O`zbekiston XDP MK raisi Hotamjon Ketmonovning ma`ruzasi

16:00, 21 oktabr

Assalomu - alaykum, hurmatli qurultoy ishtirokchilari!

Barchamizga ma`lumki, istiqlolimizning o`tgan 25 yili davomida mamlakatimizda misli ko`rilmagan yutuqlarga erishildi.

Xususan, zamonaviy huquqiy demokratik davlat barpo etish, bozor munosabatlariga asoslangan yangi iqtisodiyotni vujudga keltirish, barcha islohotlar inson va uning manfaatlari uchun degan shiordan kelib chiqqan holda, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, yurtimizda fuqarolar va millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatimiz, xalqimiz xavfsizligi, chegaralarimiz daxlsizligini ta`minlash, oqilona tashqi siyosat olib borish orqali xalqaro maydonda munosib o`rin egallash borasidagi olamshumul natijalar buning yorqin isbotidir.

Ona yurtimiz O`zbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishiga asos bo`layotgan bunday o`zgarish va yangilanishlar, o`z navbatida jamiyatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, siyosiy partiyalarni rivojlantirishga ham sezilarli ijobiy ta`sirini ko`rsatdi.

Konstitusiya va uning negizida yaratilgan puxta qonunlar, shuningdek, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hokimiyat institutlarining samarali faoliyat ko`rsatishi, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinishi ularning davlat boshqaruvida faol ishtirok etishini ta`minladi.  

Ayniqsa, istiqlol yillarida qonunlarga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalar natijasida siyosiy partiyalarning davlat hokimiyatini shakllantirishdagi o`rni yanada mustahkamlanganligi, ularning jamiyat hayotiga ta`sir kuchini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.

Shunga muvofiq ravishda mamlakatni isloh etish va modernizasiya qilish borasidagi strategik vazifalarni hal etish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan siyosiy partiyalarning nuqtai-nazari, pozisiyalari mustahkamlanmoqda, ularning dasturlarida jamiyat hayotining muhim masalalari aks etmoqda. Siyosiy partiyalar vakillik organlarida ko`proq o`rinlarni qo`lga kiritish orqali o`z maqsadlarini amalga oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning strategik vazifalarini hal etishda faol ishtirok etishga intilmoqda.

Ta`kidlash lozimki, bularning barchasi siyosiy partiyalarning o`z maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirishi, elektorat manfaatlarini to`laqonli himoya qilishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

Partiyamiz ham ana shunday shart-sharoit va imkoniyatlardan foydalangan holda, asosiy e`tiborni avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish masalasiga qaratmoqda.

Jumladan, partiyamizning 9- qurultoyidan keyingi qisqa vaqt ichida ham elektorat manfaatlariga daxldor bo`lgan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2014 yil dekabr oyida bo`lib o`tgan saylovlar natijasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 27 nafar deputatdan iborat O`zbekiston XDP fraksiyasi tuzildi. Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida 214 nafar, tuman va shahar Kengashlarida 1649 nafar deputatlardan iborat jami 178 mahalliy Kengashda partiyamiz guruhi qonunchilikka muvofiq tashkil etildi.

O`tgan vaqt mobaynidagi eng muhim ahamiyatga ega bo`lgan ishlarimizdan biri sifatida, O`zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan 2015-2019 yillarga mo`ljallangan amaliy Harakat dasturi qabul qilinib, ijroga yo`naltirilganligini aytishimiz mumkin.

Unda partiyamiz Saylovoldi dasturidagi ustuvor vazifalardan kelib chiqib, elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish, hududlarda aholini o`ylantirayotgan muhim masalalarga echim topish hamda qabul qilingan maqsadli dasturlarning ijrosi yuzasidan deputatlik va parlament nazoratini olib borish bo`yicha mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari ishini muvofiqlashtirib borish bilan bog`liq qator vazifalar belgilandi.

Shundan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasi qator qonun loyihalarni ishlab chiqish va elektoratimiz manfaatlari nuqtai nazaridan takomillashtirishda faol ishtirok etdi.

Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston XDP fraksiyasi tashabbusi bilan 2015 yilda Ish o`rinlarini yaratish va aholi bandligini ta`minlash Dasturi ijrosi to`g`risida hamda mazkur Dasturining 2016 yilning birinchi yarmidagi ijrosi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Mehnat vazirining axboroti yuzasidan parlament eshituvlari o`tkazilganligi esa eng muhim amaliy natija bo`ldi.

Ushbu eshituvlar yakuni bo`yicha Qonunchilik palatasining Dasturning hududlar va tarmoqlar kesimida so`zsiz bajarilishini ta`minlash, bu yo`nalishda deputatlar korpusi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligini yangi bosqichga ko`tarish, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirishni rag`batlantirish hisobiga ish o`rinlari yaratish, kelgusi yillar uchun mo`ljallangan dasturlarni ishlab chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarorlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, Harakat dasturi doirasida 2015 yil va 2016 yilning 9 oyi davomida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi O`zbekiston XDP deputatlik guruhlari tomonidan tomonidan 138 ta masala sessiyalarda, 200 masala doimiy komissiya yig`ilishlarida, 321 ta masala deputatlik guruhlarida muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, joylarda mafkuraviy, “Faol ayollar” va “Istiqbol yoshlar qanoti” yo`nalishlaridagi bir qatorijtimoiy loyihalar doirasida maqsadli tadbirlarhamda partiyaning boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslari izchil amalga oshirilmoqda.

Hurmatli qurultoy qatnashchilari!

Ma`lumki, saylov xalqning xohish-irodasini ro`yobga chiqarishning oliy ifodasi, davlat hokimiyati organlarini demokratik tarzda tashkil etishning asosi hisoblanuvchi ulkan ijtimoiy-siyosiy voqeadir.

Mustaqillik yillarida O`zbekistonda fuqarolar o`z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun jahonda umume`tirof etilgan me`yorlarga muvofiq tarzda saylov tizimi shakllantirildi.

Eng muhimi, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarning faqat ko`ppartiyaviylik asosida o`tkazilishi, mamlakat Prezidenti lavozimiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar esa – siyosiy partiyalarning joylardagi tegishli organlari tomonidan ko`rsatilishi to`g`risidagi prinsipial qoida mustahkamlandi.

Shunga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, faqatgina siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatiladi.

Shu o`rinda alohida ta`kidlash lozimki, saylov tizimiga, jumladan Prezident sayloviga tatbiq etilgan bunday o`zgartishlar 2015 yil mart oyida bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida o`zini to`la ma`noda oqladi. Buni dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan horijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham e`tirof etganligini barchamiz yaxshi eslaymiz.

Eng muhimi unda xalqimiz O`zbekiston tanlagan demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo`liga sodiqligini yana bir marta namoyon etdi.

Aziz yurtdoshlar!

Barchamizga ma`lumki, 2016 yilning 9 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi boshlanganini ma`lum qildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni 2016 yil 4-dekabr kuni, deb belgilandi.

Shu kunlarda mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea hisoblangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jiddiy tayyorgarlik ko`rilmoqda.

Shundan kelib chiqib, bugungi qurultoyimizda mazkur siyosiy jarayonda partiyamizning munosib ishtirokini ta`minlash, partiya nomzodini ko`rsatish masalalarida sizlar bilan fikrlashib, dolzarb vazifalarni belgilab olishimiz zarur.

Avvalo, shuni qayd etish kerakki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimizda demokratik islohotlar yanada chuqurlashayotgan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yangi bosqichga ko`tarilayotgan o`ta mas`uliyatli bosqichda bo`lib o`tmoqda.

Partiyamiz O`zbekiston tanlagan yo`lni har tomonlama qo`llab-quvvatlagan holda, o`zining strategik maqsadlarini amalga oshirishni ko`zlab saylov jarayonida faol ishtirok etishni muhim vazifa, deb hisoblaydi.

Shuning uchun barcha partiya tuzilmalarimiz mazkur saylov jarayonida yuksak mas`uliyatni his etib harakat qilishi, saylovchilarning demokratik ongu tafakkurini oshirish, fuqarolarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, o`zgarish va yangilanishlarga daxldorlik hissini kuchaytirish masalalarida astoydil harakat qilishi zarur.

1. Oldingi saylovlarda to`plagan tajribamizdan ma`lumki, saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida partiya tashkilotlarining faol ishtirok etishini ta`minlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish muhim vazifa hisoblanadi.

Shu maqsadda, 14 sentyabr kuni O`zbekiston XDP Markaziy Kengashi Ijroiya qo`mitasiningO`zbekiston XDP saylov Shtablarini tashkil etish bo`yicha qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, Shtab tarkibida partiyaning saylov mavsumidagi ishtirokini tashkiliy, axboriy-tahliliy, tashviqot-targ`ibot, moddiy-texnikaviy jihatdan ta`minlash, ommaviy axborot vositalari orqali yoritish va O`zbekiston XDPning keng jamoatchilik bilan aloqalarini yo`lga qo`yish bo`yicha ishchi guruhlari tuzilib, ularga MKning tegishli bo`linmalari bo`ysundirilishi hamda zarurat bo`lgan taqdirda qo`shimcha xodimlar bilan mustahkamlanishi belgilab qo`yildi. Bunday Shtablar O`zbekiston XDP Qoraqalpog`iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarida ham tuzilgan.

Mazkur shtablar partiya tashkilotlari, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va boshqa faollarimizga, shuningdek, o`tkaziladigan tadbirlarga, tashkiliy, axborot-tahliliy, moddiy-texnikaviy jihatdan amaliy yordam ko`rsatib borishlari lozim bo`ladi.

Shu bilan bir qatorda O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining “O`zbekiston Xalq demokratik partiyasining 2016 yil 4 dekabrida bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtiroki bo`yicha asosiy tadbirlarning kalendar Rejasi”dan kelib chiqqan holda, saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida partiya tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borish, faoliyatimizning qonuniyligi va samaradorligini ta`minlash, belgilangan har bir vazifaning o`z muddatida va to`liq bajarilishini nazorat qilish, muammolar vujudga kelganida zudlik bilan hal etish masalalari ham ular zimmasiga yuklanadi.

2. Qonunchiligimizga ko`ra, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko`rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi qatnashish huquqiga egadir. Kuzatuvchilarga qonun bilan uchastka saylov komissiyalari ishi, saylov uchastkalarida saylov to`g`risidagi qonunchilikka rioya qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo`yicha katta huquqlar berilgan. Ayni paytda, bu huquqlarning muayyan chegaralari ham aniq belgilab qo`yilgan.

Kuzatuvchilarga yuklanayotgan vazifalarni hisobga olsak, avvalo e`tiborni ularni huquqiy jihatdan tayyorlash, bilim va ko`nikmalarini har tomonlama oshirishga qaratish zarur bo`ladi.

3.Ma`lumki, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunining 28-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod 15 nafarga qadar ishonchli vakillarga ega bo`lishga haqlidir. Ishonchli vakillar nomzodga saylov kampaniyasini o`tkazishda yordam beradilar, targ`ibot –tashviqot ishlarini olib boradilar. Davlat va jamoat tashkilotlari saylov komissiyalari bilan bo`ladigan munosabatlarda nomzodning manfaatini himoya qiladilar. Shunday ekan, ishonchli vakillarni belgilashda partiyamizning eng salohiyatli, obro` e`tiborga ega va faol a`zolarini tanlashimiz hamda ularning o`z vakolatlarini to`laqonli amalga oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berishimiz lozim.

4. Shuningdek, qonunchiligimizda saylovoldi tashviqoti O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olingan kundan e`tiboran boshlanishi belgilab qo`yilgan.

Ma`lumki, bunda O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga, siyosiy partiyalarga O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Shuningdek, saylovchilar bilan yig`ilishlarda hamda saylovchilar uchun qulay bo`lgan boshqa shaklda uchrashuvlar o`tkazishda tenglik ta`minlanadi.

Bu jarayonda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari saylovchilar bilan o`tkaziladigan uchrashuvlarning mazmun-mohiyati va jozibadorligini oshirishga xizmat qiluvchi targ`ibot vositalaridan samarali foydalanishlari talab etiladi. Shu o`rinda partiyaning saylovoldi chaqiriq va shiorlari, nomzodning reklama va roliklari, va boshqa tarqatma materiallarning saviyasi va sifatiga alohida e`tibor qaratish lozim.

 “O`zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi kengashining “Qaraqalpaqistan hao`azi”, Namangan viloyat kengashining “Xalq irodasi”, Surxondaryo viloyat kengashining “Xalq yo`li” gazetalarida partiyadan ko`rsatilgan nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlarini yoritib beruvchi materiallar chop etib borish, partiya veb-sayti va boshqa saytlarda partiyadan ko`rsatilgan nomzod saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlarini ifoda etuvchi materiallarni joylashtirib borish zarur bo`ladi. Respublikamizdagi boshqa OAV bilan ham samarali hamkorlikni yo`lga qo`yish maqsadga muvofiqdir.

Partiyamizning markaziy organlari va mahalliy tashkilotlarimiz saylovoldi tashviqoti jarayonlarida, birinchi navbatda, O`zbekiston XDP dasturiy maqsadlarini elektorat orasida yanada izchil va chuqur targ`ib qilishga e`tibor bermog`i lozim. Tegishli targ`ibot materiallarida partiya g`oyalari yaqqol va ta`sirchan aks etishi zarur.

Shuningdek, partiya tashkilotlarimiz O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazishni tashkil etishda, zarur ma`lumot va axborot materiallari olishda davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari bilan amaliy hamkorlik qilishi nihoyatda muhim masaladir.

 

Hurmatli partiyadoshlar!

 

Oldimizda saylov jarayonlari bilan bog`liq shunday jiddiy vazifalar turar ekan, bunda albatta partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari o`z imkoniyatlardan samarali foydalanishi kerak bo`ladi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a`zolari mustaqillik yillarida O`zbekistonda saylov huquqi erkinligini ta`minlash va saylov qonunchiligini rivojlantirish, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tizimini takomillashtirish, bunda ayniqsa, siyosiy partiyalarning o`rni va rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarni aholining keng qatlamlari orasida tushuntirish masalasiga e`tibor qaratishlari lozim.

Partiyamizning mintaqaviy kengashlari oldida O`zbekiston XDP saylov Shtablari va O`zbekiston Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari, kuzatuvchilar faoliyatini samarali tashkil etish, saylovoldi tashviqoti bilan bog`liq eng muhim masalalar turadi.

Saylov kampaniyasi davrida partiya tuman va shahar kengashlari aholi bilan ish olib borar ekan, elektoratimiz vakillarida faol fuqarolik pozisiyasini mustahkamlash, saylov huquqini tushunib, undan erkin va mas`uliyat bilan foydalanishga intilishini kuchaytirish asosiy e`tiborda bo`lishi kerak.

 Bu yo`nalishdagi ishlarda partiya tuman va shahar kengashlarining mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz bilan hamkorligini yanada kuchaytirish talab etiladi. Saylov jarayonlarining barcha tadbirlari, ayniqsa, targ`ibot-tashviqot ishlariga mahalliy Kengashlar deputatlarini keng jalb etish nihoyatda muhim masaladir.

Shu o`rinda ta`kidlashimiz lozimki, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri partiya Kengashlari boshlang`ich partiya tashkilotlarini tashkiliy jihatdan mustahkamlash, partiya dasturiy vazifalarini amalga oshirish va aholi orasida ijtimoiy-siyosiy ishlarni yuritishdagi roli va ahamiyatini kuchaytirishga qaratilgan qator ishlarimiz saylov jarayonlarida o`z natijasini ko`rsatishi lozim.

Chunki, partiyaning boshlang`ich tashkilotlari aholining keng qatlamlariga eng yaqin bo`g`indir. Shu boisdan ham ular oldiga aholi ijtimoiy guruhlari orasida partiyaning salohiyatli tarafdorlarini aniqlash, ularning siyosiy savodxonligi va huquqiy madaniyati darajasini oshirish, ijtimoiy, siyosiy va fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish borasida aniq vazifalar qo`yiladi.

Bu jarayonda elektoratimizning yosh vakillari, ayniqsa, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida birinchi marta ovoz beradigan yoshlarga alohida e`tibor qaratish zarur bo`ladi. Shuningdek, xotin-qizlar, xususan, oilada farzand tarbiyasi bilan band bo`lgan ayollarning elektoral faolligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalalar O`zbekiston XDPning «Istiqbol» yoshlar va «Faol ayollar» qanotlari etakchilari, faollarining diqqat markazida turishi kerak.

Kisqacha aytganda, saylov kampaniyasi davrida O`zbekiston XDPning barcha tashkilotlarining faoliyati saylov jarayoning har bir bosqichida qonuniylikka amal qilgan holda faollik ko`rsatish hamda elektoratimizning saylov kampaniyasida faol ishtirok etishini ta`minlashga qaratilishi lozim bo`ladi.

Hurmatli qurultoy ishtirokchilari!

Barchamizga ma`lumki, «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonuniga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga o`zining kelgusi faoliyat dasturi bilan chiqish huquqi berilgan.

Shundan kelib chiqqan holda, ta`kidlashimiz lozimki, partiyamiz nomidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatiladigan nomzodning dasturi O`zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga asoslanadi. Uning ustuvorliklari jamiyatning barcha a`zolari uchun har tomonlama rivojlanish va ishonchli ijtimoiy kafolatlarni ta`minlashga yo`naltirilgan.

Biz uchun asosiy ustuvor yo`nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni yuritishdan iboratdir.

Bu mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to`lanadigan ish o`rinlariga ega bo`lishini, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligi qo`llab-quvvatlanishi va rag`batlantirilishini, yoshlarga, ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat`iy nazar, kasb tanlash, ta`lim olish va o`quv muassasalarini bitirgach, albatta, ish o`rniga ega bo`lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlar yaratilishini, pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to`liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta`minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimi shakllantirilishi bilan bog`liq masalalarni qamrab oladi.

Biz o`z oldimizga qo`ygan bunday maqsadlarni samarali amalga oshirish va ularga erishish uchun quyidagi yo`nalishlarni ustuvor deb hisoblaymiz.

Birinchidan, aholi bandligini ta`minlash tizimini doimiy takomillashtirib borish zarur. Xususan, mehnat bozoridagi talab-taklifni to`liq hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini tuzishda hududning joriy va istiqboldagi rivojlanish yo`nalishlarini aniqlashtirish, kasb-hunar kollejlari yo`nalishlarini belgilashda tashkil etilayotgan korxona va tadbirkorlik sub`ektlarini kadrlarga bo`lgan extiyojini hisobga olish lozim.

Bundan tashqari ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida barqaror ish o`rinlarini yaratish ko`rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan biri bo`lishiga erishish kerak.

Ushbu maqsadda avvalombor, munosib ish haqi to`lanadigan barqaror ish o`rinlarini taklif etayotgan korxonalarda, xususan yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko`rsatish va servis sohasida mehnatga layoqatli aholi bandligini ta`minlash bo`yicha sa`y-harakatlarni faollashtirish lozim.

Bu yo`nalishdagi yana bir muhim masala mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta`minlash, bir martalik vaqtincha ish bilan band bo`lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirishdir.

Yana bir muhim masala, kasb-hunar kolleji bitiruvchilariga, ularning mustaqil bandligini ta`minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag`batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish, istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo`yicha investisiya dasturlarini ishlab chiqishda, ularning o`rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma`lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlariga bog`liqligini ta`minlashdir. Shuningdek, munosib ish haqi va mehnat sharoitiga ega bo`lgan qo`shimcha barqaror ish o`rinlari yaratayotgan tadbirkorlik sub`ektlarini rag`batlantirish maqsadida soliqqa tortish tizimini maqbullashtirish, bunda ayniqsa kichik biznes, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta`minlash masalalariga ham e`tibor qaratish talab etiladi.

Shu bilan birga, jamiyatning barcha qatlamlariga erkin va teng ta`lim olish imkoniyatlarini yaratish maqsadida mintaqalardagi demografik o`zgarishlarni hisobga olgan holda, maktabgacha, o`rta, o`rta-maxsus, kasb-hunar va oliy ta`lim muassasalarini oldindan barpo etish amaliyotini yanada rivojlantirish ham davr talab hisoblanadi.

Ikkinchidan, iqtisodiy siyosatdagi asosiy ustuvorligimiz, bu – davlatimizning iqtisodiy-moliyaviy qudratini oshirishni kuchli ijtimoiy siyosat bilan uyg`unlashtirish orqali aholining, xususan, uning ehtiyojmand qatlamlarining turmush darajasini yanada yaxshilashga yo`naltirishdan iboratdir.

Buning uchun avvalo, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish asosida xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, tannarxini pasaytirish, shuningdek, ularning eksport imkoniyatlarini kengaytiruvchi va aholining xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiluvchi raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e`tiborni kuchaytirish lozim.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, bugungi kunda iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta`minlash, yangi ish o`rinlari yaratishning muhim omili bo`lgan qurilish sohasini modernizasiya qilishga etarli darajada e`tibor berilmayapti. Qurilish tashkilotlarning keng rivojlanishi, bu sohada zamon talabiga javob beradigan mutaxassislar, texnik vositalari bilan ta`minlanishi talab darajasida emas.

Qurilish sohasidagi qonunchilik bazasining, qurilish normalari va standartlarining takomillashmagani oqibatida, bugungi kunda qurilish texnologiyalari jahon standartlari darajasidan orqada qolib kelmoqda.

Xorijiy davlatlarning qurilish tashkilotlari bugungi kunda pudrat xizmatlari eksporti bilan jadal shug`ullanib, o`z davlatiga valyuta tushumini oshirayotgan bir paytda, milliy qurilish tashkilotlari bunday imkoniyat ega emas va bunday talablarga javob ham bermaydi.

Shuning uchun biz o`z saylovoldi dasturimizda ushbu masalalarga alohida to`xtalib, qator takliflarni ilgari surdik. Bizningcha, qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta`minotini yaxshilash, yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxasislarni yollashga imkoniyat yaratuvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish; sobiq tuzum davridan buyon foydalanib kelinayotgan eskirgan qurilish standartlari, norma va qoidalari o`rniga butun dunyoda amal qilib kelinayotgan evrokodlar tizimiga o`tish lozim.

Qurilish sohasi rivojlanishi istiqbollariga muvofiq etarli darajada malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga e`tibor qaratish, xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborish bu sohadagi dastlabki vazifalardan bo`lmog`i lozim. Mazkur islohotlar, avvalambor, yangi innovasion texnologiyalarni va materiallarni qo`llash, qurilish xizmati bozorlarida mamlakatimiz mutaxassislarining raqobatbardoshligini ta`minlash bilan birga, o`zbek kompaniyalarining xorijiy qurilish va xizmat bozorlariga chiqishlariga sharoit yaratadi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kichik korxonalarning yiriklashishini rag`batlantiruvchi soliq siyosatini yuritish, korxonalarning tasnifida “o`rta korxona” tushunchasini kiritish lozim. Chunki, qonunchiligimizda belgilangan kichik va yirik korxonalar tomonidan undiriladigan soliqlar tizimining tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi va davlat byudjetini shakllantirishdagi ishtiroki katta farq qiladi. Jumladan, yirik korxonalar tomonidan yalpi ichki mahsulotning 44% ishlab chiqilib, ulardan 89,8% soliq va to`lovlar undirilgan bo`lsa, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,1 % tashkil etib, soliq va to`lovlari 10,2 foizni tashkil etmoqda. Kichik korxonalar tomonidan ishchilarga to`lanadigan ish haqlari ham yirik korxonalar to`layotganidan 2 baravarigacha pastdir. Xozirgi soliqlar va imtiyozlar tizimi kichik korxonalarning yiriklashishiga halaqit qilmoqda.

Mazkur masalalarni tartibga solishda dastavval sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish, xususan, kichik korxonalar yiriklashish jarayonida katta soliq yuklamasiga tushib qolishini oldini olish maqsadida “o`rta korxona” tushunchasini kiritish, ya`ni yirik, o`rta va kichik korxonalari mezonlarini belgilash; kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish lozim.

O`z o`rnida turli xil imtiyozlarni berish yo`llari orqali ish beruvchi va xodim o`rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonun doirasiga kiritish; mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun esa tadbirkorlarning mas`uliyatini va javobgarligini oshirish va davlat tomonidan qattiq nazorat o`rnatish ham e`tibordan chetda qolmasligi lozim.

Mazkur takliflar shak-shubhasiz, kichik korxonalarni yiriklashishiga, yangi ish o`rinlari yaratishga, mamlakatimizning yalpi ichki mahsulotini o`sishiga olib keladi, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, tijorat banklarining investisiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo`l qo`ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investisiyaviy faolligini kuchaytirish ham iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga istiqbolli korxonalar va ishlab chiqarish komplekslarining rivojlanishi uchun bo`sh mehnat resurslarini jalb qilish iqtisodiy o`sishning qo`shimcha omiliga aylanishiga erishish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo`shimcha qiymatga ega iste`mol tovarlarini ishlab chiqarishini iqtisodiy va moliyaviy rag`batlantirish va imtiyozli kreditlash samaradorligini oshirish, mamlakatda etishtirilayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish maqsadida qishloq joylarida ushbu yo`nalishdagi oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag`batlantirishni kuchaytirish masalalariga e`tibor qaratish zarur bo`ladi.

Iqtisodiyotning ijtimoiy yo`naltirilganligini ta`minlash, aholining ko`pchiligi manfaatlari yo`lida kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, etakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyatning barcha a`zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta`minlanishi masalalarida biznes mas`uliyatini oshirish bugungi kunning talabidir.

Uchinchidan, kam ta`minlangan oilalarni manzilli ijtimoiy himoyalash siyosatini izchil davom ettirish lozim.

Bunda ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini aholining ehtiyojmand qatlamlari o`rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning tashabbuskorligini rag`batlantirish, mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash hamda nafaqalar va moddiy yordamni asosan, kam ta`minlangan oilalar, ijtimoiy yordamga muxtoj qariyalar va bolalarga yo`naltirish nihoyatda muhim masaladir.

Yana bir muhim masala bugungi kunda partiyamiz elektoratining asosiy qatlamini tashkil etuvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, turli sabablarga ko`ra nogiron bo`lib qolgan fuqarolarimizning ijtimoiy hayotga kirishishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish masalasidir.

Bugungi kunda ijtimoiy ob`ektlarda, barcha bino inshootlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo`lagi – panduslar bo`lishi darkor. Yangi qurilayotgan ob`ektlarni loyihalash ishlari, shuningdek qurib bitkazilgan ob`ektlarni foydalanishga topshirish jarayonida Nogironlar uyushmasi ishtiroki qonunchilikda mustahkamlab qo`yilgan bo`lsada, mazkur normalar amaliyotda ishlamayapti. Aksariyat binolarda nogironlar uchun panduslar umuman yo`q, mavjud bo`lganlarining aksariyatidan foydalanishning imkoni yo`q. Piyodalar yo`lakchalari ham nogironlar uchun moslanmagan.

Mazkur masalalarni bartaraf etish maqsadida qator choralarni amalga oshirish, xususan, mavjud barcha bino va inshootlarni, ayniqsa davlat idoralarini nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o`tkazish kerak, ularni nogironlarga moslash; yo`lakchalarni nogironlarga moslash bo`yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish darkor deb hisoblaymiz.

Shuningdek, mahallaning aholini ijtimoiy himoya qilishdagi rolini yanada oshirish, ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini belgilash ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali narxlar va tariflarning o`sishi inflyasiya darajasidan yuqori bo`lmasligiga erishish, kommunal xizmatlarning kamxarj shakllarini kengaytirish zarur.

Xususan, tarmoq muhandislik infratuzilmasi bilan bog`liq bo`lmagan kommunal xizmatlar ko`rsatishning arzon avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish orqali aholiga ko`rsatiladigan xizmatlar narxini maqbullashtirish shular jumlasidan.

To`rtinchidan, aholiga yuqori sifatli va maqbul tibbiy yordamdan keng foydalanish imkoniyatini hamda obod turmush tarzini ta`minlash masalasi ham bizning diqqat markazimizdadir.

Mazkur sohada aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta`minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog`ini kengaytirish, farmasevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, dori vositalari reklamasini cheklash masalalarini taklif etmoqdamiz.

Mamlakatimizda avtotransport vositalarining ko`payib borayotganligi natijasida yo`llar, katta shaharlarning ko`chalari tirband bo`lib borayotganligi hech kimga sir emas. Ushbu muammoni hal qilishning eng maqbul yo`li deb, biz piyodalar yo`laklarini kapital ta`mirlash; ekologik toza, sog`lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo`laklarni qurish va tegishli infratuzilmani yaratish lozim, deb hisoblaymiz.

Muhim masalalardan yana biri sanoati rivojlangan yirik shaharlarimizda maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasidir. Chunonchi, bugungi kunda, har yili 100 mln. tonna sanoat chiqindilari, 35 mln.m. kub maishiy-ro`zg`or chiqindilari hosil bo`ladi. Bu chiqindilarni utilizasiya qiladigan, qayta ishlaydigan tizimli korxonalarni mavjud emasligi natijasida respublika miqyosida 2 milliard tonna chiqindi to`planib qolgan. Chiqindilar to`planadigan va qayta ishlaydigan aksariyat chiqindixonalarning holati achinarli ahvolda.

Mazkur ahvolni ijobiy tomonga o`zgartirishda esa, chiqindilarni utilizasiya qiladigan, qayta ishlaydigan korxonalarni tizimli tashkil etish, ularga soliq imtiyozlari berish alohida ahamiyat kasb etadi.

Beshinchidan, biz uchun demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosiy vazifa hisoblanadi. Ushbu maqsadda, avvalo, qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari, davlat boshqaruvi organlari faoliyati natijalarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta`minlash amaliyotini izchil rivojlantirish, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o`rtasidagi ijtimoiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish zarur,

Shuningdek, fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish, sudlarda ishlarni ko`rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng tatbiq etish. Fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini joriy qilish lozim.

Oltinchidan, tashqi siyosat masalalarida quyidagilar taklif etilmoqda:

Qo`shni mamlakatlarga nisbatan ochiq va pragmatik siyosat yuritish, ular bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro manfaatli va foydali hamkorlikni rivojlantirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bo`yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surish borasidagi sa`iy harakatlarni izchil davom ettirish nihoyatda muhim masaladir.

Tashqi siyosiy faoliyatning muhim vazifasi bu O`zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash vazifalarini hal etishdagi faol va tashabbuskor ishtirokidir. Ushbu maqsadlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari, dunyoning boshqa davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalari bo`yicha hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kuchaytirish zarur.

Hurmatli qurultoy delegatlari va ishtirokchilar!

Ko`rib turganingizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko`rsatilayotgan nomzodning dasturida mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, olib borilayotgan barcha yo`nalishdagi islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, demokratik o`zgarishlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan eng muhim masalalar qamrab olingan.

Ularning ro`yobga chiqarilishi, albatta yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

So`zimni yakunlar ekanman, oldimizda turgan shunday mas`uliyatli vazifalarni amalga oshirishda sizlarga mustahkam sog`lik, kuch-g`ayrat tilayman.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!