EXHT Demokratik institutlar va inson hukuqlari bo`yicha byurosi O`zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish bo`yicha missiyasini yubormoqda

20:36, 21 oktabr

Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson hukuqlari bo`yicha byurosi (EXHT DIIHB) saylov arafasidagi vaziyat hamda 2016 yilning 4 dekabrida bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi to`g`risidagi hisobotini e`lon qildi va bo`lajak saylovni kuzatish bo`yicha to`laqonli missiyasini yuborish rejalari haqida bayon qildi.

O`zbekistonning muhim siyosiy tadbirni ochiq, oshkora, umum e`tirof etilgan saylov standartlariga muvofiq o`tkazishga tayyor ekanligini inobatga olgan holda saylovlarni kuzatish bo`yicha to`laqonli missiya mamlakatga birinchi marotaba yuborilmoqda.

Avval O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan joriy yilning 11-14 oktyabr kunlari EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi saylov departamenti rahbari Aleksandr Shlik va Saylov bo`yicha departamenti maslahatchisi Ulvi Axundlu tarkibidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) saylov arafasidagi vaziyatni va saylovga tayyorgarlikning borishini baholash, saylov komissiyalarining, saylovni o`tkazishga aloqador bo`lgan davlat hokimiyati organlarining ishlari, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining saylovoldi jarayonidagi faoliyati bilan tanishish, saylovga doir milliy qonun hujjatlarining umume`tirof etilgan xalqaro standartlarga mos kelishini tahlil qilish maqsadida respublikaga tashrif buyurgan edi.

Vazirlik, idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, O`zbekiston parlamentidagi uchrashuvlar chog`ida DIIHB ekspertlari bevosita O`zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruvi, saylov qonunchiligi va saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish amaliyoti sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida har tomonlama va xolis axborot oldilar.

EBM hisobotida O`zbekiston saylov qonunchiligi jiddiy ravishda yaxshilanganligi ta`kidlangan. Qayd etilganidek, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 9 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash bo`yicha  saylov kampaniyasi boshlanganligini e`lon qilib, uch oy ichida “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga to`liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o`tkazilishini  bildirdi  va 2016 yilning  4 dekabrini – saylov kuni deb belgiladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda o`tkazilishini ta`minlaydigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha asosiy tadbirlar Dasturi tasdiqlanganligini baholadilar.

Nomzodlar ko`rsatish va ularni qo`llab-quvvatlab to`plangan imzo varaqalari to`g`ri to`ldirilganligini tekshirish tartib-taomilini, saylovoldi tashviqoti tashkil etilishini hamda saylov kampaniyasi moliyalashtirilishini, shikoyat va arizalar ko`rib chiqilishini, shu jumladan ma`muriy huquqbuzarliklar rasmiylashtirilishini, shuningdek kuzatuvchilarning huquqari hamda burchlariga oid masalalarni tartibga solib turuvchi qator yo`riqnomalar va nizomlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinganligiga e`tibor qaratildi. Saylov uchastkalarini jihozlash va tashkil etish bo`yicha saylov komissiyasining a`zolariga mo`ljallangan soddalashtirilgan uslubiy ravsiyalar tasdiqlanganligi ham ta`kidlangan.

2015 yilning mart oyida o`tkazilgan prezidentlik saylovi yakunlariga ko`ra shu yilning dekabr oyidayoq “Markaziy saylov komissiyasi to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi qonunlarga hamda boshqa qonun hujjatlariga o`zgartishlar va qo`shimchalar kiritilganligi ijobiy baholandi. Bunda “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan quyidagi tuzatishlar alohida ajratib ko`rsatilgan:

– siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok eta olishini engillashtiradigan, prezidentlikka nomzod ko`rsatish uchun zarur bo`ladigan imzolar soni (5% dan 1% gacha) qisqartirilganligi;

– saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni o`tkazish shakllari, ko`rinishlari va usullari to`g`risidagi normaning mustahkamlab qo`yilganligi;

– qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalari tuzilishi, ovoz berish tartib-taomili soddalashtirilganligi;

– vaqtincha yashash joyida saylovchilar ro`yxatiga kiritilish imkoniyati;

– muddatidan oldin ovoz berish muddatlari, tartibi va jarayoni belgilanganligi, ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida “sukunat kuni” o`rnatilishi nazarda tutilgan tuzatishlar alohida qayd etib o`tiladi.

Hisobotda yangi normalar EXHT DIIHBning avvalgi tavsiyalarini inobatga olgan holda kiritilganligi va umum e`tirof etilgan saylov standartlariga mos ekanligi ko`rsatib o`tilgan.

Saylov komissiyalari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi, ularning majlislarida OAV vakillari, siyosiy partiyalar hamda xalqaro kuzatuvchilarning keng ishtirok etishi, MSKning saylov kampaniyasi bilan bog`liq barcha materiallarni ommaviy axborot vositalarida va MSK veb-saytida tezkorlik bilan chop etishga tayyor ekanligi ekspertlar tomonidan ta`kidlab o`tilgan. Okrug saylov komissiyalari xodimlarining qariyb 40 foizini xotin-qizlar tashkil etishi ko`rsatib o`tilmoqda.   

DIIHB missiyasi aholini bo`lajak saylov haqida keng xabardor qilish, uchastka saylov komissiyalarining a`zolarini saylov kampaniyasining turli jihatlari bo`yicha puxta tayyorlashga qaratilgan kaskad treninglarni butun mamlakat bo`ylab tashkil etish borasidagi MSK faoliyatini, shuningdek saylovchilarning, eng avvalo yoshlar va aholining ehtiyojmand toifalarining huquqiy madaniyatini hamda elektoral faolligini yanada oshirishga doir dasturlar ro`yobga chiqarilayotganini qayd etdi.

EXHT DIIHB ekspertlari barcha siyosiy partiyalar O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o`z nomzodlarini ko`rsatganini, shuningdek bo`lajak saylovda faol ishtirok etishga shayligini bildirganini ta`kidladilar.

Saylov kampaniyasini moliyalashtirish “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi Qonunga va MSK qarorlariga muvofiq amalga oshirilayotganligiga e`tibor qaratildi. Ushbu hujjatlarda saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun har bir siyosiy partiyaning byudjetini 1 mlrd. o`zbek so`migacha ko`paytirishni, shuningdek siyosiy partiyalar tomonidan saylov yakunlari bo`yicha bir oy davomida o`z veb-saytida va o`z bosma organi sahifalarida pul mablag`lari sarf-xarajatlari to`g`risida hisobot chop etish majburiyati nazarda tutilgan.

Shuningdek Ehtiyojlarni baholash missiyasi hisobotida O`zbekistonda 1472 ta ommaviy axborot  vositasi faoliyat ko`rsatayotgani, shundan 60 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari ekanligi, siyosiy jihatdan muhim axborotni tarqatish vositasi sifatida, ayniqsa shaharlarda internet va ijtimoiy tarmoqlardan, xususan “feysbuk” hamda “yutub”dan tobora ko`p foydalanilayotganligi ta`kidlanmoqda. Nomzodlar va ularning ishonchli vakillari o`rtasida tematik tok-shou va debatlar, shuningdek saylov mavzusi bo`yicha turli dasturlar tashkil etish borasidagi davlat televideniesi va xususiy telekanallarning rejalari qayd etilmoqda. 

Fuqarolarning saylov huquqlari buzilganligi ustidan qilingan shikoyatlarning saylov komissiyalari tomonidan ko`rib chiqish muddatlari qisqartirilganligi ijobiy qadam sifatida tilga olinmoqda. Jumladan, shikoyat kelib tushgandan boshlab uch kun ichida, agar saylovga olti kundan kamroq vaqt qolgan bo`lsa – darhol ko`rib chiqilishi lozim. Boz ustiga saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ana shunday muddatda sudga shikoyat qilish mumkin.

Siyosiy partiyalar saylov uchastkalarida ovozlarni hisoblashda ishtirok etish huquqiga ega bo`lgan o`z vakillarini, shu jumladan kuzatuvchilarini tayinlashi, shuningdek saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan MSK majlislarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtirok etish huquqiga ega ekanligi qonun hujjatlarida mustahkamlab qo`yilganligi ekspertlarning hisobotida ta`kidlanmoqda.

Bayon etilganlarga asoslanib, shuningdek O`zbekiston hokimiyati idoralari xalqaro standartlariga muvofiq butun saylov jarayoni transparentligini ta`minlashga tayyorligini e`tiborga olib, Ehtiyojlarni baholash missiyasi o`z hisobotida EXHT DIIHBga Saylovni kuzatish bo`yicha to`laqonli missiya yuborishni va uning zimmasiga quyidagilarni kuzatib borish vazifalarini yuklashni taklif qildi:

– qonun hujjatlariga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarning amalda ro`yobga chiqarilishi;

– saylovoldi tashviqotining o`tkazilishi;

– saylovchilarning ro`yxatga olinishi;

– ommaviy axborot vositalarida saylov jarayonining yoritib borilishi;

– barcha darajalardagi saylov komissiyalari faoliyatining, shu jumladan ovoz berish kuni qoidabuzarlikka yo`l qo`ymaslik borasidagi faoliyatining tashkil etilganligi.

Saylovni kuzatish missiyasi – asosiy guruh, 28 kishidan iborat uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek 250 kishidan iborat qisqa muddatli kuzatuvchilardan iborat tarkibda tuzish taklif etilmoqda. Ular ovoz berish kuni saylov uchastkalarida tizimli kuzatuvni amalga oshiradi.

MSK matbuot xizmatida ma`lum qilganidek, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroiya qo`mitasi, Islom hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlar, shuningdek Evropa, Amerika, Osiyo, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va MDH mamlakatlari parlamentlarining, saylov organlarining ko`p sonli vakillari hamda boshqa ekspertlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Xasan Ilxomov,

Mustakil siesatshunos

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!