Samarqandda tramvay yo`li qurilishi boshlandi

17:02, 21 oktabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo`jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 5 oktyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurganida Samarqand shahrida transport tizimini yanada yaxshilash masalasiga alohida e`tibor qaratdi, deb yozadi O`zA. Aholiga qulaylik yaratish hamda shahar atrof-muhiti musaffoligini ta`minlash borasida zamonaviy tramvay liniyalari barpo etish zarurligini ta`kidladi.

Ushbu ezgu maqsadni amalga oshirish yuzasidan o`tgan qisqa vaqt ichida zarur chora-tadbirlar belgilandi. Zamonaviy transport vositasi qatnovini bochqichma-bosqich yo`lga qo`yish dasturlari ishlab chiqildi. 

– Tramvay qatnovining dastlabki bosqichi Samarqand temiryo`l vokzali maydoni va Sartepa massivi oralig`ida yo`lga qo`yiladi, – deydi Samarqand shahar arxitektura va qurilish bo`limi boshlig`i vazifasini bajaruvchi Ulug`bek Tojiboev. – Po`lat izlar Beruniy, Buyuk ipak yo`li, Amir Temur, Turkiston ko`chalarida yotqiziladi. Umumiy uzunligi 8 kilometrdan iborat mazkur yo`l qurilishining dastlabki ishlari boshlandi. Yo`l qurilishining ikkinchi bosqichida tramvay yo`nalishini Temiryo`l vokzalidan Siyob dehqon bozorigacha, uchinchi bosqichida Buyuk ipak yo`li ko`chasidan Kimyogarlar shaharchasiga qadar uzaytirish ko`zda tutilgan. 

Samarqand shahrida dastlabki tramvay qatnovini 2017 yil Navro`z bayramiga qadar yo`lga qo`yish rejalashtirilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!