz.

Jamiyat, oila va ta`lim tizimida yosh avlodni kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash, O`zbekiston xalqining tarixi, ma`naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug`ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlarni iqtisodiy jihatdan rag`batlantirish, ularga soliq va boshqa to`lovlar bo`yicha imtiyozlar berilishiga erishmog`imiz lozim.

Teatr insonning ma`naviy kamoloti, shaxsning didi va tafakkurini tarbiyalashda hamisha muhim o`rin tutgan. XX asr boshida o`zbek ziyolilari xalqni milliy uyg`otishni aynan teatrlar tashkil etishdan boshlaganliklari ham bejiz emas. O`sha davrda “Teatr — ibratxonadir” degan chuqur ma`noli hikmat orqali sahna san`ati millatimizning aslida kimu, ayni o`sha paytda qay ahvoldaligini ko`rsatib bergan.  Bugungi globallashuv sharoitida xalqning o`ziga xos qiyofasi, milliy qadriyat va an`analarini asrab qolish, odamlarda yuksak ma`naviy ong va didni tarbiyalashda yana teatrlar beqiyos ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Biroq, teatr san`atiga qiziqish havas qilarli darajada emas. Teatr zallari ko`pincha tomoshabinlar bilan to`lib-to`lmagan ahvolda bo`ladi. Biz ma`naviy-ma`rifiy hayotimizni yanada rivojlantirish tarafdori ekanmiz,teatrga odamlarni qaytarish uchun, eng avvalo, zamondoshlarimizni o`ylantirayotgan va to`lqinlantirayotgan mavzularda badiiy jihatdan yuksak, mahorat bilan sahnalashtirilgan spektakllarni ko`paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o`stirish, eng muhimi, mamlakatimizning barcha teatrlarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilishiga erishishimiz ham farz, ham qarz.

Ma`lumki, davlat va jamiyat hayotida ijtimoiy-siyosiy masalalar muhim o`rin tutadi. Shu bois biz bu borada mavjud davlat va siyosiy tizimni yanada mustahkamlash, milliy g`oya, jamiyatimizning axloqiy va ma`naviy asoslari ustuvorligini ta`minlashni asosiy vazifalarimizdan biri sifatida belgilamoqdamiz. Bizning bosh maqsadimiz — zamonaviy rivojlangan demokratik davlat qurishdir. Jamiyatda hukm surayotgan va xalqimizga xos bag`rikenglik, millati, dini, ijtimoiy holati va kelib chiqishidan qat`iy nazar O`zbekiston xalqi, barcha fuqarolarning birdamligi va hamjihatligini mus-tahkamlashni istiqlol yillarida vujudga kelgan qadriyatlarimizdan biri sifatida e`tirof etamiz va uni barqaror yanada rivojlantiramiz. 

Shu bilan birga, asrlar davomida o`zbek xalqining ezgu va ilg`or an`analari asosida tarixan qaror topgan mahallani milliy demokratik institut sifatida yanada takomillashtirish kerak. Uning tashkiliy va iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga ega bo`lgan masalalarini hal etishda hamda milliy va ma`naviy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va an`analarni qayta tiklash hamda boyitishdagi bevosita ishtirokini ta`minlash, rolini kuchaytirishni davom ettiramiz. Barchamiz yaxshi bilamiz, istiqlol yillarida sud-huquq sohasini tubdan yangilash va isloh etish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish yo`nalishidagi ustuvor vazifalar quyidagilardan iborat: — jamiyatda mustahkam barqarorlik va qonun ustuvorligini ta`minlashda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois mamlakatda huquqiy ta`lim tizimini yanada takomillashtirish, Konstitusiya, inson huquqlari va demokratiya asoslarini uzluksiz o`rganish tizimini rivojlantirishga qaratilgan tizimli va izchil choralarni ko`rish;

— milliy qadriyat va xalqimizga xos fazilat hamda an`analardan kelib chiqib oila, meros, uy-joy da`vosi va maishiy turmush manbaida tug`iladigan nizolarni sudgacha hal etish tizimini rivojlantirish, shu jumladan, har qanday nizoni tinch yo`l bilan hal etishga intilish va murosa yo`lini izlash fuqarolarimiz manfaatlariga mos keladi. Shuningdek, yuqoridagi masalalarda va fuqarolarning sertashvish sud majlislariga xohish-istagining yo`qligini inobatga olib, bu borada mahalla, vasiylik va homiylik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirish lozim, deb hisoblaymiz.

Hurmatli delegatlar! 

Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining oshishida iqtisodiyot hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi tushunamiz. Iqtisodiyot sohasida partiyamiz“Xalqning ma`naviy-ruhiy tiklanishi — iqtisodiy islohotlarning negizidir”, degan shiorni ilgari surmoqda. Ushbu sohada esa quyidagi vazifalarni amalga oshiramiz. Iqtisodiyotga XXI asr talablari va tafakkuri asosida yondoshuvni amalga oshirib, ishlab chiqarishni texnik va texnologik modernizasiya qilish, ishlab chiqarishga yo`naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mam-lakatimizning turli mintaqalarida faoliyat yuritib, istiqbolli ishlab chiqarish bilan shug`ullanayotgan korxonalarga soliq va majburiy to`lovlarda imtiyozlar berish yo`li bilan mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirishning huquqiy asoslarini izchillik bilan takomilashtirishga erishishni maqsad qildik. Dunyo bozorida raqobatbardosh hamda milliy iqtisodiyotimiz timsoliga aylanadigan transmilliy kompaniyalarni shakllantirish, “O`zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg`asi ostida jahon bozoriga mahsulot etkazib berishga yo`naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni qabul qilish va xorijiy mahsulotlar o`rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo`llab-quvvatlash, jumladan, ular uchun soliq miqdorini kamaytirish, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash choralari joriy etilishiga erishishimiz kerak.

Shu o`rinda yana bitta muhim masalaga to`xtalmoqchiman. Ko`pchilik yaxshi biladi, O`zbekiston nafaqat to`g`ridan-to`g`ri dunyo dengizlariga chiqa olmaydi, balki to`g`ridan-to`g`ri dengizga chiqadigan davlat bilan ham chegaradosh emas. Dunyoda ana shunday murakkab geografik o`rinda joylashgan ikki mamlakatdan biri O`zbekistondir. Yana bir narsani yaxshi bilamizki, dunyoda eng arzon yo`l — bu dengiz yo`lidir. Bundan tashqari, O`zbekistonda transport xizmatlarining narxi sezilarli darajada yuqori. Tadqiqotlarga qaraganda bugungi kunda 20 tonna mahsulotni 500 kilometr masofaga avtomobilda tashish tannarxi O`zbekistonda 1 kilometr uchun 1,75 dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun: qo`shni davlatlarda bu ko`rsatkich 0,7 dollardan 1,3 dollargacha.

Yuqorida aytib o`tilgan masalalar bilan bir qatorda logistika infratuzilmasining sust rivojlangani, milliy mahsulotni jahon bozoriga olib chiqishda talab etiladigan hujjatlarning ko`pligi, ularni ko`rib chiqish muddatlarining uzoqligi va qimmatligi muammosi ham mavjud. Bularning barchasi mamlakat eksport salohiyatini oshirishga to`sqinlik qilmoqda va tashqi bozorda mahsulotlarimizning tannarxi sun`iy oshishiga olib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, biz transport-ekspeditorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi kompaniyalarga imtiyozlar berish, yirik yuk tashuvchi avtomobillarni lizingga berish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, bojxona xizmatlari narxini kamaytirish va chegaradan o`tish tartibini soddalashtirish yuzasidan ish olib boramiz.

Milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)dan muhofaza etish, qulay va jozibador sarmoya muhitini shakllantirishning huquqiy asoslarini kuchaytirishni dolzarb vazifamiz, deb bilamiz.

Biz xalqimizni, ayniqsa, yoshlarning bevosita Vatanimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy va sifatli kiyim-kechakka bo`lgan ehtiyojini qondirish, engil va ixcham to`qimachilik korxonalarining sonini ko`paytirish, ularga mahalliy xom¬ashyoni chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni qo`llab-quvvatlaymiz.

 Davlat kompaniyalari va davlat ulushi ustunlik qiladigan korxonalarning moliya-xo`jalik faoliyati shaffofligini ta`minlash orqali ularning faoliyat samaradorligini oshirish, ichki xususiy investisiyalarni milliy iqtisodiyotga yo`naltirishni yanada kengaytirishzamon talabiga aylanmoqda.

Sohadagi yana bir muhim masala — milliy  iqtisodiyot rivoji etuk mutaxassis-kadrlarga bog`liq ekanligini yaxshi anglagan holda, zamonaviy bilim va malakaga ega injener-texnik, moliya-iqtisod, korporativ boshqaruv menejmentlari, axborot texnologiyalari sohasida dasturchilarni tayyorlashni tubdan kuchaytirish va mazkur sohalarda iste`dodli yoshlarni qo`llab-quvvatlash nihoyatda zarur.

Bugun butun dunyoda odamlarni o`ylantirayotgan va qiziqtirayotgan masalalar ichida ijtimoiy masalalar alohida o`rin tutadi. Shu bois biz aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirishni  ijtimoiy sohadagi strategik maqsadimiz sifatida belgiladik. Shundan kelib chiqqan holda, asosiy vazifalarimiz quyidagilardan iborat, deb hisoblaymiz.

Hammamizga ayonki, bugun jahonda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Madomiki shunday ekan,  aholining ov-qatlanish xilma-xilligini kengaytirish, mamlakatimizda sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko`paytirish va bunda genlarni modifikasiya qilish usulidan foydalanishni cheklash, shu bilan birga, aholining ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish eng asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Millat genofondini asrash va sog`lom avlodni voyaga etkazish maqsadida o`smirlarga sog`liq uchun zararli bo`lgan quvvat beruvchi ichimliklarni sotishni taqiqlash va bu borada ma`rifiy-tushuntirish ishlarini tizimli yo`lga qo`yish lozim. “Xalqi sog`lom va barkamol bo`lgan mamlakat kuchlidir!” tamoyilini amalda izchillik bilan rivojlantirish zarur. Qurilish va bezak ishlarida milliy me`morlik an`analarini va ilg`or xorijiy tajribani qo`llash, tarixiy shaharlar va ochiq osmon ostidagi muzeylarni qayta ta`mirlashga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirish siyosatining izchil davom etishini har tomonlama qo`llab-quvvatlaymiz. Oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarga g`am-xo`rlikni oshirish bo`yicha keng ko`lamli ishlarni tizimli davom ettirish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtiramiz. Zero, buyuk ajdodlarga barkamol avlod munosib! E`tiborlaringizni hayotimizda tez-tez uchrab turadigan va barchamizga yaxshi tanish bo`lgan bir muammoga qaratmoqchiman, yanada ochiqroq aytganda, bu masala ko`proq shahar aholisi turmushiga daxldordir.   Ko`p qavatli uylarda, uy-joy fondini texnik ekspluatasiya qilish norma va qoidalari buzilish holatlari odatiy tus olmoqda. Odamlarning moddiy farovonligi oshgani sayin o`zlari yashab turgan uy-joyni zamonaviy andozalar asosida ta`mirlash, kengaytirish ommaviy tus olayotir. Bunda ko`p hollarda xavfsizlik masalasi e`tibordan soqit qilinadi. Uyni ushlab turgan ustunlarni buzib bo`lsa-da xonadonini kengaytirishga harakat qiladi. Ko`p qavatli uyda o`zidan ham boshqa odamlar yashashi, bu uy uning xususiy mulki emasligi xayoliga ham kelmaydi. Bunday muammo kelib chiqishining bosh sababi uy-joy sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish tartibi va aniq mexanizmi bugungi kun talablariga javob bermasligidadir.  

Mazkur muammoni hal qilish uchun respublikamizning barcha burchaklarida, ayniqsa, ko`p qavatli uylarda, uy-joy fondini texnik ekspluatasiya qilish norma va qoidalari buzilishining oldini olish, shaharlarimizning arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash maqsadida uy-joy sohasidagi qonunchilikning bajarilishi ustidan samarali davlat nazoratini o`rnatish lozim, deb hisoblaymiz.

Mahallaning fuqarolar, o`g`il-qizlar va yoshlarni ma`naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash, yangi ish o`rinlarini yaratish, ijtimoiy sohadagi ishlarning samaradorligini oshirish, joylarda jamoat xavf¬sizligi va huquq-tartibotni yaxshilash bilan bog`liq masalalarni hal etishdagi sa`y-harakatlarini faollashtirish zarur. 

Yana bir masala. Bolalar, ayollar, shuningdek, og`ir kasalliklar, shu jumladan, odamning immunitet tanqisligi virusini keltirib chiqaradigan xastaliklar (OIV/OITS) dan aziyat chekuvchi shaxslarga samarali yordam ko`rsatishni izchil davom ettirish biz uchun muhim vazifadir. Shu bilan birga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak, deb hisoblaymiz.

XXI asr — axborot asri. Shuni hisobga olgan holda axborot sohasida milliy manfaatlarimiz va xalqimiz madaniyati va ma`naviyatning o`ziga xosligini saqlashni ta`minlashga qaratilgan milliy axborot-kommunikasiya sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini amalga oshirishga har tomonlama ko`maklashish o`ta muhim vazifa sifatida kun tartibiga qo`yilmoqda. Mazkur vazifani amalga oshirish uchun quyidagi masalalarga e`tibor qaratish dolzarb ahamiyatga ega. Milliy axborot tizimlari va milliy axborot resurslarini rivojlantirish, milliy axborot xavfsizligini ta`minlash vazifalarini hal etishni bugunning eng dolzarb vazifasi, deb hisoblaymiz. Rivojlangan milliy axborot makoni — mustahkam taraqqiyot poydevori ekanligini hisobga olib, uning izchillik bilan takomillashuviga erishish lozim.

Yoshlarning kamolotiga xizmat qiladigan kreativ axborot muhitini, samarali axborot-ta`lim makonini yaratish, bolalarni ularning jismoniy va ma`naviy-axloqiy rivojlanishiga zarar etkazadigan axborotlardan muhofaza qilishga barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz. Bundan tashqari, ijtimoiy ongda milliy g`oya shakllanishi va rivojlanishi jarayonlarini axborot jihatdan ta`minlashni yanada kuchaytirish oldimizda turgan dolzarb vazifadir.

Muhtaram partiyadoshlar!

Yaqinda olimpiadachilarimiz va paralimpiadachilarimiz erishgan olamshumul g`alabalar butun xalqimiz va millatimizning g`ururini osmon  qadar ko`tarib, fuqarolarimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg`ularini uyg`otdi. Darhaqiqat, “Dunyoda hech bir narsa mamlakatni, millatni sportchalik dunyoga tez tanitmaydi, mashhur qila olmaydi”tamoyili asosida sportning barcha turlari, ayniqsa, Olimpiada o`yinlari dasturidan o`rin olgan hamda milliy turlarini har tomonlama qo`llab-quvatlash asosiy vazifalarimizdandir.

Bunda, eng avvalo, o`zbek sportchilarining jahon miqyosida erishayotgan olamshumul yutuqlari xalq va millat g`ururining o`sishiga xizmat qilishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda odamlarni yagona maqsad sari birlashtiruvchi xususiyatini tizimli ravishda keng targ`ib qilish hamda Vatanimiz iftixori bo`lgan sportchilar hayot yo`li haqida tarbiyaviy ahamiyatga ega hujjatli va badiiy filmlar, ilmiy-ommabop asarlar yaratishni yanada kuchaytirishimiz kerak.

“Farzandlari sog`lom va barkamol yurt qudratli bo`lur” shiori ostida mamlakatimizda keng quloch yoygan va umummilliy vazifaga aylangan bolalar sportini rivojlantirish ishiga har tomonlama ko`maklashish darkor.

Biz milliy qadriyatlarimiz, matonat, jasorat, vatanparvarlik va insonparvarlik asoslarini o`zida yorqin mujassam etgan va bugun dunyoning 130 ga yaqin mamlakatida kurash federasiyalari tashkil etilganligini hisobga olib, o`zbek kurashini Olimpiada o`yinlari qatoriga kiritish maqsadida Xalqaro Kurash federasiyasi, Xalqaro va Milliy olimpiya qo`mitasi bilan aloqani har taraflama mustahkamlashni bu boradagi eng asosiy vazifamiz, deb bilamiz. Biz o`zbek kurashining Olimpiada o`yinlari dasturidan o`rin olishi uchun bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etib, bu ulug`vor maqsad uchun oxirigacha kurashamiz.

Dasturning pirovardida tashqi siyosat borasidagi vazifalarga e`tiboringizni qaratmoqchiman. Tashqi siyosat sohasida biz O`zbekistonning tinchliksevar siyosati va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligini qo`llab-quvvatlab, O`zbekiston Respublikasi faol tashqi siyosatining asosiy maqsad va vazifalarini bugungi murakkab sharoitda, mintaqada xavfsizlikka va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolayotgan bir vaziyatda amalga oshirmoqda, deb hisoblaymiz.

O`zbekistonning boy tarixiy merosi, uning ma`naviy-axloqiy an`analari va qadriyatlari, jahon madaniyatiga qo`shgan beqiyos hissasi respublikaning zamonaviy xalqaro munosabatlarda, faol tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatda teng huquqli sub`ektga aylanishining asosiy va muhim vositasi bo`ldi.

Tashqi siyosat va davlat boshqaruvining boshqa organlari faoliyati doirasida milliy manfaatlarning qat`iy himoya qilinishi ta`minlanishiga erishishimiz shart. Bizning shiorimiz  — milliy manfaatlar har narsadan ustun!

O`zbekiston xalqining madaniyati va san`ati yutuqlarini keng miqyosda targ`ib etib, O`zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini har tomonlama  mustahkamlab borishimiz zarur. Fuqarolarimiz va yuridik shaxslarning xorijiy davlatlarda huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining har tomonlama himoya qilinishini ta`minlash borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhim vazifamizga aylanmog`i kerak.

Insoniyat tamaddunining qadimgi transchegaraviy yo`nalishi bo`lgan Sharq va o`arbni birlashtiruvchi, iqtisodiy, siyosiy va madaniy-insonparvarlik sohalardagi hamkorlik aloqalarini institusional mus-tahkamlash va kengaytirishda muhim o`rin tutadigan Buyuk ipak yo`lini qayta tiklash, kuchli “Buyuk ipak yo`li” brendini ilgari suramiz.

Aziz do`stlar!

Bizning asosiy g`oyamiz — Vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yanada mus¬tahkamlash orqali iqtisodiyotning barqaror o`sish sur`atlari, xalqimiz farovonligi va mamlakatimizni bundan buyon ham gullab-yashnashiga bor kuch-qudratimizni bag`ishlash orqali jonajon O`zbekistonimizning milliy manfaatlari yo`lida fidokorona xizmat qilishdir.

Biz uchun yagona va ustuvor maqsad — bu O`zbekiston manfaati va yana bir bor O`zbekiston manfaatidir.

E`tiboringiz uchun rahmat.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!