Tilla va kumush taqinchoqlar: qay birining organizmga ta`siri qanday?

12:26, 22 oktabr

Yaqin kunlarda tilla yoki kumushdan ishlangan biror taqinchoq xarid qilishni rejalashtirgan bo`lsangiz, ko`rinishiyu sifatiga mahliyo bo`lishdan avval organizmingiz uchun qanday ta`sir etishi haqida ham bir o`ylab ko`ring. Zotan, bu ikkala metall hammaga ham birdek ma`qul kelavermaydi. Demak, xariddan avval organizmingizdagi qaysi holatlarga e`tibor qaratish kerakligi bilan tanishing.

Tortinchoqmisiz? Tilla taqing!

Tortinchoq, tez til topishib ketolmaydiganlarga tilla taqish tavsiya etiladi. Qolaversa, muntazam biror tilla taqinchoqdan foydalanganda asab tizimi faoliyati me`yorlashib, xotira tetiklasharkan. Shuningdek, quyidagi kasalliklar yoki ularga moyillik bo`lsa, tilla taqinchoq taqish foydali:

·                   bo`g`imlar, umurtqa pog`onasidagi o`zgarishlarda;

·                   yurak-qon tomir tizimi kasalliklari;

·                   peshob ajratish tizimi xastaliklari;

·                   ayollar jinsiy a`zolari kasalliklari;

·                   ovqat hazm qilish tizimi xastaliklari.

Kimlarga mumkin emas?

Asosan allergik toshmalarga moyilligi borlar yoki tilla metalliga alohida ta`sirchanligi bo`lganlarga tilla taqish tavsiya etilmaydi. Agar tilla taqinchoq sizga to`g`ri kelmasa, teri ustki qavatida mayda qizil toshmalar paydo bo`ladi.

Erkaklarga tavsiya etilmaydi!

Erkaklar uchun tilla taqinchoqlar taqish ma`n etilganligi ayrim diniy adabiyotlar keltirilgan. Tibbiyotda ham muntazam tilla taqinchoq, deylik, uzuk taqish erkaklardagi jinsiy bezlar faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkinligi takidlangan. Sababi mazkur metall vaqt o`tishi bilan oksidlanib, kimyoviy jarayonlarga uchraydi. Bu esa erkaklar jinsiy faoliyatining izdan chiqishi va pasayishiga olib kelishi mumkin. Ayollar organizmi gormonlar hisobiga bu kabi jarayonlarga chidamli bo`ladi. Shu sababli oksidlanish holatlari ham u qadar xavf solmaydi.

Ta`sirchanmisiz? Kumush taqing!

Kumush metalining o`ziga xos injiqliklari bor. Ya`ni kumushdan ishlangan taqinchoqlar faqat o`z egasi uchungina xizmat qilib, boshqa qo`lga o`tishni yoqtirmaydi. Kumush foydali xususiyatiga ko`ra, organizmning immun tizimini mustahkamlab, bakteriya va infeksiyalarga chidamlilikni oshiradi. Shuningdek:

  •  bosh og`riqlari;
  • zo`riqish;
  • depressiya;
  • surunkali shamollash;
  • asab qo`zg`alishlarida davolovchi ta`sirga ega. Ko`p diqqatni talab qiluvchi mehnat faoliyati bilan shug`ullansangiz, tanangizga xotirjamlik baxsh etish va asablaringizni tinchlantirish uchun albatta kumushdan ishlangan taqinchoq taqqan ma`qul.

Kimga tavsiya etilmaydi?

Kumush taqinchoq taqqaningizdan so`ng tez-tez boshingiz og`risa, engil bosh og`rig`i bezovta qilsa, tushunarsiz lanjlik va taqinchoq taqilgan sohada noaniq og`riq kuzatilsa, bilingki, bu metall organizmingizga to`g`ri kelmagan. Bu metalda insonni fe`liga ko`ra ajratish xususiyati bor. Agar fe`lingiz og`ir, tajang bo`lsangiz, u sizni xushlamaydi. Shuningdek, gipertoniya kasalligiga chalinganlarga ham kumushdan ishlangan taqinchoqlar tavsiya etilmaydi.

Erkaklarga-chi?

Umumiy quvvatni me`yorlashtirish, immunitetni oshirish va asabiylikni engishda kumushdan ishlangan uzuklardan foydalanish tavsiya etiladi. Ammo har bir organizmning o`ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, kumush metaliga o`ta ta`sirchanlik mavjud bo`lsa, to`g`ri kelmasligi mumkin.

Kumush qoraysa…

Bu metall tarkibida rux moddasi bo`lib, tashqi muhit, namlik, havo harorati ta`sirida ba`zan rangi qorayadi. Shuningdek, organizmda biror kasallik alomatlari boshlanayotganda ham kumush o`z rangini o`zgartirishi mumkin. Agar kumush taqinchoqlaringizdan faqat birining rangi qoraysa, bu gormonal o`zgarishlar (homiladorlikda ko`p kuzatiladi), jigar faoliyati, kuchli hayajon, stress yoki kuchli ta`sirga ega antibiotiklar qabul qilish bilan bog`liq bo`lishi mumkinligiga ahamiyat bering.

Tilla va kumushni birga taqish mumkinmi?

Har bir metallning faqat o`zigagina tegishli bo`lgan bioquvvati bo`lib, ular birga taqilganda bir-biriga to`g`ri kelmasligi mumkin. Xususan, kumush organizmni tinchlantirib, asab qo`zg`alishlarini me`yorlashtirsa, tilla aksincha, faollikni oshiradi. Shunga ko`ra, ikkisini birga taqish tavsiya etilmaydi. Yo`qsa, organizmingiz qay biriga moslashishni bilmay, turli holatlar kelib chiqishi mumkin.

Tibbiyot fanlari doktori Nizom ERMATOV tavsiyalari asosida Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!