Uchta siyosiy partiya Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodlarini ro`yxatga olish uchun zarur hujjatlar taqdim qildilar

17:05, 21 oktabr

Shu yilning 21 oktyabr kuni saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyalarning vakillari Markaziy saylov komissiyasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodlarini ro`yxatga olish uchun zarur hujjatlar taqdim qildilar.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatiladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko`rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari — s`ezdi yoki qurultoyi tomonidan amalga oshiriladi. 

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga asosan O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro`yxatga olishni iltimos qilib, partiyaning vakolatli vakili Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etdi.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunning 242-moddasiga asosan siyosiy partiyaning rahbari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro`yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga siyosiy partiya yuqori organining O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish to`g`risidagi qarori; siyosiy partiya yuqori organi majlisining O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko`rsatish to`g`risidagi bayonnomasi; O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o`z nomzodi ovozga qo`yilishiga rozi ekanligi to`g`risidagi arizasi; O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodni qo`llab-quvvatlovchi imzo varaqalari ilova qilindi. 

Shu kunning o`zida O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasining vakolatli vakillari ham O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarini ro`yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etdi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni etti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning qonun talablariga muvofiqligi to`g`risida xulosa beradi.

Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasida imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish bo`yicha ekspertlar guruhlari tashkil etilgan bo`lib, ularning tarkibida Markaziy saylov komissiyasi a`zolari, jamoat tashkilotlarining vakillari, ichki ishlar, adliya organlarining mutaxassislari faoliyat yuritmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!