Kichkintoy xurrak otsa...

15:47, 21 oktabr

Bolakay uyqusida xurrak otayotgani sezib qolsak, “ha, otasining bolasi-da” deb, miyig`imizda kulib qo`yamiz. Ammo bir qarashda beozor ko`ringan bu holat bolaning ham jismoniy, ham ruhiy rivojlanishiga salbiy  ta`sir ko`rsatishi mumkin. Bolakayning xurragiga quyidagi 8 belgi hamrohlik qilsa bilingki, otolarengolog yoki pediatr shifokorga murojaat qilishga asos bor.

 

  1. Uyquda qattiq terlash. Bu simpotik nerv tizimining haddan ortiq faol ishlashi tufayli kislorod etishmovchiligini keltirib chiqaradi.  Burun orqali etarli kislorod ololmagan organizm teri orqali nafas olishga harakat qiladi. Shu sababdan bola kuchli terlaydi.    
  2. Bola nafas olganida ko`krak qafasi botib qolishi. Bu ham organizmning nafas olishga bo`lgan intilishi natijasi bo`lib, xurrak bartaraf etilgach, o`tib ketadi.   
  3. Bolaning noqulay yotib qolishi. Ba`zida kichkintoy bo`ynini haddan ortiq cho`zib uxlaydi. Chunki bu holat nafas yo`llarining ochilishiga ko`maklashadi.   
  4. Bosh og`rig`i. Agar kichkintoyingiz uyqudan uyg`ongach bosh og`rig`idan shikoyat qilsa, bilingki, tanaga etarli miqdorda kislorod bormayapti. Bu esa qon bosimning ortishi va bosh og`rig`iga sabab bo`ladi.
  5. Bolakay “tagini ho`llab” qo`ysa. Zamonaviy tadqiqotlar xurrak otuvchi bolalar ko`p hollarda  uyquda tagini xo`llab qo`yishga moyil bo`lishini aniqladi. Xurrak otishi davolangach esa 66 foiz bolalarda enurez ham o`z-o`zidan o`tib ketishi kuzatilgan.
  6. Oyparastlik yoki bosinqirash. Bu o`zgarishlar ham uyquda xurrak otish, to`g`rirog`i miyaga kislorod etishmasligi bilan bog`liq bo`lib, davo choralari o`z vaqtida amalga oshirilsa asoratlarsiz bartaraf etiladi.
  7. Bolalar gipertoniyasi. Yuqori qon bosimidan aziyat chekadigan har bir kichkintoy, albatta, otolorengolog shifokor tekshiruvidan o`tishi lozim. Chunki inson har gal xurrak otganida  bir soniyaga nafas olishdan  to`xtaydi, doimiy to`xtashlar esa tanaga kislorod etkazib bera olmaydi va shundoq ham xasta yuraknining faoliyatini yanada murakkablashtiradi.
  8. Semizlik.  Kuzatuvchilar 30 foiz ortiqcha vaznli shumtakalar uyqusida xurrak otadi, degan xulosaga kelishdi. Agar do`mboq bolalarda xurrak o`z vaqtida davolanmasa gipertoniya, moddalar almashinuvining buzilishi va insulinga chidamlilikning kamayishi kabi xastaliklarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, xurrak bola vazn tashlashiga ham halaqit berishi ta`kidlanmoqda.

“Otasining bolalarini” albatta shifokor ko`rigiga olib boring. Yuqorida sanalgan, alomatlarning bir qanchasi farzandingizda kuzatilsa, uning salomatligiga befarq bo`lmang! Axir, ko`zingiz oqu-qorasi sog`lom bo`lsa, sizning ko`nglingiz ham xotirjam bo`ladi-ku... 

Kamola tayyorladi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!